"O‘zbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qat’iy tanlovi ham shu!" - dedi Prezidentimiz.
Bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta’minlanishi; barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi; mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash siyosati izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi.
"Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kundanoq “Biz xalqimizga xizmat qilgani kelganmiz”, “Biz xalqni rozi qilishimiz kerak” degan gaplarni doim takrorlayman.
Islohotlarni boshlagan paytda o‘zimiz tasavvur ham qilmagan juda ko‘p muammo va sinovlarga duch keldik. Ularga el-yurtimiz bilan birgalikda yechim topib, har bir masalani joyida hal qilib borayapmiz.
Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizning ma’no-mazmuni, bosh maqsadi ham xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratib berishdan iboratdir.
Bu maqsad yo‘lida qanchalik og‘ir bo‘lmasin, zarur mablag‘larni, kerak bo‘lsa, ortiqchasi bilan topib, barcha imkoniyatlarni ishga solayapmiz.
Xalqimizning o‘zi – eng adolatli hakam. Men aminman, bugun yurtimizdagi har bir inson “hayotimda ijobiy o‘zgarish bo‘lmoqda”, deb ayta oladi", - dedi Prezident.