Samarqand davlat universiteti: Insonga e’tibor nimadan boshlanadi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasining ertasiga Samarqand davlat universitetida o‘qishda, ilmiy va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan 841 nafar talabaga pul mukofotlari topshirildi...
Ozoda Inoyatillo, SamDU Muhandislik fizikasi instituti talabasi, nemis tili bo‘yicha xalqaro С1 sertifikati egasi:
-Murojaatnomada Prezidentimiz Insonga e’tibor g‘oyasini ilgari surganini eshitib, juda xursand bo‘lgan edim. Lekin bu e’tibor bunchalik tez yuz berishini kutmagandim... Xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishim sabab til o‘rganishim uchun bor imkoniyatimni ishga soldim. Joriy yilda nemis tili bo‘yicha xalqaro Goethe-Zertifikat C1 sertifikatini qo‘lga kiritdim. Shu sabab Samarqand davlat universiteti rektori tashabbusi bilan 2 035 000 so‘m pul mukofoti sohibi bo‘ldim. Universitetimiz tomonidan mukofot berilayotganini aytganimda ota-onam juda xursand bo‘ldi. Ayni paytda nano sun’iy yo‘ldoshlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib boryapman. Ushbu mukofotni ilmiy izlanishlarimga sarflamoqchiman. Ochig‘ini aytish kerak, tilni avvalo, o‘zim va kelajagim uchun o‘rganishni boshlaganman. Birgina talabaning o‘z kelajagi sari qo‘ygan ilk qadamidayoq bu qadar qo‘llab-quvvatlash faqat bizning yurtimizda bo‘lsa kerak. Men shunday Vatanda har bir insonning qadri qadr topgan yurtda yashayotganimdan faxrlanaman.
Nosirbek Qilichev, Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti talabasi, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori:
-Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya bugungi kunda hayotimizning barcha jabhalariga kirib bormoqda. Bayram arafasida universitetning qariyb mingga yaqin talabalariga berilgan bu mukofot milliy davlatchiligimizga ham chuqur singib borayotgan inson qadrini ulug‘lash masalasiga aynan mos keladi. Universitetimizda o‘qish bilan bir qatorda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan yoshlar talaygina. Bizning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishimizni rag‘batlantirilishi yangi-yangi yutuqlarga zamin bo‘lishiga ishonaman.
Mo‘minbek Imomnazarov, SamDU intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti talabasi:
-Kuni kecha Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Bugun mukofotga loyiq ko‘rilgan har bir yosh qalbida e’tibor va e’zozdan mamnunlik seziladi. Albatta, faoliyatimizda ozmi-ko‘pmi erishayotgan yutuqlarimiz, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida kelajak umidi sifatida baholanayotgani, bayram arafasida munosib rag‘batlantirilganimiz bizni juda quvontirdi. Endilikda bor bilim va salohiyatimiz bilan o‘z ustimizda ishlashni davom ettirib, mutaxassisligimizga oid bilimlarni chuqur va puxta o‘zlashtirib, oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga albatta erishishimizga ishonaman.
Sohib Mahmudov, Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabasi:
-Ertalabdan kutilmagan quvonchli xabarni eshitdim. O‘quv, ma’naviy-marifiy, ilmiy ishlarda faol, chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan talabalar qatorida men ham mukofotga munosib ko‘rilganimdan xursand bo‘ldim. Bu mukofot aslida menga bildirilgan ishonch. Yangi yil arafasida moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanganim uchun avvalo, Prezidentimizga rahmat ...
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.