“Dunyoda eng irodali, eng kuchli ayol menman...”

Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasi dotsenti, fizika-matematika fanlari nomzodi Zebiniso Ashurova bilan suhbat
-Ilm sohasini tanlashingizga asosiy sabab nima va hozirgi kunda qaysi mavzuda ilmiy faoliyat olib boryapsiz?
- Ilm sohasini tanlashimga asosiy sabab, avvalo ota-onam. Otam-onam ham SamDUda o‘qishgan. Otam matematika, onam filologiya fakultetini bitirgan. Ikkalasi ham maktabda ishlardi. Mening ota-onam mehrdan, shukrdan, sabrdan yaratilgan shaxslar bo‘lgan. Ularning mehri sabab insonlarga mehr berishni o‘rgandim. Ularning sabri bag‘rikenglikni, keng fe’llikni, ularning shukri har qanday dard, sinov mehmon bo‘lib kelganida, unga chiroyli mezbonlik qilishni o‘rgatdi. Ota-onam dunyoning g‘ami boshlariga qulaganda tog‘dek dardlarni kemirgan, sitamlarni suvdek simirgan inson edi. Ular tufayli menda o‘qituvchilikka havas uyg‘ongan. Shu qiziqish sabab 1974 yilda Samarqand davlat universitetining mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdim. Keyinchalik 1979-1981-yillarda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida funksional analiz kafedrasi tadqiqotchisi sifatida ilmiy faoliyatimni davom ettirdim. Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasi assistenti bo‘lib ishladim. Keyin aspirant bo‘ldim. 1992-yildan beri matematik analiz kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqdaman.
Qisqasini aytsam, har bir insonning jamiyatda tutgan o‘rni birinchi navbatda kelajak avlodga ko‘rsatgan namuna va ibrati bilan o‘lchanadi desam xato bo‘lmaydi. Allohga shukr, 4 farzandning onasi, 12 nevaraning buvisiman. Ikki qizim matematika sohasidan ketgan. Katta qizim, fizika-matematika fanlari nomzodi. Kenja qizim Umida Jo‘rayeva hozirda Samarqand davlat universitetida faoliyat yuritadi.
-Samarqand davlat universiteti bilan bog‘liq xotiralaringizni o‘rtoqlashsangiz.
-Talabalik vaqtlarim to‘garaklar, seminarlar, olimlar bilan uchrashuvlar, qiziqarli bahslar bilan o‘tgan. Abdusamad Abdug‘afforov matematik analiz fanidan birinchi darsdayoq: “Siz talaba bo‘ldingiz, lekin tashqarida qanchadan-qancha bolalar buni faqat orzu qilib qoldi. Qanchalik qiyin ahvolda qolsangiz ham mendan-da qiyin ahvolga tushganlar bor, qanchalik osmonga ko‘tarilsangiz ham mendan-da balandroqqa ko‘tarilganlar bor, deb o‘zingizni tutishni o‘rganing. Talabalik obro‘sini yerga urmaslikka harakat qiling”, deganlari hali-hali yodimda.
Akademik Saidahmad Laqayev, professor Oqnazar Hasanov har bir mavzuni chuqurroq atroflicha , erinmasdan o‘rgatib, bizni yangi bilimlarni egallashga ruhlantirib turishardi. Esimda, bir kuni fizika darsimizga tekshiruvchilar kelishdi. Bizga professor L.Eshqobilov dars o‘tayotgandi. Kelganlardan biri “Qaysi talabangiz hozirning o‘zida laboratoriya ishini yaxshi bajarib, natijani tahlil qilib bera oladi? Agar a’lo bahoga loyiq darajada bajarsa imtihonsiz baho qo‘yib beriladi” deganida o‘qituvchimiz meni ko‘rsatib, “Qani, qo‘rqmay javob ber” degandi. Ustozning menga bildirgan ishonchi sababmi, hayajonlanmasdan, bosiqlik bilan hamma topshiriqlarni bajarib, a’lo baho olganman o‘shanda.
Asta-sekinlik bilan ilm-fan olamiga kirib kelib, universitetda proffesor Sharof Yormuhammedov boshchiligida ilmiy ishlarimni boshladim. 1991-yilda “Fragmen-Lindelef tipidagi teoremalar” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fizika - matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldim. 1997-yilda matematik analiz kafedrasi dotsenti ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldim. 1990-yildan boshlab hozirgacha 100 ortiq ilmiy maqolalar muallifiman. 2013-yilda “Функция Карлемана и задача Коши для полигармонических функций” nomli monografiyam Germaniyaning “LAP Ambert Academic Publishing” nashriyotida chop etildi. Samarkand davlat universiteti nashriyotida 30 dan ortiq o‘quv-qo‘llanmalarim nashr etilgan. Ular bugungi kunda talabalar uchun asosiy o‘quv qo‘llanma sifatida ishlatiladi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning odamiyliklariga ham tahsin aytaman. 60 yillik yubileyimga domlani taklif qilganman. Tadbir bo‘layotgan payt 60 dona chiroyli gullardan yasalgan guldasta olib kelib qo‘limga tutqazishdi. Bilsam, rahbarimiz yuborgan ekan. E’tibordan boshim osmonga yetdi.
-Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?
-Dunyoda eng irodali, eng kuchli ayol menman, degan fikrda yashash.
Oilaning qo‘llab quvvatlashi.
Sabr-qanoat, iymonning butunligi, hayotning barcha sinov-mashaqqatlaridan, yaxshi-yomon kunlaridan har bir yomonlikdan ham yaxshilik qidirib yashash va nodonlar ustidan kengfe’llik bilan donolik qila olish.
-Ham ilmga, ham hayotdagi ayollik vazifalari: uy, oila, farzand tarbiyasiga birday ulgurishga kuchni qayerdan olish mumkin, bu borada o‘qituvchilar, yosh olimalarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
- Birinchi navbatda o‘ziga ishonishi kerak deb o‘ylayman. Haqiqiy oqila, olima ayol atrofidagi barcha ne’matlarning boriga qanoat qilib, eng asosiysi shukr qilib yashaydi.
-Ayol kishiga taniqli bo‘lish qay darajada kerak?
-Ayol kishi uchun oila, ishlayotgan joyidagi hurmat-ehtirom yetarli. Taniqli bo‘lish shartmas.
-Armoningiz bormi?
-Hech kimga aytmagan bir armonim bor. Bu professorlik unvonini olish. Ammo farzandlarimning kamolini ko‘rib turganim men uchun eng katta baxt.
-Ayol uchun berilgan eng katta unvon?
-Onalik maqomi.
-Bugungi darajangizga erishish uchun nimadan voz kechgansiz?
-Hayotda har bir qadam qo‘yayotganingiz, har bir ishni qilayotganingizda nimalarningdir bahridan kechasiz. Bu tabiiy hol. Menda ham shunday bo‘lgan. Lekin birovga muhtoj bo‘lmay boshimni baland ko‘tarib yashashga harakat qilib shu darajaga erishganman.
-Hayotdan izlaganlaringizni topa oldingizmi?
-Ma’lum bir qismini.
-O‘tgan umringizni suratda tasvirlash kerak bo‘lsa unda qanday ranglar bo‘ladi?
-Barcha kamalak ranglari.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.