Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti magistri Nurxon Siddiqova “Eron va AQSH ziddiyati: kecha va bugun” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.  Tadqiqotchining mazkur mavzu bo‘yicha bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan.

    – Amerika Qo’shma Shtatlari va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar 65 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda, - deydi Nurxon Siddiqova. -  Albatta, bu kabi mintaqaviy va xalqaro muammolar dunyoning barcha hududlarida yetarlicha uchrab turadi. Har ikki mamlakat bugungi kunda dunyo va mintaqada o‘zining o‘rniga  ega. AQSHning Eron bilan munosabatlari kvazistatsionar xususiyatga ega. AQSHning Eronga ta’sirini kuchaytirish mexanizmlari qiziqish uyg‘otadi. So‘nggi yillarda, Yevropa davlatlarining Eron muammosini hal qilish bo‘yicha pozitsiyasi AQShga sezilarli ta’sir o‘tkaza boshladi. Buning sharofati bilan bugungi kunda Eron atrofidagi vaziyatni siyosiy muvozanat holati sifatida tavsiflash mumkin.  AQSHni Eron inqirozidan ma’lum darajada orqaga chekinishga majburlayotgan yangi subyektiv omil - Markaziy Osiyo hududidagi vaziyat. AQSH va unga ittifoqchi sifatida Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar Eronga qarshi, uning yadro va raketalar dasturiga qarshi chiqishmoqda.

    AQSH va Eron munosabatlari mavzusi bugungi kundagi eng dolzarb va ta’bir joiz bo‘lsa, dunyoning yangi qiyofasini belgilashga alohida hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan muammolardan biridir. Sababi, ikki mamlakatning dushmanlikka barham berishi va hamkorlikni yana yo‘lga qo‘yishi sabab Yaqin va O‘rta Sharq hamda mintaqaga qo‘shni bo‘lgan Markaziy Osiyo, Kavkazorti kabi hududlarda ham tinchlik o‘rnatilishi mumkin. Shu bilan birga, mintaqa hamda unga qo‘shni hududlarda savdo-iqtisodiy aloqalar yanada jonlanib ketadi, qurollanish uchun ajaratilayotgan mablag‘larning miqdori sezilarli ravishda kamayadi. Bu esa butun mintaqa va unga hamohang ravishda dunyodagi vaziyatning yaxshilanishiga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Yuqoridagi ziddiyatlarning barham topishi natijasida qo‘shni mamlakatlarning aloqalari ham dushmanlikdan hamkorlikka tomon o‘zgarishi va tinchlikning barqaror asoslari vujudga kelishi mumkin.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.