Koreya shimol va janubga bo‘linmasidan oldin qanday bo‘lgan yoxud so‘nggi imperiya davrida olib borilgan islohotlar haqida

1897-yilning oktabr oyidan 1910-yil 29-avgust sanasigacha bo‘lgan davr Koreya tarixida “So‘nggi imperiya” davri sifatida ko‘rsatiladi. Albatta, ushbu qisqa tarixiy davr Koreya davlati va koreys xalqi tarixining muhim davrlaridan biri bo‘lib, Choson qirolligida sulola almashinuvi bilan izohlanadi.
Mazkur sulola hokimiyat tepasiga kelishi bilan mamlakatni imperiya deb e’lon qilish barobarida uni “Buyuk Koreya imperiyasi” deb nomlaydi. Imperiya boshqaruvi davrida islohotlar amalga oshirilib, ulardan ko‘zlangan asosiy maqsad Koreyani g‘arblashtirish, mamlakatni zamonaviylashtirish, harbiy, iqtisodiyot, yer egaligi, ta’lim va boshqa barcha sohalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
1905-yilda Yaponiyaning hukmronligining o‘rnatilishi, 1910-yilda esa Yaponiya mamlakat ustidan o‘zining to‘liq nazoratini o‘rnatishi imperiyaning tugatilishi bilan yakunlanadi. XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Uzoq Sharqning deyarli barcha davlatlarida juda jiddiy siyosiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Albatta mazkur o‘zgarishlarda G‘arb davlatlarining o‘rni katta bo‘lib, ularning barchasi Xitoyda ustun mavqega erishish va shu sabab Xitoyning chegara hududlarida mustahkam plasdarmga ega bo‘lish uchun kurashni faollashtirib yuborishgan edi.
Qudratli davlatlarning Koreyaga kirib kelishi va undagi ustunlik uchun kurashlari turli ko‘rinishlarda va usullarda olib borildi. Rossiya Koreya masalasida o‘zining tashqi siyotini qo‘shnichilik nuqtai nazaridan olib borib, ustunlik uchun kurashda Xitoyning imkoniyatlaridan foydalanishga harakat qilgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya va AQSh boshqacha yo‘ldan borishadi. Ular Yaponiyaning qo‘li bilan o‘zlarining Uzoq Sharqdagi mavqeini mustahkamlash va ushlab turishni rejalashtirishdi.
Rossiya o‘zining Koreyadagi missiyasini imkon qadar hukumatdagi o‘ziga hayrihoh bo‘lgan guruxlar yordamida samarali amalga oshirish uchun ularni harbiy jihatdan qo‘llab quvvatlaydi. Ular Kyonbokkundagi qirol saroyini egallash va shu orqali qirolni yaponlar ta’siridan ozod qilishni rejalashtirishadi, ammo reja amalga oshmaydi. Rossiyaning vakili K. I. Veber Koreya hukumati vakillari bilan muzokaralar olib borib, qirol Kochjon Rossiyaning qo‘llashiga va shu orqali Yaponiyaning ta’siridan chiqib ketishni rejalashtiradi.
Rossiyaning yordamida Kochjon darhol erkaklarning sochlarini olib yurishlari to‘g‘risidagi qarorni bekor qiladi. Undan tashqari qirol yaponparast hukumatning a’zolarini qo‘rqitib qo‘yish va o‘z tomoniga o‘tishlarini ta’minlash maqsadida ularning yetakchilarini qatl qilishga buyruq beradi. Hibsga olinganlar orasida Kim Xonchjip, Chon Byonxa, O Yunchjuna kabilar bo‘lib, ulardan tashqari yana ko‘plab yetakchilar Yaponiyaga qochib ketishga ulguradi.
Kochjon Rossiyaning diplomatik qo‘llashi sabab mamlakatda Rossiyaning ustunligini ta’minlash uchun yangi qarorlar chiqara boshladi. Imperator Nikolay II ning 1896-yil 22-24-may kunlari bo‘lib o‘tgan toj kiydirish marosimida ham munosabatlar yaxshiligi sababli Koreyadan Min Yonxvan (1861-1905) boshchiligidagi diplomatik missiya ham ishtirok etadi.
Tantanali marosim yakuniga yetganidan keyin koreyalik delegatlar Sankt-Peterburgdagi muzokaralarda ishtirok etish uchun yana bir necha oy Rossiyada qolishadi. Ular beshta asosiy masalani muhokama qilishadi. 1) Koreyaga rus harbiy mutaxassislarini yuborish; 2) Koreya hukumati tarkibiga rus maslahatchilarini tayinlash; 3) qirolning shaxsiy gvardiyasini boshqarish; 4) Sibir telegraf tarmog‘ini Koreyaning shimolidagi telegraf tarmog‘i bilan birlashtirish va Koreyada yangi telegraf tarmoqlarini qurish; 5) Koreyaga Yaponiya oldidagi 3 million ien miqdoridagi qarzini qaytarish uchun zayom ajratish.
