Orolga hayot qaytmoqda

Ko‘z o‘ngimizdagi o‘zgarishlar
Xizmat safari bilan Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldik. Niyatimiz — ko‘ngilsiz voqealardan keyingi hayot, odamlar o‘y-fikrlari, qarashlari, yashash tarzi bilan tanishish. Maqsadimiz — Orol bo‘ylarida tabiat va inson o‘rtasida buzilgan muvozanatning oqibatlari, bir avlod hayoti davomida sodir bo‘lgan ulkan ekologik fojianing asoratlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, qalamga olish...
Dastlab Nukus ko‘chalarini aylandik. Tinch va osuda hayot. Turfa siymolar, turfa qarashlar. Kimdir ohista, kimdir sokin, yana kimdir shiddat bilan turmush tashvishlari ichida suzib yuribdi.
“Xalqning qanday yashayotganini bilmoqchi bo‘lsang, uning bozorini borib ko‘r”, degan naqlga amal qilib, bozor aylanamiz. Qoraqalpoq xalqining fazilatiga xos bo‘lgan jo‘mard, mard va to‘g‘ri so‘z insonlar bilan diydorlashdik. Ularni suhbatga chorladik.
Sizlarni qanday tashvishlar qiynaydi, bu yerlarda yashash qiyin emasmi? – qitmirlik qilib savolga tutamiz.
Hammasi joyida, gazimiz bor, chirog‘imiz bor, bozorimiz to‘kin. Bizga yana nima kerak?! – deya dangal javob qaytardi Dovudboy deb o‘zini tanitgan og‘a. — Yurtingda tinchlik bo‘lsa hayotingga mazmun kiradi. Qoraqalpoq xalqi tinchlikni asraguvchi el.
Yoshim 70 ga qarab ketti, – deydi nevarasini yetaklab olgan Yesamurod bobo. — Shu vaqtgacha bu dunyoning men anglagan eng to‘g‘ri haqiqati bu – tinchlik. Yurtda tinchlik bo‘lsa, sen tinchsan, bolalaring yoningda, bexavotir yurasan, xotirjam yashaysan. Ilohim doimo tinchlik bo‘lsin!
Bu savollarimizni yana bir nechta qoraqalpoq yaqinlarimizga berib, suhbatini oldik. Deyarli barchaning tilidan shukronalik tushmaydi. Bu el odamlari qish oylarida ham elektr ta’minotida uzilish bo‘lmagani, isitish tizimlari, gazning yaxshi ekani, bozorlarning to‘kinligi haqida og‘iz ko‘pirtirib gapiradi. Hayron qolasan kishi.
Turlicha tasavvur va turfa o‘y-fikr bilan Qoraqalpoqistonga kelgan biz kabi jurnalistlar uchun bu hol chindan-da hayratlanarli...
Agar shu savol boshqa hududlar aholisiga berilsa, nima deb javob berar ekan?!
Nukusliklarning javoblarini tinglab, hamkasbim “Toshkentdan Qoraqalpoqqa ko‘chib kelib, yashaymizmi?” deya hazillashadi.
Nukus–Mo‘ynoq yo‘li. Yo‘l yuramiz. Bir xillikka o‘rgangan shahar havosida inson tabiati hayrat degan tuyg‘uni ba’zan unutayozadi. Tinimsiz shamoldan junjikamiz. “Bu yerlarda qanday yashash mumkin?”. Kekkaygan, dimog‘dor bu hayolga keladigan ilk fikr shu. Bunday iqlimga o‘rganmagan vujud esa o‘zini himoya qilishni istaydi. Biroq fusunkor kengliklardan ko‘zingizni uza olmaysiz.
Nukus — Xo‘jayli — Qo‘ng‘irot — Mo‘ynoq.
Bepoyon kenglik, mashina tizginsiz qumliklar osha yeldek uchib bormoqda. Uzoq-uzoqlardan ahyon-ahyonda cho‘pon-cho‘liqlarning o‘tovlari, yulg‘unzorlarga ulanib ketgan yaydoq dalalar ko‘zga tashlanadi. Qum barxanlari bilan qoplangan sarhadsiz kenglik shunday hayratomuz joziba va go‘zallik kasb etganki, tabiatning mo‘’jizakor qudratiga lol qolasiz. Ko‘z o‘ngingda poyonsiz va sukunatga cho‘mgan sahro moziyning o‘qilmagan sahifalaridan nimalarnidir so‘zlamoqchidek bo‘laveradi.
Nukusdan Mo‘ynoqqacha yengil avtomashinada ikki soatdan oshiqroq vaqt atrofida yetib borish mumkin. Xalqning shunchalik uzoq joydan qo‘nim topganini tushunsa bo‘ladi. Bir necha asrlardan buyon Orol dengizidan baliq ovlab tirikchilik qilgan odamlar qahatchilik, ocharchiliklardan omon qolgan. Bundan 40-50 yil ilgari ham mahalliy aholi farzandlari yoz kunlarida dengizning shunchalik yaqinligidan yugurib borib cho‘milib kelishgan. Dengiz – bu elning turmush tarzini belgilagan. Odamlarning orzulari o‘ylari, qismati u bilan birlashib ketgan.
Har daqiqada qirg‘oqqa keladigan haybatli kemalar... Tun-u kun suvdan chiqmay, quruqlik ko‘rmay baliq ovlayotgan ota-yu og‘alar..., Dengizga qarab orzularini aytayotgan qiz-juvonlar...
Bunday jo‘shqin hayot — juda uzoq bo‘lmagan o‘tmish bugungi kun avlodi uchun xuddi ertakdek.
Hozir esa Orol dengizining suvini ko‘rish uchun bir necha yuzlab kilometr masofani bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Pishqirgan dengiz o‘rnini jonsiz sahro, qum to‘zonlar egallaganiga ishonging kelmaydi.
Sayohatimizdan biroz avvalroq akademik, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Nag‘met AIMBETOV bilan suhbatimizda orolshunos olim:
— Orol dengizi maydoni 1960 yilgacha 6,6 mln. gektar edi. Ayni paytda, 5,5 mln. gektar maydonni qurg‘oqchilik egallab, Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Dengiz qurishi va sho‘rlanishning tezlashuvi oqibatida so‘nggi yillarda 50 ming gektarga yaqin ekin maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoldi.
Bu holat bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasining, balki butun dunyo xalqlarining ham muammosiga aylandi. Shu bois hamjihatlikda ekinzorlar uchun suv resurslaridan unumli foydalanish texnologiyalarini ishlab chiqish zarur, aks holda, ushbu jarayon davom etaveradi. To‘g‘ri, ekologiya ta’sirini yumshatish borasida yurtimizda ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Qurg‘oqchilik egallagan joylarga urug‘ sepish, nihol o‘tqazish orqali saksovullar va tabiiy cherkez, efedra (qizilcha) o‘simliklari ko‘payib bormoqda. Quvonarlisi shuki, ayrim joylarda yulg‘inlar tabiiy o‘sayotganini ko‘rasiz, lekin ular hali juda kam, – dedi olim.
Nag‘met Aimbetovning ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda Orol dengizi bo‘yi hududlaridan dunyoda noyob hisoblangan artemiya sistasi yig‘ib olinmoqda ekan. Bu sistalar qimmatbaho xomashyo sifatida eksport qilinmoqda. O‘tgan davr mobaynida artemiya sistasi Xitoy, Vetnam kabi ko‘plab mamlakatlarga yetkazib berilgan va bu ish davom etmoqda. Hozirgi vaqtda mazkur noyob mahsulotni Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport qilish ustida ishlanmoqda.
Artemiya sistasining noyobligi shundaki, u butun dunyoda kosmetologiya sohasida eng bebaho mahsulot hisoblanadi. Tabiiy ravishda terining immunitetini mustahkamlaydi. Dunyoda artemiya sistasidan olingan preparatlar qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi.
Bugungi kunda Orol dengizining katta qismi qum-tuz sahrosiga aylangan. Olimlarning ta’kidlashicha, har yili atmosferaga qurib borayotgan dengiz tubidan 75 million tonnadan ziyod chang va zaharli tuzlar ko‘tarilib, 400 kilometrli maydon bo‘ylab tarqalayotir. Hududning g‘arbdan sharq tomonga esadigan kuchli havo oqimi yo‘lida joylashgani va bu aerozollarning atmosfera yuqori qatlamlariga ko‘tarilishiga yordam berayotgani atrof-muhit ifloslanishi oqibatlarini yanada kuchaytirmoqda. Tadqiqotchilar esa ushbu hududdan ko‘tarilgan tuz zarrachalarini Yevropa va hatto Shimoliy muz okeanidan topishgan.
