Samarqand davlat universiteti va Ozarbayjon davlat neft sanoat universiteti o’rtasida xalqaro hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yiladi…
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/645b177df3f2c-645b177df3f2e-645b177df3f2f-645b177df3f30.jpg)
Samarqand davlat universitetiga Ozarbayjon davlat neft sanoat universiteti xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor o’rinbosari Ulviya Abbosova boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar bilan SamDU xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori, professor Akmal Axatov uchrashdi.
Tashrifdan asosiy maqsad xalqaro hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish, Erasmus dasturi doirasida Teaching mobility, Staff mobility loyihalarini birgalikda amalga oshirishdir.
Muloqotda IT, geologiya, kimyo-texnologiya, mexanika, iqtisod sohalarida hamkorlik qilish kelishib olindi. Shuningdek, professor-o’qituvchi va talabalar o’rtasida akademik almashinuv masalalari muhokama qilindi. SamDU ga geologiya va mexanika sohalari bo’yicha Ozarbayjon davlat neft sanoat universitetining yetakchi mutaxassislarini jalb qilish borasida so’z yuritildi.
Shuningdek, SamDU professor-o’qituvchilarini Ozarbayjon davlat neft sanoat universitetining Ozarbayjon-Fransiya instituti tajribasini o’rganish uchun Bokuga qisqa muddatli stajirovkaga yuborish bo’yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar davomida kelajakda tomonlar o’rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, xalqaro QS, THE reytinglarida bir-birini qo’llab-quvvatlash borasida kelishib olindi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.