Sulton bo‘lsa-da talabalarga dars bergan olim yoxud Mirzo Ulug’bek haqida 11 fakt
Buyuk Sohibqiron Amir Temurning nabirasi, atoqli davlat arbobi, matematik va astronom olim Mirzo Ulug’bek haqida siz bilgan va bilmagan 11 fakt.
1. Ulug’bekning tug’ilishi ko’plab insonlarning hayotini saqlab qolgan
Amir Temur 1394-yilda Iroqdagi Mordin qalʼasini qamal qiladi. Shu vaqtda Sohibqironning Sultoniyadagi qarorgohida Ulugʻbek tugʻiladi. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulugʻbekning tugʻilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor boʻlishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qalʼasi qamalini toʻxtatib, uning xalqiga yuklangan toʻlovni bekor qiladi.
2. 15 yoshida bobosi Amir Temurning taxtiga o’tirgan
Xuroson hokimi, Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli Shohrux 1409-yilda Temuriylar davlatining oliy hukmdori sifatida eʼtirof etilgach, qoʻlga kiritilgan Movarounnahrni idora etishni Turkiston viloyati bilan birga Ulugʻbekka topshirib, Sohibqiron vasiyatini qayta tikladi. Oʻsmir yoshdagi Ulugʻbek bu hududlarni dastlab Shohmalik yordamida boshqargan boʻlsa, 19 yoshidan Movarounnahrni mustaqil idora etishga kirishdi. Ulugʻbek oʻz hukmronligi davomida 2 marta yirik harbiy yurish qildi.
3. Harbiy strategiyalardan mohirona foydalana olgan
Mirzo Ulugʻbek 1425-yili oʻzining Moʻgʻulistonga qilgan birinchi yirik harbiy yurishi chogʻida qoʻshin miqdori haqida dushman notoʻgʻri tasavvurga ega boʻlishi uchun har bir jangchisiga tunda besh yerda gulxan yoqishni amir qilgan. Ulugʻbek qoʻllagan bu usul harbiy sanʼatda argʻay oʻt (moʻgʻulcha argʻa – aldash, turkcha – oʻt, olov) deb nomlanadi. U dushmanni chalgʻitish maqsadida qoʻshin miqdorini boʻrttirib, koʻpaytirib koʻrsatish uchun ishlatiladi. Yurish Ulugʻbek gʻalabasi bilan tugagan.
4. Bobosining sag’anasiga nefrit qabrtosh qo’ydirgan
Samarqanddagi Goʻri Amir maqbarasiga Temuriylar sulolasiga mansub kishilar dafn etilgan. Ziyoratxona yuqorisi (toʻri)da Temurning piri Mir Sayyid Baraka, uning qabri oyoq tomoniga Amir Temur dafn qilingan. Temur sagʻanasiga qoʻyilgan koʻk nefrit qabrtoshini Ulugʻbek Moʻgʻulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Temurni ulugʻlaydigan soʻzlar, uning shajarasi hamda marsiyalar oʻymakori yozuvlarda bitilgan. Keyinchalik Ulugʻbekning oʻzi ham shu yerga dafn etilgan.
5. Bibixonim jome’ masjidiga ulkan lavh o’rnattirgan
Amir Temurning katta xotini Bibixonim oʻzi farzand koʻrmagan boʻlsa-da, Sohibqiron oʻz nabiralari qatori Ulugʻbekni ham bevosita zukko Bibixonim tarbiyasiga topshirgan edi.Samarqandda Amir Temur Bibixonimga atab qurdirgan Bibixonim jomeʼ masjidi mavjud.
Masjid hovlisi oʻrtasida marmartoshdan yasalgan ulkan lavh – Qurʼon oʻqiladigan maxsus kursi boʻlib, u dastlab asosiy bino ichida turgan (1875-yilda katta gumbazning qulashidan xavflanib, hovli oʻrtasiga chiqarib qoʻyilgan).
Lavh Ulugʻbek farmoniga binoan XV asr oʻrtalarida yasalgan. Unga “Sultoni azim, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Xanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton, ibni sulton, amiri moʻminin Ulugʻbek Koʻragon”, deb bitilgan.
