“Bir so‘z bilan aytganda olg‘a degan bo‘lardim...”

Samarqand davlat universiteti o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi, Islandiya qishloq xo‘jaligi universiteti tadqiqotchisi Abdubakir Qo‘shboqov bilan suhbat
- Islandiya qishloq xo‘jaligi universitetida, Islandiya tashqi ishlar vazirligi hamda YUNESKO tashkiloti homiyligi ostida tashkil qilingan GRO-LRT (Lamd Restaration, Restaration Trening) dasturida ishtirok etyapman,-deydi Abdubakir Qo‘shboqov.- Bu dastur har yili asosan Osiyo va Afrika davlatlaridan kelgan tadqiqotchilar uchun tashkil qilinadi. Mendan avval, Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo‘lat Rajabov va Akbar Ahmedovlar ishtirok etgan. Taomil bo‘yicha avvalgi ishtirokchilar navbatdagisini tavsiya qila oladi. Mening nomzodimni Toshpo‘lat Rajabov tavsiya etgan va dastur tashkilotchilari onlayn suhbatda til bilish darajamni va ilmiy salohiyatimi tekshirib qabul qilishgan.
-Tadqiqotingiz qaysi mavzuda?
- Hozirda GRO-LRT dasturida 8 davlatdan (O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Mangoliya, Uganda, Malavi, Lesoto, Gana, Nigeriya) 19 nafar vakil ishtirok etmoqda. Ushbu dasturning bosh maqsadi rivojlanayotgan davlatlarda sodir bo‘layotgan yer maydonlarining inqirozi, tuproq erroziyasi holatlariga qarshi kurashish, yerlardan unumli va barqaror foydalanish boshqaruvini targ‘ib qilish, mutaxassislar va ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini oshirish orqali, inqirozga uchragan yer maydonlarini qayta tiklashda ularga yordam berishdan iborat.
Bu dastur 6 oylik bo‘lib birinchi uch oy nazariy va oxirgi uch oy amaliy qismdan iborat. Dasturning amaliy qismida men “The identification of land potential by seyed banks under sheyep grazing in the Icyelandic highlands” mavzusida tadqiqot olib boryapman. Bundan asosiy maqsad, zamonaviy xalqaro tadqiqot metodlarini o‘rganish va mamlakatimizda uni qo‘llash hisoblanadi.
Afsuski, bugungi kunda bizning mamlakatimiz yerlari ham turli inqiroz holatlaridan mustasno emas. Ayniqsa mamlakatimiz hududining deyarli yarmiga teng bo‘lgan yaylov maydonlarimiz turli darajadagi ekologik inqiroz holatlarini boshidan kechirmoqda. Yaylovlarning tabiat ekotizimlarining ajralmas qismi ekanligini, chorvachilik sanoatidagi va mamlakat yalpi ishlab chiqarishdagi ulushini hisobga oladigan bo‘lsak, yaylovlar holatini o‘rganish va ularni qayta tiklash ishlarida faol ishtirok etishimiz nihoyatda muhim hisoblanadi. Shunga ko‘ra ushbu dasturda men “Turli darajada o‘tlatish rejimidagi yaylovlar potensialini tuproq urug‘lik banki orqali baholash (Islandiya yaylovlari misolida)” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqdaman. Islandiya qishloq xo‘jaligi universiteti issiqxonasi va Islandiya tuproqlarni himoya qilish tashkilotining (Soil Conversation Servicye of Island) tuproq laboratoriyasida, ilmiy rahbarim professor Isabel C Barrio bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatmoqdaman. Yaylovlardagi tuproq urug‘lik banki miqdorini va ularning unuvchanlik darajasini aniqlash nihoyatda muhim hisoblanadi. Chunki mavjud urug‘lik resurslarigina ushbu yaylovlarning kelgusidagi potensialini belgilab beradi va inqirozga uchragan tabiiy yaylovlarning qayta tiklanishidagi eng muhim omillardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Tadqiqotning asosiy maqsadi turli darajada inqirozga uchragan yaylov tuproqlaridagi urug‘lik resurslarini aniqlash va mavjud o‘simliklar qoplami bilan solishtirgan holatda yaylovlarning o‘zini qayta tiklash imkoniyatini o‘rganishdan iborat. Shuningdek, yaylovlarni qayta tiklash va ularni barqaror boshqarish sohalari bo‘yicha zamonaviy bilimlar va tadqiqot uslublarni tahlil qilish va kelgusida O‘zbekiston yaylovlarini qayta tiklash ishlarida ulardan keng foydalanishdan iborat.
-Islandiya qishloq xo‘jaligi universitetida qishloq xo‘jaligi sohasida qanday yangicha tadqiqotlar olib borilmoqda? Ularning qaysilarini O‘zbekistonda ham joriy qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
-Bu davlatda qishloq xo‘jaligi o‘simliklari uchun vegetasiya davrining qisqaligi sababli issiqxona xo‘jaligini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Bunda asosan gidroponika va turli xil yorug‘lik nurlari ostida o‘stirish va bundan tashqari issiqxonada o‘simliklarni bir necha qavatli qatlamlarda o‘stirish kichik yer yuzasida ko‘plab hosil olishga yordam beradi. Ushbu usul samarali, deb o‘ylayman.
-Ushbu universitet ta’lim jarayonlari, tadqiqot yo‘nalishlari SamDU dan nimasi nimasi bilan farqlanadi?
-Islandiya universitetida birinchi navbatda, o‘qituvchilardan malaka va talabalar bilan do‘stona munosabatda bo‘lish talab qilinadi. Darslar aynan shu soha mutaxassislari tomonidan o‘tiladi. Har bir mashg‘ulot qilingan yangi ilmiy ishlar va maqolalar misolida tushuntiriladi. Bundan tashqari o‘qituvchilarning e-mail pochtalari talabalar uchun hamisha ochiq.
-Universitet kutubxonasi haqida ham aytib bersangiz.
-Bu universitet binosi asosan 3 ta kampusdan iborat. Universitet kutubxonasi asosiy kampusda joylashgan. Biz uchun onlayn kutubxona va undagi barcha kitoblar va manbalardan foydalanish sharoiti yaratilgan. Bu qisqa vaqt ichida kerakli ma’lumotlarni qiyinchiliksiz topish imkoniyatini beradi.
-Kelgusidagi rejalaringiz.
-Kelgusida rejalar katta. Ilmiy ishlarimni shu mavzuda davom ettirish, O‘zbekistonda inqirozga uchragan yaylovlarning qayta tiklash ishlarida va universitetimiz rivojida qo‘limdan kelguncha hissa qo‘shishdan iborat. Shuningdek, ilmiy rahbarim Toshpo‘lat Rajabov bilan birgalikda mamlakatimiz yaylovlari degradasiyasining oldini olishga o‘z hissamni qo‘shish hamda chet eldagi nufuzli universitetlarning doktorantura bosqichida tadqiqot olib borishdir.
-O‘z tadqiqotini xorijda davom ettirmoqchi bo‘lgan yosh tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
- Bir so‘z bilan aytganda olg‘a degan bo‘lardim. Negaki bugungi kunda chet el ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar va ilm-fan texnologiyalari juda rivojlangan. Yoshlarimizning ushbu zamonaviy texnologiyalar va uslubiyatlarni o‘rganishi mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shishda ulkan ahamiyat kasb etishiga ishonaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi