Bugun yurtimizda qalblarga olam-olam surur, yangidan-yangi orzu-havaslar baxsh etuvchi Navro‘z shukuhi hukmron. Qadimiy tariximiz, ko‘p qirrali buyuk madaniyatimiz, olamni ko‘rkamlik libosiga burkagan bahor taftidan uyg‘ongan tabiat, u tufayli ko‘ngillarda uyg‘ongan yangi tuyg‘ular, orzu va maqsadlar, xalqimizning o‘zi kabi qadimiy va ulug‘ milliy qadriyatlar hamda xalqlar yakdilligi bugun bir nuqtada jam...

    Samarqand davlat universitetida Navro‘z tantanalari erta tongdan yozilgan osh dasturxoni bilan boshlanib, Navro‘z sayllariga ulanib ketdi.  Milliy kuy-qo‘shiqlar, betakror raqslar, o‘zbek milliy taomlari va liboslari namoyishi haqiqiy bayram shukuhini yaratdi.

    Har yili katta tantanalar bilan nishonlanadigan ezgulik, xayr-saxovat, shafqat va shafoat ayyomi bo‘lgan Navro‘z bayramining bu yilgi qiyofasi Samarqand davlat universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan bayramona dasturlar, ijro etilgan milliy qo‘shiqlar, betakror she’r va sahnaviy chiqishlar bilan yanada sayqallashdi.

    – Xalqimiz uchun ajdodlardan meros milliy qadriyatlarimiz  qanchalik aziz bo‘lsa, ulardan meros ilm-ma’rifat ham shunchalik buyukdir, - deydi SamDU yuridik fakulteti dekani Rahmatilla Mirzayev, - Bugungi kunda ilm-fan butun dunyo hamjamiyatida yetakchi o‘ringa chiqdi. Bugun ilm-fan sohasida turgan har bir insonning oldiga bu ikki merosni hurmat qilish, uni riojlantirish vazifasi qo‘yiladi. Har birimiz yurtimizning hamisha ilmu ma’rifat, madaniyat va tafakkur beshigi bo‘lib kelganligini unutmasligimiz lozim. Ishonamanki, milliylik negizidan unib chiqqan ma’rifat bizni eng yuksak marralar sari yetaklaydi.

    – Ayni shu betakror va dilbar faslda ko‘klam nafasi kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek bo‘ladi, - deydi SamDU matematika fakulteti talabasi Marjona Boboqulova, - Barchaning qalbi yashnab, kuch-quvvat, g‘ayrat va shijoatga to‘lgandek bo‘ladi, o‘zimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz. Bugun qaysi millat va elat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, bayram tadbirlariga tashrif buyurgan har bir kishi bayramona kayfiyatda, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan o‘tkazmoqda.

 

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati.

    Shavkat Akramov olgan suratlar.