Dengizning halokatga uchrashi tabiatga katta zarar yetkazmoqda. Mintaqada hayvonot va nabotot olami genofondining deyarli yarmidan ko‘pi, ya’ni baliqlarning 11 ta, sut emizuvchilarning 12 ta, qushlarning 26 ta va o‘simlikning 11 ta turi yo‘q bo‘lib ketdi.
Suv resurslarining tanqisligi ichimlik suvi sifatining pasayishi, yerning ifloslanishi va yaroqsiz holga kelishi, biologik xilma-xillikning keskin kamayib ketishiga olib keldi. Aholi salomatligi va genofondining yomonlashuvi, iqlim o‘zgarishlari, ehtimol, shu bilan bog‘liq ravishda mintaqa asosiy daryolari oqimining katta qismi hosil bo‘ladigan Pomir va Tyan-Shan muzliklari maydonining qisqarib borishi — bularning barchasi Orol dengizining halokati natijasida yuzaga kelayotgan muammolarning bir qismi, xolos.
Bu sobiq totalitar tuzum davrida mintaqa aholisi manfaatlari hamda tabiat bilan hisoblashmay olib borilgan ko‘r-ko‘rona siyosat oqibati.
Xo‘sh, bugun ahvol qanday? Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, muammo ko‘lamining oldini olish samara berayaptimi? Haqli savollar tug‘ilaveradi.
Yaqinda, ya’ni shu yilning 22-24 mart kunlari Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida Suv masalalari bo‘yicha tarixiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada tuzilmaga a’zo 198 mamlakat qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva unda nutq so‘zlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi.
Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini ta’kidladi.
– Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga e’tiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq, g‘amxo‘r odamlarning sa’y-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda, – dedi S.Mirziyoyeva.
Darvoqe, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har doim xalqaro nufuzli anjumanlarda, har gal Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy darajadagi yig‘ilishlarida ishtirok etar ekan, aynan shu Orol muammosini ko‘tardi va bu yo‘nalishda muhim tashabbuslarni ilgari surib, dunyo hamjamiyati e’tiborini mintaqaga qaratdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlanib, 2018 yilda Orolbo‘yi mintaqasi uchun insonlar xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi.
O‘zbekiston rahbari sa’y harakatlari sabab 2021 yilda BMT Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
Katta tashabbuslar evaziga Orol dengizining qurigan tubini “Yashil hudud”ga aylantirish loyihasi boshlab yuborildi.
Respublikaning barcha hududidan yuzlab maxsus texnikalar, aviatsiya jalb etildi. Xususan, 2018-2021 yillar mobaynida katta o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Natijada, dengizning qurigan tubida 1,7 mln gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat “yashil qoplamalar” barpo etildi.
Tabiat resurslari vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 107 ming gektar maydonga saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari ekilgan.
Ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 635 nafar ishchi-xodim, 250 ta yuqori unumli traktor va 2 ta kichik aviatsiya (AN-2) jalb etilgan.
Joriy 2023 yilda esa 100 ming gektar maydonda ana shunday himoya o‘rmonzorlari hisoblanuvchi “yashil qoplamalar” barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘ariladi. 100 gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etish maqsad qilingan.
...Yo‘limizda davom etib, atrofga nazar tashlaymiz. Mahalliy aholining aytishicha, bundan bir necha yillar muqaddam Qo‘ng‘irotdan o‘tgandan keyin faqat cheksiz sahro ko‘zga tashlanar ekan. Bugun esa tamomila o‘zgacha manzara. Yangi davr nafasi bu uzoq o‘lkalarda ham butunlay yangilanish davrini boshlab bergan. Mo‘ynoqqa yaqinlashgan sayin, buni siz ham his qila boshlaysiz. Yashillik, bunyodkorlik ishlari bo‘y ko‘rsatadi. Namunali uy-joylar, zamonaviy ta’lim muassasalari, shifoxonalar, madaniyat maskanlari ko‘zni quvontiradi. Kimdir ekin ekmoqda, kimdir daraxt ko‘chatlarini o‘tqazayotir. Har qadamda yangi ishlab chiqarish sexlari, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari...
