Sug‘d konfederatsiyasi tarixiga bevosita aloqador manbalarni aniqlash va ma’lumotlarning ishonchlilik darajasini belgilashda ularning qanday muhitda yaratilganligi ham muhimdir. Sug‘d konfederatsiyasi tarixiga oid nisbatan keng ma’lumot keltirilgan sug‘diy, xitoy, arab-fors, qadimgi turkiy tilidagi manbalar tahliliga bag‘ishlangan bir qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. Boshqa tillar, xususan, baqtriy (“Baqtriya” iborasi geografik ma’noni ifodalash uchun ishlatilgan. Geografik ma’nodan farqli bo‘lishi uchun yozuv va tilni ifodalash maqsadida “baqtriy” atamasini ishlatish ma’qul deb topildi) tilidagi manbalar tahlili tadqiqotchilar nazaridan birmuncha chetda qolgan. Ushbu manbalarni tadqiq etish Sug‘d konfederatsiyasi tarixining ba’zi xususiyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Chunki shu asosda Sug‘d tarixining birlamchi va yordamchi manbalari aniqlanadi hamda ma’lumotlarning real tarixiy jarayonlarga bog‘liqligi qay darajada ekanligi o‘z aksini topadi. Qolaversa‚ turli tillardagi manbalar mualliflarning u yoki bu jihatdan (masalan, etnik yoki siyosiy jihatdan) mansubligi tarixiy jarayonlarni qanchalik darajada xolis aks ettirilganligini aniqlashda muhim omil sanaladi. Sug‘d konfederatsiyasi tarixining ba’zi qirralari aks ettirilgan baqtriy tillardagi manbalarning rus tilidagi nashrlari asosida muammoni tadqiq etishga harakat qilish ham muhim hisoblanib, ushbu manbalarda Sug‘d konfederatsiyasi tarixiga maxsus bob yoki bo‘lim ajratilmagan bo‘lsa-da, ulardan muammoning ba’zi qirralarini yoritishda unumli foydalanish mumkin. Baqtriy tili va ushbu til asosidagi yunon yozuvi (keyinchalik mil. avv. II-I asrlarda yunon alifbosi asosida baqtriyaliklar o‘z yozuvlarini ishlab chiqqanlar), sug‘diy til tarqalgan hududga qo‘shni bo‘lgan mintaqalardan biri hisoblanadi. Geografik joylashuviga ko‘ra, Sug‘dning janubiy hududlari ilk o‘rta asrlarda Toxariston (tarixiy Baqtriya) bilan chegaradosh bo‘lib, ushbu mintaqalar tarixi bir-biri bilan bog‘liq. Ammo Sug‘d tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlar ko‘pgina baqtriy manbalarda uchramaydi. Masalan, 1905-yil A. fon Le Kok tomonidan Tuyok daryosi (Turfon / Sharqiy Turkiston) vohasidan topilgan “Berlin eftalit parchalari” deb nomlanuvchi baqtriycha hujjatlar, Andre Marik tomonidan 1957 – 1959-yillarda Surx-Kotaldan topilgan kushonlar davriga oid baqtriycha diniy hujjatlar, 1962-yil Eski Termizning Qoratepa ibodatxonasi xarobalaridan topilgan diniy mazmundagi hujjatlar, sovet-afg‘on ekspeditsiyasi tomonidan 1973 – 1974-yilda Shimoliy Afg‘onistondagi Dilberjin shahar xarobasidan topilgan baqtriycha yozuv mashqi namunalarida Sug‘d konfederatsiyasi xususidagi ma’lumotlar uchramaydi. Ularning aksariyati diniy mazmunda. Tarixiy Toxariston hududidan XX asrning 90-yillari davomida topilgan baqtriy tilidagi, mutaxassislar tomonidan asosan milodiy III-VII asrlarga oid deb taxmin qilingan hujjatlarning topilishi muhim voqea bo‘ldi. Eronshunos N. SimsVillyams tomonidan o‘rganilgan mazkur manbalar‚ asosan ingliz, qisman rus tillariga tarjima qilingan baqtriy hujjatlari boshqa tillarga to‘liq tarjima qilinmagan. Baqtriy tilli hujjatlarning ingliz tili tarjimalarining ayrimlari o‘zbek tilida ham e’lon qilindi. Mutaxassislar mazkur baqtriy hujjatlar 639, 678, 681, 702-yillarda tuzilganligini keltirib o‘tishadi. Hujjatlar oldi-sotdi, ijaraga berish, majburiyat, kafolat xati kabi huquqiy masalalarni qamrab olgan. Baqtriy tilli hujjatlarning tuzulishi ham Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlariga o‘xshashligi bilan diqqatni tortadi. Ularda ham hujjatning kirish formulasi, maqsadi, hujjat tuzilganda guvohlik qilganlar, tuzilgan sanasi kabi tarkibiy qismlari mavjud. Balki, xoqonlik tasarrufidagi devon va mahkama ishlarining bir xilda yuritilishi markaziy hokimiyat tomonidan nazorat qilinganidir. Baqtriya hujjatlaridan Sug‘d konfederatsiyasi hukmdorlari unvoni bilan aloqador ba’zi ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, hujjatlarda keltirilgan xar yoki xār unvoni qadimgi eroniy tildagi xšāθriya – “hukmdor” ma’nosini berib, sug‘diy tilda [әxšēθ] deb talaffuz etiladigan “ixshid” so‘ziga o‘xshash. Bu ikki atama yozilishiga qaramay, bir xil ma’no anglatish uchun ishlatilganligi tarixiy haqiqatga to‘g‘ri keladi. Ushbu masalada olimlarning ham fikri bir joydan chiqqan. Masalan, M.Is’hoqovning fikriga ko‘ra, ilk o‘rta asrlarda Toxariston hukmdorlari unvoni sifatida ixrid deb tushunib kelingan unvon paleografik jihatdan manbalarda chindan ham shunday o‘qiladi. Biroq, bu unvonning tarkibidagi -r- harfi Janubiy Sug‘d mintaqasida -sh- deb o‘qilishi lozim. Bunday noyob paleografik hodisa Janubiy Sug‘dga qo‘shni Toxariston (Baqtriya)da amal qilgan yunon-baqtriy yozuvidagi me’yor ta’sirida yuzaga kelgan. Baqtriy yunon yozuvida resh harfi shin uchun ishlatilgan. Buning fonologik ma’nosi ushbu tovushlarning o‘zgarishi o‘rni birligi, talaffuzda esa, biri tor oraliq shovqinli, ikkinchisining talaffuzi titroqligi bilan belgilanadi. Baqtriy yunon yozuvida esa shin uchun resh dan foydalanish kabi qabul qilingan paleografik usul bir muddat “milliy” sug‘diy yozuvning janubiy mintaqa amaliyotiga ta’sir qilgan ko‘rinadi. Biroq, bu amaliyot keng tarqalmagan. Shu sababli, ixrid atamasi tarixan ixshid atamasining mahalliy varianti deb hisoblanishi lozim. Baqtriya hujjatlarida bir necha mahalliy hukmdorlarga Turk xoqonlari tomonidan unvonlar taqdim qilinishi bilan bog‘liq ma’lumotlar o‘rin olgan. Ushbu hujjatlarda Turk xoqonlari tomonidan xoqonlik tasarrufida bo‘lgan hukmdorlarga taqdim qilingan eltabar unvoni‚ bundan tashqari, xoqonlikning joylardagi nazoratchi noiblari bo‘lgan tudun kabi, xoqon, tarxon va boshqa o‘nlab qadimgi turkiycha unvonlar aks etgan. Manbada ushbu unvonlarning xoqonlik boshqaruvida ishlatilganligi tilga olinadi. Bu esa mazkur unvonlarning Sug‘d konfederatsiyasi tarixi bilan bog‘liqligi masalasini kuchaytiradi. Baqtriy tilida yozilgan bir necha hujjatlar Sug‘dning o‘zidan ham topilgan. Xususan, Panjikent xarobalaridan yorliq va bir qancha sopol parchalarda bitilgan so‘zlar, Afrosiyob devoriy suratlaridagi baqtriycha yozuv namunalari topib o‘rganilgan. Mazkur baqtriycha manbalarning aksariyat qismi xo‘jalik va oldi-sotdi mazmunida bo‘lib, ularda faqat konfederatsiya tarixini yoritishda yordamchi ma’lumot sifatida foydalanish mumkin. Xullas, Sug‘d tarixi aloqador baqtriy tilidagi yozma yodgorliklarning manbashunoslikdagi ahamiyati yuqori. Ularning mualliflari voqealar jarayonini yoritish asnosida Eftaliylar, Turk xoqonligi kabi davlatlarning tasarrufida bo‘lgan xalqlar va mamlakatlarni sanash asnosida Sug‘d tarixiga to‘xtalishgan. Ularda konfederatsiyaning shakllanishi, undagi tanga zarbi, davlat ramzlari kabi asoslar xususida so‘z yuritilmaydi. Baqtriy tilida biror tarixiy asar yetib kelmagan. Baqtriya hujjatlari hali ilmiy jamoatchilikka kam tanish bo‘lib, ularning rus, ingliz va boshqa dunyoviy tillarga to‘liq tarjima qilinishi natijasidagina o‘rganilayotgan muammoning ba’zi xususiyatlarini tadqiq etish mumkin.

 

Dovudxon Ahmadov,

Samarqand davlat universiteti magistri.