Jannat farishtasi emasmi ayol?!
Inson borki, hayotda doim o’zidan yaxshi nom qoldirishini istaydi. Ishini yaxshi ko’radi. Boshqalarni o’zini ardoqlagandek, qadrlaydi. Bu odamgarchilikdan, iymonli bo’lishdan dalolatdir. Shunday insonlardan biri, Samarqand davlat universiteti xo’jalik bo’limi xodimi Gulnora Rajabova.
Bugun 55 yoshni qarshi olgan Gulnora Rajabova, ertadan boshlab nafaqada. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti professor-o’qituvchi va talabalari Gulnora opani nafaqaga chiqqanligi uchun samimiy tabrikladi.
- Yetti yildan buyon Samarqand davlat universitetida mehnat qilyapman. Bu dargoh men uchun qadrli, ikkinchi uyimdek bo’lib qolgan, -deydi Gulnora Rajabova. - Fakultet o’qituvchilarini aka-ukam, opa-singlimdek ko’raman, yigit-qizlarni bolalarim deb bilaman. Bugungi quvonchli kunni men umuman kutmagan edim, menga e’tibor qaratgani uchun universitet rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Barchaga tashakkur. Doim sog’-omon bo’lishsin.
Gulnora opa, biz bilan bir oiladek bo’lib qolgan. Universitetimizning farishta ayoli, hammaga bir xil muomala qiladi, - deydi SamDU filologiya fakulteti dekani o’rinbosari Sherzod Rahimov. – Ovozini ko’tarib, yoki birovni sensirab gapirganini eslolmayman. Halol mehnat qilib, ishiga mehrini qo’ygan samimiy inson. Bir jamoada ishlaganimizdan faxrlanaman. Gulnora Rajabovani bundan keyingi ishlariga muvaffaqiyat tilayman…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.