“Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturi amalga oshiriladi
“Tashkent city"dagi "Congress Hall" majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘n birinchi s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda.
–Xalqaro ekspertlar bilan birga o‘tkazgan tahlillarimiz ko‘rsatmoqdaki, bugun hayotimizdagi mavjud sharoitlar bolalarimizga faqat 60 foiz salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkon berar ekan.
Shu bois biz ta’lim-tarbiya sohasini tubdan o‘zgartirishga bel bog‘lab, islohotlarni bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdan boshladik va so‘nggi yillarda qamrovni 27 foizdan 72 foizga olib chiqdik,– dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, o‘tgan davrda maktab ta’limida qo‘shimcha 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab tashkil qilindi.
Eng muhimi, ta’limga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib keldi.
Boshlang‘ich sinf darsliklari eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida to‘liq yangilandi. Maktablarga minglab xorijiy muallimlar olib kelindi.
Bugun qancha-qancha oddiy oilalar farzandlari xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lmoqda, nufuzli xorijiy oliygohlarga kirmoqda. Ularni ota-onalarining quvonchi cheksiz.
–Ayni vaqtda barchamiz yaxshi tushunamizki, bu ishlar ulug‘ maqsad yo‘lidagi dastlabki qadamlardir. Oldimizda yanada ulkan vazifalar turibdi. Masalan, bu yil maktablarni 390 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 700 ming bola 1-sinfga boradi. Kelgusi yillarda bu raqam 1 millionga chiqadi. Bu esa, tabiiyki, bizdan yanada ulkan kuch va resurslarni safarbar etishni talab qiladi. Shu bois, maktabgacha va maktab ta’limini yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha yangi dasturlarni boshlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Eng avvalo, 2030 yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanadi va qamrov 100 foizga yetkaziladi.
Buning uchun, ishlab chiqarish korxonalarining bog‘cha qurishga sarf etiladigan xarajatlari soliqlardan to‘la ozod qilinadi.
Shuningdek, bu maqsadlarga 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit beriladi. Natijada, 2030 yilga qadar qo‘shimcha 2 mingta bog‘cha quriladi.
Ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu imtiyoz bola xususiy bog‘chaga borsa ham qo‘llanadi.
Bog‘cha va maktablarimiz filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan, sut va yod bilan to‘yingan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bolajonlarimizni erta yoshdan boshlab zamonaviy texnologiyalarga o‘rgatish maqsadida, har bir bog‘cha kompyuter sinfi bilan ta’minlanadi.
Kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rni yaratishimiz, ta’lim sifatini tubdan yaxshilashimiz zarur.
Shu maqsadda “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturi amalga oshiriladi.