Samarqand davlat universitetiga Vengriyaning Dorivor o‘simliklar va giyohlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, doktor Jozef Pallosh tashrif buyurdi. Bundan asosiy maqsad SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti bilan Vengriyaning ilmiy-tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirshdir.

    Doktor Jozef Pallosh o‘z navbatida Yevropada dorivor o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lgan “PannonPharma” tashkilotining rahbari  hisoblanadi. Tashrif davomida mamlakatimizning boy dorivor o‘simliklarini zamonaviy usullar yordamida yanada chuqur tadqiq qilish, tahlillar olib borish va ular tarkibidagi noyob modda va birikmalarni aniqlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.       

    Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti yosh tadqiqotchilari va talabalarining malakasini oshirish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash sohasida malakali kadrlar tayyorlashda hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilishga kelishildi. Bunda SamDU tadqiqotchilarining amaliyotlarini Vengriyaning “PannonPharma” ishlab chiqarish korxonasida o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib borildi. Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda tarqalgan noyob dorivor o‘simliklarni chuqur tadqiq qilish orqali jahon miqyosida tan olinadigan tabiiy dorivor mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarish imkonini yaratadi.

    Ma’lumot uchun, Vengriyaning Dorivor o‘simliklar va giyohlar ilmiy-tadqiqot instituti 100 yillik tarixga ega.

 

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati.