Bugungi global sharoitda rivojlangan davlatlar taraqqiyotining tub mohiyatida ilm-fan yotadi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mamlakatning barcha tarmoqlar bo‘yicha ravnaq topishi, eng avvalo, aniq va tabiiy fanlar rivojlanishi natijasida yuz beradi...

    Sanjar Tillayev, Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti dekani, dotsent:

    -Hayotimizni kimyo fanisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qaysi tarmoqni olmang, qishloq xo‘jaligi, sanoat, dori-darmon, sog‘liqni saqlash, barcha-barchasi bevosita kimyo bilan bog‘liq. Bugun og‘irimizni yengil qilib turgan har bir vosita bevosita kimyo fani mahsullaridan hisoblanadi. Hatto, oddiygina smartfonning sensor ekranidan tortib mashinalarning harakatlanishi, uyimizning isishi albatta kimyo bilan. Bugun rivojlangan davlatlarning qaysi biriga qaramaylik, ularda aniq va tabiiy fanlar, shu jumladan, kimyo sohasi rivojlanganiga guvoh bo‘lamiz.

    Kimyo hayotimizni anchayin yengillashtirgani ayni haqiqat. Bugungi kunda kimyo fani orqali erishilayotgan natijalarga tabiiy yo‘l bilan erishish nihoyatda katta qiyinchilik tug‘diradi, ko‘p vaqt, xomashyo va sarf-xarajat talab qiladi. Ammo kimyo fanini o‘qitishda, uning mohiyatini o‘quvchilarga yetkazib berishda ba’zi muammolar borligi rost. Oxirgi vaqtlarda amaliyot bilan bog‘liq bo‘lgan kimyo fani, afsuski, faqat nazariyadan iborat fanlar kabi o‘qitildi. Bu kimyoni o‘quvchilarga to‘g‘ri yetkazishdagi birinchi to‘siq bo‘ldi. O‘quvchilar darsning o‘zida laboratoriya mashg‘ulotlari orqali mavzuni o‘rganib, reaksiyalarning mohiyatini kuzatib borsa, fanni o‘rganishi ham, esda saqlab qolishi ham oson bo‘ladi.

    “Bola to‘ldirilishi kerak bo‘lgan idish emas, yondirilishi kerak bo‘lgan shamdir” Ilm ummoni shunday chuqurki, uning oxiriga yetib bo‘lmaydi. Bola miyasini shu poyonsiz bilimlar bilan to‘ldirish shartmas. Uni kelgusi hayotida zarur bo‘ladigan bilimlar bilan “yondirish” kerakki, natijada u zulmatni o‘z salohiyati va yetuk bilimi bilan yorita olsin.

    Maktablarda kimyoni o‘qitishda ba’zi o‘zgartirishlar kiritilishi kerak deb o‘ylayman. Masalan, 10-11-sinflarni yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlab o‘qitish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 9-sinfgacha bo‘lgan darsliklarni soddalashtirish kerak. O‘quvchi 10-sinfga o‘tgandan keyin tabiiy fanlarni chuqurlashtirib o‘rganishni tanlagan bo‘lsa, u holda murakkab narsalarni o‘rgansa bo‘ladi. Ana shundan keyin ularga chuqurlashtirilgan bilim berilishi kerak va ularning darsligi ham 9-sinfgacha bo‘lgan umumiy va sodda tartibdagi kimyo darsligidan farq qilishi kerak.

    Davlat To‘xtayev, organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi mudiri, dotsent:

    -Kimyoning bugungi hayotimizdagi ahamiyatini o‘tgan davr mobaynida butun insoniyat bilib bo‘lgan. Kimyo, biologiya, fizika va matematika kabi fanlar mamlakat iqtisodiyotini yuksaltiradigan, uni ravnaq toptiradigan fanlar hisoblanadi. Bular har qanday davlatning dunyodagi o‘rnini belgilab byeradigan ustuvor sohalardir. Ularsiz rivojlanishni va taraqqiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

    Bizni o‘rab turgan borliqning o‘zi kimyodan iborat. Insonning ko‘rishi, eshitishi, oddiygina ovqat hazm qilishi ham hamma-hammasi kimyoviy jarayonlar natijasida kelib chiqadi. Shuning uchun inson va tabiatni kimyodan ayro tasavvur qilish imkonsiz.

    Rizamat Begmatov, analitik kimyo kafedrasi mudiri, dotsent

    -Kimyoga oid dastlabki tushunchalarni bolalarga bog‘cha yoshidan boshlab berishni yo‘lga qo‘yish kerak. Masalan, qisqa multfilmlar, animasion roliklar orqali ularda oson tushuncha paydo qilish mumkin. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha bunday mahsulotlar juda ko‘p. Shulardan foydalanishni kengaytirish lozim. O‘quvchi maktabda 7-sinfda kimyoni o‘rganishni boshlaganda unga ba’zi tushunchalarni to‘liq tushunish qiyinlik qilishi mumkin. Agar bolada dastlabki tushunchalar bo‘lsa, bu yuk hech qachon og‘irlik qilmaydi.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati