Talabalar bilan uchrashuv
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/63f759c11ddd3-63f759c11ddd9-63f759c11ddda-63f759c11dddb.jpg)
Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, professor Ahmadjon Soliyev tarix, psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbirda oliy ta’lim tizimining magistratura bosqichiga qabul jarayonidagi o‘zgarishlar, xususan xorijiy tillarni o‘rganish davrning zaruriy talabi darajasiga ko‘tarilgani haqida so‘z yuritildi.
- Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ona tilidan tashqari yana ikki tilni bilish tabiiy hol sifatida qaraladi. Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilayotgan e’tiborning asosiy maqsadi shu masalaga yo‘naltirilgan, - deydi prorektor Ahmadjon Soliyev. – Har bir talaba bakalavr bosqichida chet tilini mukammal darajada o‘rgangan bo‘lishi kerak. Xorijiy tillarni bilish yosh kadrlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu boisdan, yoshlar o‘z ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarni bilishlari va muloqot qila olishlari maqsadga muvofiq. Chet tillarini bilish kasbiy kompetentsiyaning zaruriy shartlaridan biri bo'lib, mutaxassisga mehnat bozorida ustunlik beradi. Butun dunyo bo‘yicha kuchli salohiyat, ijodiy fikrlash va tahlil qilish qobiliyatiga ega professional kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu borada sanab o'tilgan sifatlarni shakllantirishda xorijiy tillarning o‘rni nihoyatda beqiyos.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.