Katta bir sahro orasidan go‘yo bir g‘aroyib zamonaviy maskanga kirib kelayotgandek bo‘lasiz. Mamlakatning eng uzoq o‘lkasi, og‘ir va olis zamin. Bu diyordagi qaynoq hayotni, o‘zgarish va yangilanishlarni kuzatib, Mo‘ynoq shunchaki tashlab qo‘yilmagan, aksincha, butun mamlakatning e’tiboridagi go‘sha ekaniga ishonasan...
Mo‘ynoq markazi — bu yerda ham yangilanishlar, bunyodkorlik avjida. Yangi, zamonaviy imoratlar, ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari, sport maydonchalarining qurilganini, bunyodkorliklar davom etayotganini ko‘rib dilingiz yayraydi. Mo‘ynoq tumanini kompleks rivojlantirish dasturi asosida yangidan ellikka yaqin ijtimoiy soha ob’ektida bunyodkorlik ishlari bajarildi. Amfiteatr, madaniyat saroyi, sport kompleksi, Yoshlar markazi kabi majmualar va ko‘p qavatli turar-joylar qurildi. Markaziy ko‘chalardagi yo‘llar ta’mirlangan, elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gaz tarmoqlari yangilandi.
Ko‘chalarni kezib obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham sodda va jo‘mard xalqning an’anasiga aylanib borayotganiga amin bo‘lasiz.
Mo‘ynoqda aholining aksariyat qismi yaratuvchanlik bilan band. Odamlarning hayotdan umidlari katta. Ular yashayotgan joy ekologik og‘ir hudud bo‘lsa-da, mahalliy aholining oldiga qo‘ygan katta maqsadlaridan, harakatlaridan kelajakka ulkan ishonch bilan qarayotganini payqash mushkul emas.
Bizga bobolarning suhbati qiziq tuyuldi. Ko‘pni ko‘rgan, hayotning bor achchiq chuchugini totgan nuroniylar dilidagi gapni ayta oladi. Yo‘qni yo‘q, yomonni yomon, deyishdan hayiqmaydi. Otaxonlar bilan Oroldan qolgan yodgorlik “Kemalar qabristoni”ga bordik. Bu insonlarning uzundan uzun, ammo maroqli hikoyalari, bir kitobga ham sig‘mas dardlari bor.
Bir paytlar mana shu joylarda dengiz pishqirib ko‘pirardi, bolam, – deydi sarhadsiz kengliklarga tikilib nelarnidir xayolidan o‘tkazayotgan 80 yoshli Almaz ota Tubashev. – Orol ovuldan ketdi, unga qo‘shilib baliqlar ketdi. Odamlar ham ketdi. Bir maydon ovul huvullab qoldi. Ammo men ketmadim, kindik qonim shu tuproqqa to‘kilgan. Ota-bobolarim yashagan zamin bu. Mana, yangi davrlar keldi, shu bilan birga umidlarimiz ham keldi, hayot qayta jonlandi. To‘g‘ri, endi Orol ortiga qaytmasa kerak, ammo bu joylar yana obod bo‘lyapti. Yana gullar ochilmoqda. Men bu dengizning eng gurkuragan davrini ham eng harob ahvolga kelgan paytini ham ko‘rganman bolam. Hammasi ko‘z o‘ngimda bo‘ldi, hamma hammasi...
Almaz ota baliqchi edi, ammo 1960-70 yillarda dengiz uning ovulidan uzoqlasha boshlagach, kasbi ham uni tark etdi. Suvlar sho‘rlandi, daraxtlar qurib bitdi, chakalakzorlardan asar ham qolmadi. Jozibakor tabiat o‘rnini jonsiz sahro egalladi. Dengizdan faqat qumlarga tiqilib sahro o‘rtasida haykal misol turgan kema qoldiqlari meros bo‘lib qoldi, xolos. Bularning barchasi uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. Ayanchli taqdir, ayanchli manzara. Bir avlod umridan ham qisqa davrda dengiz qariyb 200 chaqirimga ichkarilab ketdi.
Mo‘ynoqda bolalik yillarida Orol dengizining to‘lib-toshib, hayqirgan davrlarini ko‘rgan nuroniylarni ko‘plab uchratish mumkin. Yerg‘ali ota Orazimbetov dengiz uchun jon kuydirgan ana shunday fidoyi insonlardan.
Yaqin vaqtlargacha kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi ko‘l bo‘lgan Orol dengizi tabiiy zaxiralarga boyligi bilan ham mashhur edi, – deydi Yerg‘ali ota. — Eng noyob baliqlardan tashqari, bu yerlar “Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi hayvonlardan tortib, turli qushlar, parrandayu darrandalar makoni edi. Orolbo‘yi Qoraqum va Qizilqum sahrosi o‘rtasida joylashgan najotbaxsh maskan bo‘lgan. Bular endi ertakdek tuyuladi.
Mening yoshligim, mening umrim shu yerlarda o‘tdi. To‘g‘ri, ayrimlar ko‘chib ketdi, sobiq ittifoq zamonlarida bir necha ming oila o‘zga mintaqa va yurtlarda vatan tutdi. Biroq ko‘pchilik o‘z ajdodlari xoki qo‘yilgan tuproqni tashlab ketmadi. Shularning orasida men ham borman. Shukrki, dorilomon kunlarga yetib, chorvachilik, parrandachilik, savdo-sotiq bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Tug‘ilgan go‘shamning gullab-yashnashi uchun biroz bo‘lsada o‘z hissamni qo‘shsam – shu mening baxtim.
Darvoqe, Orol dengizida suv to‘lib-toshgan, baliqchilik rivojlangan, baliq konserva zavodi to‘liq quvvat bilan tunu kun ishlayotgan davrlarda Mo‘ynoq tumani aholisi 100 mingdan ortiq edi. Dengiz qurishi, ekologiyaning buzilishi oqibatida ularning aksariyat qismi boshqa hududlarga ko‘chib ketdi. Hozirgi kunda tumanda 30 mingdan ziyodroq aholi istiqomat qiladi.
O‘tgan asrning 60-yillaridan Orol dengizi sathining tez sur’atlar bilan pasayishi jiddiy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kela boshladi. Amudaryo orqali Termiz shahrini Aralsk temir yo‘l tuguni bilan bog‘lagan Orol dengizi o‘z funksiyasini tugatdi. 1981 yilga kelib esa dengizda kema harakatlari butunlay to‘xtadi. Barcha kemalar port shaharlar yaqinidagi quruqlikda qolib ketdi. Bir necha yillar ichida dengizda suzgan 500 dan ortiq kema qumliklardan abadiy joy oldi. Hozirda esa ulardan meros bo‘lib, yaqin tarixni eslatuvchi 11 dona kema «kemalar qabristoni»da qoldi.
Yo‘lda bizga hamroh bo‘lgan qoraqalpog‘istonlik hamkasbimiz, fotograf Maqsad Habibullayev ham Mo‘ynoq va Qoraqalpoq diyori, o‘zgarishlar, yangilanishlar haqida to‘lib-toshib so‘zlab berdi.
— Mo‘ynoqni ko‘rgani kelgan har bir insonning, tabiat shaydosining xotirasida bu joylar bir umrga muhrlanib qoladi, – deydi u.– To‘g‘ri, aholisi uncha boy emasdir, ammo bu joylarda xuddi shu dengizdek qalbi toza, bag‘ri keng odamlar yashaydi. Ular buguniga, ertangi kuniga ishonadi. Ishonch esa amalda olib borilayotgan o‘zgarishlar tufayli mustahkamlanmoqda.
Darvoqe, endilikda Orol bo‘yi tomonlarga sizning ham yo‘lingiz tushsa, bu yerlarga qum barxanlari bilan to‘silgan aylanma yo‘lларdan emas, balki Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoqni bog‘laydigan to‘g‘ri, keng va ravon yo‘llardan kelasiz. Mo‘ynoqliklar bilan gurunglashasiz, qalbiga sig‘mas uzun hikoyalarini tinglaysiz. Yangilanayotgan maskanlarni bir bor ko‘rasiz. Va, ona tarix o‘z sahifalaridan o‘chirishga urinayotgan buyuk Orol dengizi fusunkorligi yana o‘ziga qaytayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Ayni maskanlar 20 yil muqaddam ko‘rgan odam uchun tomomila o‘zgacha manzara kasb etgan. Bu jahon tarixida birinchi marta qurigan dengizning qutqarilishi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmas.
Asliddin SUYUNOV,
jurnalist
Toshkent — Nukus — Mo‘ynoq — Toshkent.
Manba: “Xalq so‘zi”