Bombey texnologiya universiteti professori Aziziddin Xon Samarqand davlat universiteti talabalariga dars berish uchun universitetimizda 1 oy davomida xizmat safarida bo‘ldi...

    Ayni kunlarda o‘z faoliyatini yakunlab, Hindistonga qaytgan olim bilan SamDU Axborot xizmati xodimi bog‘lanib, uning Samarqand davlat universitetidan olgan taassurotlari, fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

    - Bu safar men Samarqandga ikkinchi marta tashrif buyurdim, - deydi Aziziddin Xon. - Ilk marta bu jannatmakon o‘lkaga 2018-yilda kelgan edim. Albatta, Bularning ikkalasi ham universitetlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan professor-o‘qituvchilarning almashinuv dasturi doirasida amalga oshirildi.

    4 yil ichida Samarqand davlat universitetida juda katta o‘zgarishlar bo‘libdi. Ayniqsa, talabalarning o‘qishiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayganligini e’tirof etish lozim. Umuman olganda, O‘zbekistonda ilm-fan va yoshlarga qilinayotgan bunday g‘amxo‘rlik O‘zbekiston kelajagining eng muhim asoslaridan biri, deb bilaman. Axir taniqli, xitoylik qomusiy olim Konfutsiy “Agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek, o‘n yil boqmoqchi bo‘lsang, daraxt ek, agar asrlar davomida boqmoqchi bo‘lsang, bilim ek, ilm ek”, - deb bejiz aytmagan.

    Men talabalarga psixologiya fanidan dars berdim. O‘zbek yoshlarining ko‘pchiligida hozirgi kunda pul topishdan ko‘ra, ilm olishga bo‘lgan intilish kuchli. Chunki ular kelgusida bu ilmning bahosi baland bo‘lishini hozirdan chuqur anglab yetishgan.

    Talabalar o‘z ustida ko‘proq izlanish olib borishi kerak, deb o‘ylayman. Ularning fikrlarini eshitib, doimiy qo‘llab-quvvatlab turish ularga beriladigan eng muhim motivatsiyalardan biridir. Ayniqsa, chet tillarini bilish juda ham muhim. SamDU talabalarining ingliz tilini bilish darajasini yaxshi deb baholayman. Har kuni talabalarning chet tili bo‘yicha xalqaro sertifikat olganliklarini saytlaringizda kuzatib boryapmiz. Bu yoshlarga ta’lim uchun ajratilgan xalqaro grantlar yutish imkoniyatini ham kengaytiradi.

    Shuningdek, men SamDU o‘qituvchilariga psixologiya fanini o‘qitishning xalqaro metodlari haqida seminar o‘tdim. Bu seminarimiz ham ikki tomonlama manfaatli bo‘ldi. Biz psixologiya kafedrasi o‘qituvchilari bilan hamkorlikda yangi ilmiy maqolalar va darsliklar yozishga kelishib oldik va bu boradagi dastlabki qadamlarni tashlashga ulgurdik.

    Men O‘zbekistonga kelib bildimki, Samarqand bu yurtning eng go‘zal go‘shalaridan biri ekan. Odamlari samimiy va mehmondo‘st. Zahiriddin Muhammad Bobur bekorga Samarqand deb bunchalik kuymaganligini endi tushundim. Samarqandda yashash juda ham qulay. Havosi toza, musaffo. Ayniqsa, bu yerda palov, shashlik va lag‘monni juda ham yaxshi tayyorlashar ekan.

    O‘ylaymanki, biz ikki universitet hamkorligi doirasida hali yana ko‘plab ilmiy loyihalarni amalga oshiramiz. Bunda professor-o‘qituvchilar va talabalarning almashinuvi, albatta, muhim bo‘ladi. Samarqand davlat universiteti bizning eng yaqin hamkorlarimizdan biriga aylanishiga ishonaman.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan surat.