"Bularning barchasi – millati, tili va dinidan qat’i nazar har bir yurtdoshimiz “qilsa bo‘lar ekan-ku”, deb o‘z ro‘zg‘ori, oilasi misolida yurtimizda yuz berayotgan katta o‘zgarishlarni yaqqol sezayotganidan dalolat emasmi?
Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdilar.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz!”, - dedi davlatimiz rahbari.
Albatta, xalqimizning referendumdagi ovozi, bildirgan yuksak ishonchi barchamizga katta mas’uliyat yuklashi, el-yurtimizni rozi qilish uchun bizni yangi marralarga undashi, islohotlarni jadal davom ettirishda yanada katta kuch-g‘ayrat va ilhom bag‘ishlashi ta’kidlandi.
"O‘zining yuksak fuqarolik burchini chin dildan ado etib, Asosiy qonunimizni qabul qilishda amaliy taklif va tashabbuslari, g‘oya va fikrlari bilan faol ishtirok etgan ko‘p millatli, mard va olijanob xalqimizga ta’zim qilaman”, - dedi Prezident.