Samarqand davlat universiteti kuni keng nishonlandi…
Samarqand davlat universiteti XV-XVI asrlarda – Amir Temur va temuriylar davrida yurtimizda ro‘y bergan Ikkinchi Renessansning mahsulidir. Bu oliy ta’lim maskani o‘z davrida dunyoda tengi yo‘q ta’lim, bilim va fan dargohi bo‘lmish Ulug‘bek oliy madrasasining vorisidir va unda ta’lim bergan, o‘qigan, ilmiy tadqiqotlar olib borgan olim va fuzalolar xalqimizning hamda insoniyatning ilmiy-texnik va madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan.
1420-yil 21-sentyabrda Registon maydonidagi muhtasham binoda Ulug‘bek madrasasida mashg‘ulotlar jarayoni boshlangan edi. Bu qutlug’ sana Samarqand davlat universiteti tashkil topgan kundir. Shu sababli 2021-yildan boshlab 21-sentabr kuni har yili Samarqand davlat universiteti kuni sifatida xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.
Bugun erta tongdan boshlangan anjuman qizg’in kechdi. Universitet xiyoboni bo’ylab, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli xil ko’rgazmalar, intellektual o’yinlar bo’lib o’tdi. Kuy-qo’shiqlar ijro etilib, talaba va o’qituvchilarga kayfiyat ulashildi.
Kunning ikkinchi qismida Samarqand Yoshlar markazida universitet kuniga bag’ishlab tantanali marosim o’tkazildi. Dastlab, Samarqand viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Mirzo Ulug’bek madrasasidagi ilk dars jarayoni aks etgan sahna ko’rinishi namoyish etildi.
Tantanali tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so’zi bilan ochib, barchani qutlug’ sana bilan samimiy tabrikladi.
Anjumanda Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husan To’xtayev, O’zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova, Italiyaning Bolonya universiteti rektori, professor Govani Molari, Hindiston Texnologiya instituti professori Kamal Kishore Pant, Hindiston Vellore texnologiya instituti xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, professor Syed Ibrahim, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Nasimovlar so’zga chiqib, SamDU haqida o’zining fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari universitet faoliyatiga yuqori baho berib, xalqaro hamkorlik aloqalarini alohida e’tirof etdi.
Sankt-Peterburg Politexnika universiteti rektori, professor Andrey Rutskoy, Xitoyning Changchun fan va texnologiya universiteti prorektori Fu YUEGAN, Oltoy davlat universiteti rektori, Sergey Bocharovlarning qutlovlari eshittirildi.
Undan so’ng Samarqand davlat universiteti va uning yutuqlari aks etgan videofilm namoyish qilindi.
Anjuman davomida ilm-fanda yuqori natijalarga erishgan, universitetning xalqaro nufuzini ko’tarishda o’z hissasini qo’shgan bir qator professor-o’qituvchilar hamda fan olimpiadalarida va sport musobaqalarida g’oliblikni qo’lga kiritgan talabalar universitet rektorining qimmatbaho esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur yoshlar orasida SamDU geografiya va ekologiya fakulteti magistranti, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o’yinlari ishtirokchisi, para-dzyudo bo’yicha Jahon va Osiyo chempionati sovrindori, “Shuhrat” medali sohibi Uljon Amriyevaning sportdagi g’alabalari va matonati e’tirof etilib, universitet rektori tomonidan kompyuter jamlanamasi sovg’a qilindi.
Tadbir yakunida ijodkor talabalar tomonidan kuy-qo’shiqlar ijro etildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.