Quyon yetishtirish jarayonida vitamin komplekslarning o‘rni

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistranti Dilnavoz Abdurahmonova “Quyonlar ratsioniga dekovit vitamin kompleksini ta’sir ettirishning fiziologik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Shu kunga qadar tadqiqot mavzusi bo‘yicha 5 dan ortiq maqolalar chop ettirgan. Ilmiy rahbari odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi dotsenti Bahriddin Bozorov.
– Hozirgi kunda O‘zbekiston sharoitida quyonchilikni keng rivojlantirish uchun jamoa va davlat xo‘jaliklari bir qator imkoniyatlarga ega, - deydi tadqiqotchi Dilnavoz Abdurahmonova. - Bu vazifalarni amalga oshirishda quyonchilik bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarning ahamiyati kattadir. Olib borgan kuzatishlarimiz shunday xulosaga olib keldiki, hozirgi vaqtda tashkil etilgan quyonchilikni rivojlantirish xo‘jaliklari zamon talabida emas. Shuningdek, quyonlarni tez yetiltirish uchun kuzatish va tajriba ishlari amalga oshirilishini keng yo‘lga qo‘yish dolzarb masala hisoblanadi. Tadqiqotimning maqsadi quyonlar ratsioniga dekovit vitamin kompleksini kiritish orqali fiziologik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlarning o‘zgarishini o‘rganishdan va tahlil qilishdan iborat. Tadqiqot obyekti sifatida quyonning shenshella turidan foydalandim. Bunda quyon organizmiga dekovit vitamin kompleksining ta’siri tufayli yuz beradigan gemotologik va biokimyoviy o‘zgarishlar, bu o‘zgarishlarning quyonlarning yashovchanligi va mahsuldorligiga ta’siriga oid masalalarni o‘rganmoqdaman.
Quyon tovushqonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon bo‘lib, yer yuzining barcha mintaqasida tarqalgan. Hozirgacha fanga uning 50 dan ortiq turi ma’lum. Quyonlar odatda go‘shti va terisi uchun boqiladi. Quyon go‘shti parhezbop mahsulot bo‘lib, ortiqcha vazndan aziyat chekuvchi bemorlar uchun foydali. Go‘shtning biologik qiymati, yumshoqligi hamda yog‘ va xolesterin moddasi kamligi hisobga olinib, tibbiyotda allergiya, gipertoniya, oshqozon-ichak, me’da, o‘t-pufak, jigar kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Quyon momig‘idan tayyorlangan ashyolar davolovchi xususiyatga ega bo‘lib, nevrologiya, radikulit bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya yetiladi. Quyon momig‘i issiqni saqlash xususiyati jihatidan qo‘y junidan 10 barobar ustun turadi. Quyonlar tez ko‘payadi, sog‘lom urg‘ochi quyonlar yiliga 300 kg dan ortiq go‘sht beradi. Bundan tashqari quyon boshqa uy hayvonlariga nisbatan sermahsuldir. Bitta quyon beradigan o‘rtacha go‘shtning har yarim kilogrammiga 2 kg ozuqa to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich mollarda 3,5 kilogrammni tashkil etadi. Tadqiqot yo‘nalishiga ko‘ra quyon yetishtirishda dekovit vitaminlar kompleksidan foydalanish orqali quyonning go‘sht berishga tayyor bo‘lish davrini qisqartirish hamda tez muddat ichida yetiltirish mumkin. Vitamin kompleks quyonlar immuniteti, kasalliklarga chidamlilik xususiyatini shakllantirgan holda, ularning vaznini samarali oshiradi. Normal sharoitda bir dona quyonning yetilib, go‘sht berishga tayyor bo‘lish davri 60-90 kunni tashkil etadi. Vitamin kompleks bilan parvarishlangan quyonlar o‘rtacha 30 kunda go‘sht berish uchun tayyor bo‘ladi. Dekovit vitaminlarning quyon yetishtirishdagi ahamiyati shuning uchun ham muhimdir.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.