Prezident farmoni bilan 2023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirildi.

Nima uchun bu qarorga kelindi? Avtomobillar tezligini pasaytirish yo‘l-transport hodisalarini kamaytiradimi? 

O‘zA muxbiri IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xizmati yo‘l infratuzilmasini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Baxtiyor G‘afurov bilan shu haqda suhbatlashdi. 

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har 24 soniyada 1 kishi avtohalokat tufayli vafot etadi, — deydi B.G‘afurov. - Ularning ko‘pchiligi  yoshlar va bolalardir.  

Avtohalokatlarning asosiy sababi – transport vositalarining katta tezlikda harakatlanishidir. Chunki katta tezlikda boshqaruvni yo‘qotish, boshqa transport vositalari bilan to‘qnashuv sodir etish va piyodani urib yuborish ehtimoli yuqori. 

2022 yilda mamlakatimiz hududida 10 mingga yaqin  yo‘l˗transport hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lsa, ularning  16 foizi yoki salkam 1,6 mingtasi transport vositasini yuqori tezlikda boshqarish oqibatida sodir etilgan. 

Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqishidagi ikkilamchi sabab - yo‘l infratuzilmasidagi nosozliklardir. O‘tgan yilda sodir bo‘lgan 1 ming 194 yo‘l transport hodisasi aynan ushbu holat bilan bog‘liq. 

Demak, transport vositalarining tezligini pasaytirilishi hodisalarining deyarli 30 foizining oldini olish imkoniyati yaratiladi.

— Avtotransport vositalari harakatining tezligi yana qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi? 

— Avtotransport vositasining tezligi qanchalik baland bo‘lsa, haydovchiga transport vositasini to‘xtatish shunchalik qiyinchilik tug‘diradi. 50 km/soat tezlikda harakatlanayotgan avtomobilni tormozlash uchun 13 m, 40 km/soat tezlikda tormozlash esa 8,5 m masofani talab qiladi.

Avtotransport tezligining 1 km/soatga oshishi baxtsiz hodisalar xavfini 3 foizga oshiradi.

Yuqori tezlik avtomobildagi yo‘lovchilarga ham ta’sir qiladi, albatta. 

Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda, 80 km/soat tezlikda bo‘lgan transport vositasi yo‘lovchilarning o‘limi xavfi 30 km/soat tezlikdan 20 baravar yuqori bo‘ladi. Yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositasi piyodalar va velosipedchilarga ham salbiy ta’sir qiladi. 

Masalan, agar avtomobil 30 km/soat tezlikda harakatlansa va piyoda bilan to‘qnashib ketgan bo‘lsa, piyodaning omon qolish ehtimoli 90 foiz bo‘ladi. Lekin tezlik 45 km/soat bo‘lsa, omon qolish ehtimoli 50 foizga tushadi. 80 km/soat va undan yuqori tezlikda piyodaning omon qolish imkoniyati yo‘q.

Haydovchining tezlik rejimini tanlashda bir nechta omillar ta’sir qiladi: haydovchining o‘ziga bog‘liq omillar (yoshi, tajovuzkorligi, mastligi, avtomobildagi yo‘lovchilar soni va boshqalar)

Yo‘l va transport vositalari bilan bog‘liq muammolar (yo‘l holati, yo‘l xususiyatlari, transport vositasining o‘tkazuvchanligi, maksimal tezlik chegarasi va boshqalar). Transport oqimi va atrof-muhit (zichlik tezligi, oqim tarkibi va 
ob-havo sharoiti)ga ham bevosita bog‘liq. 

— Bu borada xalqaro amaliyot o‘rganildimi? 

— Albatta. Dunyoning Avstriya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Portugaliya, Turkiya, Shvetsiya kabi rivojlangan mamlakatlarida aholi yashash punktlarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligi soatiga 50 km etib belgilangan.

Bunday tezlik insonlar hayoti va sog‘ligini asrashda muhim o‘rin egallaganligini hisobga olib, dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi farmoniga asosan  Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirildi.

— Tezlikni pasaytirish odamlarning qimmatli vaqti yo‘qotilishiga, yo‘llarda tirbandliklar hosil bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi, degan fikrlarga nima deysiz? 

— Inson hayotini asrash – eng muhimi.  Shu nuqtai nazardan transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligining aholi gavjum joylarda pasaytirilgani yo‘l-transport hodisalarining oldini olishi, ko‘plab insonlar hayotini asrab qolishi muqarrar. 

Tirbandliklar ko‘payib borayotgani rost. Buning sababi esa faqat tezlik bilan bog‘liq emas. Bu muammoni bartaraf etish bo‘yicha yo‘llar holati, infratuzilmasi bilan bog‘liq yechimlar ustida bosh qotirish kerak. 

                                                                     Norgul Abduraimova, O‘zA