Samarqand davlat universiteti talabasi Prezident sovg‘asini qo‘lga kiritdi...
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/63ff3ccfd5477-63ff3ccfd5478-63ff3ccfd5479-63ff3ccfd547a.jpg)
Samarqand davlat universitetida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, viloyat sharafini himoya qilgan kitobxonlar va mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Samarqand davlat universiteti talabasi Marhabo Mahkamtoshevani taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochib, g‘olibni samimiy tabrikladi.
-Jahon sivilizatsiyasining tarixiy o‘choqlaridan biri, yer yuzining sayqali nomini olgan qadimiy hamisha navqiron Samarqand O‘zbekistonning yirik iqtisodiy va ilmiy-madaniy markazlaridan hisoblanadi, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov, - Qadimdan dunyo ahlini o‘ziga rom etgan Samarqanga qanchadan-qancha allomalar, ziyoli insonlarni yetishtirib bergan, uzoq yillik tarixga ega Samarqand davlat universitetida bugun ham ertamiz egalari bo‘lmish barkamol avlod kamol topmoqda. Ayniqsa, universitetning filologiya fakulteti adabiyot va kitobxonlik maydonida o‘zining yuksak o‘rniga ega. So‘nggi vaqtlarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yuksak salohiyatli va bilimli yoshlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berilmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ushbu tashabbusning o‘ziga xos amaliy ifodasi hisoblanadi. Ayniqsa keyingi yillarda tobora ommalashib borayotgan mazkur tanlov sabab yoshlar o‘rtasida kitobga, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda. Quvonarli tarafi shundaki, tanlovning 15-19 yosh toifasi bo‘yicha respublika bosqichida universitetimiz talabasi Marhabo Mahkamtosheva viloyatimiz, shu bilan birgalikda Samarqand davlat universiteti sha’nini munosib himoya qilib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Prezident sovg‘asi “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.
– Yosh kitobxon tanlovi bu ma’rifat maydoni, yuksak bilim egalari uchun o‘ziga xos sinov desak mubolag‘a bo‘lmaydi, - deydi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Marhabo Mahkamtosheva, - Mazkur tanlovning final bosqichida ishtirok etish, respublika minbarida Samarqand viloyati nomi tilga olinganda o‘z ism-sharifimni eshitish yillar davomida men uchun orzu bo‘lib kelgan. Bugun ushbu orzuim ushaldi. Tinimsiz qilgan mehnat va harakatlarim, jonkuyar ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashlari bilan maqsadimga erishdim. Buning uchun doim yonimda bo‘lgan, meni har jihatdan qo‘llab-quvvatlagan ustozlarimga, SamDU filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Azamat Pardayevga, ilmiy rahbarim filologiya fanlari doktori Azmiddin Nosirovga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman. Bugungi taqdirlash marosimi men uchun juda o‘zgacha bo‘ldi. E’tibor bilan tashrif buyurib, quvonchimizga sherik bo‘lgan barchadan minnatdorman. Shunday tantanali marosimni tashkil qilgan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga o‘zimning samimiy tashakkurimni aytaman.
Bugungi zamonda insonlarning madaniyati kitobga bo‘lgan qiziqish va kitobxonlik darajasi bilan o‘lchanadi. Kitobxonlar o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi tanlovi millionlab yoshlarni kitobga bo‘lgan mehr tamoyili asosida ezgu maqsadlar sari birlashtirib kelmoqda.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.