Samarqandda dunyo hisob ilmi vakillarini jam etgan anjuman bo‘lib o‘tdi...

Samarqand davlat universitetida akademik Saidahmad Laqayevning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman yig‘ilishini Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘z bilan ochib, konferetsiya ishiga rivoj tiladi.
Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, dunyo matematik olimlari nigohini bir nuqtaga jam etgan ushbu xalqaro anjuman munosabati bilan akademik Saidahmad Laqayevni samimiy qutladi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Shavkat Alimov, O‘zR FA V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori Ravshan Ashurov hamda AQSH, Kanada, Rossiya kabi dunyoning 10 dan ortiq davlatlari olim va professorlari ishtirok etdi. Anjumanda so‘zga chiqqanlar Saidahmad Laqayevning matematika fani rivojiga qo‘shgan hissasi, olim asos solgan matematik analiz ilmiy maktabi, uning bugungi davomchilari va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
-Matematika ilmi haqida gapirar ekanmiz, bu fanning buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nomi bilan bevosita bog‘liqligi bizda hamisha faxr uyg‘otadi, - deydi SamDU rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov. - Shu o‘rinda hisob ilmining ko‘zga ko‘ringan vakillari safida yurtimiz olimlarining bo‘lishi, ulug‘ ajdodimiz boshlab bergan shonli yo‘lning davom etishidir. Saidahmad Laqayev ana shunday olimlardan biri, umri matematikaga baxshida fidoyi olim. Samarqand davlat universiteti bosib o‘tgan uzoq tarixiy davr mobaynida ilm-fan sohasiga ko‘plab yetuk olimlarni bergan dargohdir. Universitetimiz Saidahmad Laqayev misolida matematika ilmiga yana bir yetuk olim yetkazib berdi deyish mumkin.
- Matematika – tafakkur fani, ushbu sohada olingan har bir natija faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun dunyo uchun ahamiyatli bo‘lishi lozim, - deydi akademik Azimboy Saʼdullayev. - Shundagina dunyo ilm-fani bilan aloqalar yo‘lga qo‘yiladi, xorijlik matematiklar diqqati qozoniladi. Samarqand davlat universiteti yirik ilmiy markaz, yetakchi universitet sifatida nafaqat O‘zbekistonga, balki butun dunyoga yetuk kadrlar, ilm-fan namoyandalarini yetkazib bergan dargoh hisoblanadi. Ana shunday darg‘alardan biri Saidahmad Laqayev matematika sir-asrorlarini o‘rganib, matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqi ilmiy maktabiga asos solgan olim. Ushbu ilmiy maktabning bugungi davomchilari akademik boshlab bergan jahon ilmi bilan aloqalarni saqlashga doim harakat qilishadi.
Shundan so‘ng konferensiya differensial tenglamalar va matematik fizika, matematik analiz, son tahlili va mexanika, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, algebra va geometriya, matematik modellashtirish va axborot texnologiyalar singari olti shoʻbaga bo‘lingan holda o‘z faoliyatini boshladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar