Fizika to‘g‘risida gap ketganda, ko‘z oldimizda  formula va qonuniyatlar namoyon bo‘ladi. Atrofimizni o‘rab turgan borliq, ularning mohiyat va harakati bevosita fizika bilan bog‘liq. 

    -Atrofimizdagi dunyoning qanday tuzilganini bilish uchun, avvalo, uning asosi bo‘lgan fizika qonunlarini o‘rganish kerak, - deydi Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti qattiq jismlar kafedrasi professori Eshquvvat Arziqulov, - Fizika bu faqat murakkab formulalardan iborat emas. U ko‘z oldimizda turgan har bir jismda aks etgan. Fizika bu tabiat haqidagi fan. U tabiatda yuz berayotgan barcha hodisa va jarayonlarni o‘rganadi. Shuning uchun fizikani hayotdan ajratib tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz har soniyada fizika bilan yashaymiz. Hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib qolgan gadjetlar, og‘irimizni yengil qilib turgan mashina va texnika vositalari, eng avvalo, fizikaning mahsuli hisoblanadi. Har bir inson xohlaydimi yo‘qmi, hayoti davomida albatta fizikaga duch keladi. Ammo bu fanga nisbatan murakkab  fan sifatida qaralishi ayni haqiqat. Aslini olganda fizika eng qiziqarli va ayni paytda har qanday mamlakat taraqqiyoti uchun asos bo‘ladigan tarmoqlar rivojlanishiga yo‘l ochadigan sohadir.

    Bu hayotda oson ilmning o‘zi yo‘q. Har bir fanning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Fanga oid maktab darsliklarining murakkabligi rost. Bu borada qaysidir tomonlarini soddalashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Fizikani maktabda o‘qitish 6-sinfdan boshlanadi. Mening nazarimda o‘quvchilarni quyi sinflardan boshlab fizikaga oid sodda tushuncha va ta’riflar bilan tanishtirib borilsa,  maqsadga muvofiq bo‘ladi.

    Chet el tajribasini kuzatadigan bo‘lsak, xorij darsliklari bilan  solishtirganda bizning darsliklarimiz anchayin sodda. 7-sinf uchun tayyorlangan darslikdagi mavzular bizda bitiruvchi sinf darsliklariga to‘g‘ri keladi. Shu kunlarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda Kembrij universitetida ishlab chiqilgan 7-sinf fizika darsligi tarjimasi ustida ishlayapmiz. Mazkur darslik 4 ta kitobdan iborat bo‘lib, umumiy darslik bilan bir qatorda amaliy mashq va laboratoriya mashg‘ulot kitoblarini ham o‘z ichiga oladi.

    Fizika sohasidagi har bir yutuq va kashfiyot bevosita insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Fizikaning rivojlanishi ishlab chiqarish, iqtisodiyot, umuman mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan tarmoqlarning rivojlanish darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, fizikada ma’lum bir kashfiyot yaratilgandan so‘ng, uni ishlab chiqarishga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar maydonga chiqadi va insoniyatning og‘irini yengil qiluvchi uskunalar yaratiladi. Atom va yadro fizikasi sohasidagi kashfiyotlar atom energiyasidan foydalanish imkoniyatlarini berdi. Yarimo‘tkazgichlarning kashf qilinishi elektron hisoblash texnikasida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga olib keldi. Kosmosning o‘zlashtirilishi dunyoning istalgan chekkasidan ma’lumotlarni uzatish, lazer nurlarining kashf qilinishi esa undan texnikada va sog‘liqni saqlash sohalarida foydalanish imkonini berdi. Muxtasar aytganda, fizikaning inson hayotidagi o‘rni nihoyatda beqiyos.

    So‘nggi yillarda ta’lim sifatiga tobora e’tibor oshib bormoqda. Ta’lim sifatining oshishi bir tomondan o‘qituvchiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘quvchilarga ham bog‘liq. Fizikada ta’lim sifatini yaxshilashda laboratoriya mashg‘ulotlariga ko‘p e’tibor qaratish kerak. Uzoq yillar davomida fan faqat nazariyadan iborat bo‘lib qoldi. Bu esa fizikani o‘ta murakkab fanlar qatorida baholanishiga sabab bo‘ldi. Ammo olingan nazariy bilim laboratoriya mashg‘ulotida sinab ko‘rilsa, ham eslab qolish darajasi oshadi, ham o‘quvchilarda qiziqish ortadi. Bugungi kunda respublikadagi barcha maktablarning laboratoriya jihozlari bilan qamrab olinish darajasi bir xil emas. Bu borada virtual laboratoriyalar o‘tkazish imkonini beradigan dasturlar ishlab chiqilmoqda. Shunday dasturlardan foydalanish qamrovini kengaytirish kerak. Ana shundagina fizika faqat qog‘ozda qolib ketadigan murakkab nazariya va qoidalardan iborat bo‘lib qolmaydi.

    Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda fizika faniga talab kun sayin oshib borsa, oshadiki, aslo kamaymaydi. Chunki, mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lagn tarmoqlar tabiiy fanlar vositasida rivojlanadi. 

 

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.