Samarqand davlat universiteti matematik fizika va funksional analiz kafedrasi mudiri, akademik, “Do’stlik” ordeni sohibi Saidahmad Laqayev tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi.

    Nufuzli konferensiyada  Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, SamDU rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan  arbobi Rustam Xolmurodov, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov, akademik Shavkat Alimov, akademik Azimboy Sa’dullayev, O‘zR FA V.I Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori Ravshan Ashurov, Missuri universiteti (Kolumbiya) professori Konstantin  Makarov, Viktoriya universiteti (Kanada) professori Amirali Baniasadi va boshqalar ishtirok etdi…

    - Samarqand davlat universiteti ilm-fan markazi hisoblanib, yetuk olim va allomalar yetishib chiqqan ulug’ dargohdir, - deydi Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov. - Universitetda amalga oshirilayotgan ishlar jahon olimlari va mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda. Buni xorijiy davlatlardan ishtirok etayotgan nufuzli mehmonlar misolida ham ko’rishimiz mumkin. Saidahmad Laqayev boshchiligidagi Samarqand matematika maktabi O’zbekiston ilm-fanining yuqori pog’onasidan joy olgan desam, adashmagan bo’laman…

    - Saidahmad Laqayev O’zbekistondagi 7 nafar matematik akademiklardan biri, - deydi akademik Shavkat Ayupov. - Olim bilan birga 30 yildan buyon ishlab kelamiz. Mohir pedagog, mahoratli matematik. Jahon matematika analiz ilmining ustuni Saidahmad Laqayevni nafaqat olim, balki yetuk inson sifatida bilaman. 5 fan doktori, 13 nafar fan nomzodini tayyorlab, o’z ilmiy maktabini yaratgan...Bugungi konferensiya sabab jahon matematiklari bilan bir yerga yig’ilganimizdan xursandman. Konferensiyaning ishiga omad tilayman…

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.