Koreya uchun muzokaralar omadli yakun topgan deb hisoblangan. Sababi Rossiya tomoni faqatgina qirolning shaxsiy gvardiyasi masalasiga ijobiy javob qaytarilgan edi. Boshqa masalalar qisman ochiq qoladi va bu Rossiyaning Yaponiya bilan munosabatlarini yomonlashtirmaslik uchun edi. Shunday bo‘lsada, muzokaralar yakuniga yetganidan keyin darhol Bosh shtab polkovnik D. V. Putyat boshchiligidagi harbiy mutaxassislar guruxini Koreyaga elchilar tarkibida bo‘lgan Min Yonxvan bilan birga yuboradi. Tez orada Koreya armiyasini isloh qilish rejasi tayyor bo‘ladi. 1897-yil Koreyaga Rossiya bojxona boshqarmasi vakili K. A. Alekseev yetib keladi va u tez orada Koreya Moliya vazirining bosh masalahatchisi etib tayinlanadi. 1897-yil dekabarda Rus-Koreys banki tashkil etiladi va u yangi hukumatning moliya sohasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatlashi kerak edi.
Umuman olganda Rossiya Koreyada ustun mavqega erishish uchun kurash olib boradi. 1896-yil 14-may kuni Seulda va shu yilning 9 iyun kuni Moskvada Rossiya va Yaponiya o‘rtasida bir nechta muhim xujjatlar imzolanib, ularda Koreyada har ikkala mamlakatning teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan edi. Aslida bunga yana bir sabab qirol Kochjonning Rossiyaga nisbatan simpatiyasining yuqoriligida edi.
Rossiyadan yuqori darajadagi diplomatik missiya kelganidan va muzokaralar o‘tkazilgandan keyin, qirol o‘zining maslahatchilari va hukumati vakillariga bir necha marta murojaat qiladi va ularda Koreyaning Rossiya, Yaponiya yoki boshqa biror bir G‘arb davlatlari bilan aloqalarini ustun mavqega ko‘tarish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga Koreyada mamlakatni tashqi ta’sirlardan butunlay xoli qilish tarafdorlari ham bo‘lib, ularning yetakchisi AQSh bo‘lib turgan So Chjepxil (1866-1951) hisoblanib, 1884-yil Koreyada davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin AQShga qochib ketib, AQShda Vashington universitetini tamomlab, o‘sha yerda Arstrong familiyali ayolga uylanadi, AQSh fuqaroligini qabul qiladi va Filip Djeyson ismini oladi.
AQSh hukumati qandaydir yo‘llar bilan So Chjepxilni siyosiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab turgan. Bu esa unga 1896-yil 7-aprelda Koreya tarixida birinchi marta koreys tilidagi — «Mustaqillik gazetasi» («Tonnip sinmun») ni tashkil etish imkonini beradi. Gazetaning oxirgi sahifasi ingliz tilida nashr etilib, «Independent» (inglizcha “mustqaqillik”) nomi bilan nomlangan. Ammo koreys tarixshunosligida mazkur gazeta Koreya hukumatining yordami bilan haftada uch marta nashr qilinganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
So Chjepxilning atrofiga o‘nlab koreys yoshlari to‘planadi. Ular ham Koreyadagi ko‘zga ko‘ringan oilalarning farzandlari bo‘lib, ular Koreyani islohotlar va o‘zgarishlar orqali ozod qilish mumkin deb hisoblaganlar. Koreyaning tarixiy adabiyotida So Chjepxilning AQShdan Koreyaga qaytishi bilan bog‘liq bir necha sanalar berilib, ularda: 1894-yil — islohotlar boshlanishi bilan, 1895-yil 26-dekabr va 1896-yil — siyosiy sahnadan qirolicha Min va uning tarafdorlari ketishi bilan.
Koreyalik yana ko‘plab kishilar mamlakatdan tashqarida o‘zlarining faoliyatlarini olib borish bilan birga islohotlarning tarafdorlari edi. ulardan Yun Chxixo (1865-1946), 1881-yil hukumat delegatsiyasi bilan birga Yaponiyaga borgan, keyinroq AQShda ta’lim olib, AQShning Koreyadagi birinchi elchisi bo‘lgan X. Futaga tarjimon sifatida yordam bergan. U ham 1884 yilga davlat to‘ntarishida ishtirok etgan va AQShga ko‘chib ketgan. Li Sanchje (1850-1929), Koreyaning mustaqilligi uchun harakatning eng faol a’zolaridan biri. AQShda diplomatik missiya tarkibida faoliyat ko‘rsatgan. 1890-yillarning oxirlarida juda muhim davlat mansablarida faoliyat ko‘rsatgan.
Ularning faoliyatlari sabab XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Koreyada juda murakkab siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Jamiyat amalda bir necha guruxga parchalanib ketdi. Hukumat tarkibida ham shunga o‘xshash xolatlarni ko‘rish mumkin edi.
Koreyada Yaponiya va Rossiya manfaatlari to‘qnashar ekan qirol Kochjon Koreya tarixida alohida iz qoldirishga harakat qiladi. Bunda u Koreyani mamlakat tarixida birinchi marta imperiya deb e’lon qiladi. O‘zini esa imperator deb e’lon qiladi. Shu bilan bir qatorda Koreyaga yangi nom beradi va bu nom Xitoyning Min sulolasi bergan (Choson — «Tonggi tarovat») nomdan butunlay farq qilishi lozim edi. Kochjon o‘z davlatiga «Buyuk Xan» (Te-xan) nomini berdi. Koreys tilida «Xan» dastlabki uchta koreys protodavlati nomlari bilan bog‘liq edi. Buyuk so‘zi esa Yaponiyaning islohotlardan keyin Buyuk Yaponiya imperiyasi nomlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, Koreyani ham shunday buyuk imperiyaga aylantirishni orzu qilgan.
Koreyaning Xitoy va Yaponiya bilan qo‘shni ekanligini inobatga olgan xolda Kochjon 1897-yil 17-avgustdan yangi hukumat — kvanmuning yangi shiorini e’lon qiladi. Bu yangi shior «Ravshan va jangovor» deb nomlanib, unga ko‘ra yangi tashkil etilgan Koreya qudratli, rivojlangan davlat bo‘lishi lozim edi. Imperator Kochjon boshqaruvi davrida qator islohotlar amalga oshirilib, bir tomondan monarxiyani mustahkamlashga qaratilgan bo‘lsa, boshqa tomondan armiya va butun mamlakatni zamonaviylashtirish maqsad qilingan.
Imperator tojini kiydirish marosimi rasmiy ravishda 1897-yil 12-oktabr kuni amalga oshirilib. Kvanmu islohotlari tarixiy adabiyotlarda ijobiy baholanadi. Islohotlar sabab harbiy tizim joriy qilindi. Quruqlik va harbiy dengiz floti rahbarligini imperatorning o‘zi shaxsan qabul qilib oladi. 1898-yilda zobitlar maktabi tashkil etiladi. Imperator hukumati ta’limning rivojiga, chet tillarini o‘rganish va texnikaning taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, tibbiyot, ichki va tashqi savdo, yangi zavod va fabrikalar, temiryo‘llar qurilishiga homiylik qiladi. Hukumatning ishtiroki va homiyligida Xanson ыnxen («Poytaxt banki») va Texan chxonil’ ыnxen («Buyuk Koreyada Birinchi Samoviy bank») tashkil etiladi. Tibbiyot tizimida butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli emlash ishlari amalga oshiriladi. Yerga egalik munosabatlarida qonunchilik tartiblari birmuncha o‘zgartiriladi. Bu sohadagi qonunlar xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Xorijdagi qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan yutuqlar keng joriy qilina boshladi.
Qudratli G‘arb davlatlari Koreyada o‘zining hukmronligini o‘rnatishlariga va o‘zlariga bo‘ysindirishga harakat qilishlariga qaramasdan Imperator Kochjon mustaqil tashqi siyosat olib borishga harakat qilgan. 1899-yil Xitoy bilan yangi savdo shartnomasi imzolanib, bu shartnoma Koreyaning xalqaro xolatini ma’lum darajada o‘zgartirib yuborgan edi.
1899-yil yangi xujjat imzolanib, u «Buyuk Koreyaning davlat qurilishi» deb nom olgan. Bu xujjat aslida Koreyaning birinchi konstitutsiyasi edi. Shu tariqa Koreya XIX asrning oxirlarida dunyo uchun ochiq, mustaqil mamlakatga aylandi. Mamlakatning barcha sohalarida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va harbiy islohotlar birdek olib borilgan.
Ammo mamlakatning janubiy – sharqiy qismida rivojlanib borayotgan va qudrati ortib borayotgan Yaponiya davlati mavjud bo‘lib, o‘zining tashqi siyosatida bosqinchilik va kolonial siyosatni faol ravishda olib bormoqda edi. Bu esa islohotlarni boshlab yuborgan va zamonaviy davlatga aylanish yo‘lidan borayotgan Buyuk Koreya imperiyasi uchun eng asosiy xavflardan biri edi.
Hasanboy O‘runov,
Samarqand davlat universiteti magistri.