6. Sulton bo‘lsa-da, talabalarga dars bergan
Ulugʻbek Samarqandda ikkita madrasa: biri Registon ansambli tarkibida va ikkinchisi Goʻri Amir ansambli tarkibida barpo etgan. Boshqa yirik olimlar qatorida Ulugʻbekning oʻzi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba maʼruza oʻqigan.
Boshqa vaqtini koʻproq astronomik kuzatishlarga, “Zij” ustida ishlashga va davlat ishlariga bagʻishlagan. Yaqin yillargacha u faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin XX asr oxirida uning ijodi serqirra oʻlib, u tarix, sheʼriyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi. Ulugʻbek sheʼrlar ham yozgan.
7. Ulug’bekning ulkan globusi va 50 metrli quyosh soati bo‘lgan
XV asrda Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek qurdirgan rasadxonada kattagina globus boʻlgan. Unda iqlimlarning chegaralari, togʻlar, choʻllar, dengizlar va daryolar koʻrsatilgan. Binobarin, dunyodagi ikkinchi globusni Samarqand astronomlari yasashgan. Ulugʻbekning oʻlimidan keyin u mutaassiblar tomonidan yoʻqotilgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ulugʻbek Samarqandda balandligi 50 metrli quyosh soati yasagan. Ushbu noyob soat ham saqlanib qolmagan.
8. Ulug’bekning dastxati bizgacha yetib kelgan
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida Mirzo Ulugʻbekning Samarqandlik xattot Azizullo tomonidan nasx xatida taxminan 1439-yilda, Ulugʻbek 45 yoshda boʻlganida koʻchirilgan “Ziji Koʻragoniy”si saqlanmoqda. Qoʻlyozma sahifalarida Ulugʻbekning tuzatishlari ham bor. Ushbu tuzatishlar uning dastxati, yozuvi haqida maʼlumot beradi.
9. Samarqandda chinnidan saroy qurdirgan
XV asrning 40-yillarida Ulugʻbek Samarqandning Choʻponota tepaligida, Ulugʻbek rasadxonasiga yaqin joyda saroy bunyod ettirgan. Uning devorlari chinni bilan qoplangani uchun ham Chinnixona deb atalgan.
Ulugʻbek va boshqa olimlar shu yerda samoviy kuzatuv, ilmiy tadqiqotlardan soʻng hordiq chiqarishgan. Chinnixonaning koʻshkida rangli shishalar ishlatilgan. Arxeologik qazishmalar jarayonida Chinnixonadan topilgan tosh taxtachalardan biriga “baxtli boʻl” yozuvi borligi aniqlangan.
10. Padarkush o’g’il otasi umrining yarmini ham yashay olmagan
Ulugʻbek oʻzining oʻjar, xudbin va shuhratparast oʻgʻli Abdullatifning roziligi bilan 1449-yil 27-oktyabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida qatl etilgan. Otasi taxtini egallagan Abdullatif ham olti oylik hukmronligidan soʻng, Ulugʻbekning xos navkarlaridan Bobo Husayn Bahodir tomonidan 1450-yil 8-mayda, 27 yoshida oʻldirilgan.
11. Ulug’bekning xazinasini uning shogirdi saqlab qolgan
Samarqandlik olim, Mirzo Ulugʻbekning yaqin shogirdi Ali Qushchining otasi Amir Temur qarorgohining boshligʻi boʻlgan. Ulugʻbek saroyida qarchigʻaylar boqqani uchun Alini “Qushchi” deyishgan. Ali Qushchini Mirzo Ulugʻbek “Ziji Koʻragoniy”ning soʻzboshisida “farzandi arjumand”, yaʼni “aziz farzandim” deb atagan.
Ulugʻbek vafotidan soʻng uning Samarqanddagi 15 ming kitobdan iborat mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani “oʻz davrining Ptolomeyi” nomini olgan Ali Qushchi saqlab qolgan, degan taxminlar bor. Rivoyatlarga qaraganda kutubxonadagi kitoblarning koʻp qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir qishlogʻiga koʻchirgan. Koʻp oʻtmay, taʼqiblardan qochib Samarqanddan chiqib ketishga majbur boʻlgan.