Dunyoning mashhur mexanik olimlari Samarqand davlat universitetida yig’ildi…
Samarqand davlat universitetida "Mexanika muammolari: tuzilishi, materialshunoslik va tribologiya" nomli xalqaro konferensiya o’tkazilmoqda.
Nufuzli anjumanda Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Belorus, Daniya, Bolgariya, Qozog’iston, Armaniston kabi davlatdan 100 ga yaqin xorijlik olimlar ishtirok etmoqda.
Konferensiya texnik va biologik tizimlarni, ularning mexanik, tribologik va material jihatlari o'zaro bog'liqligi va o'zaro ta'sirini hisobga olgan holda ko'p fanli tadqiqotlarga bag'ishlangan.
Xalqaro anjuman Samarqand davlat universiteti va Germaniyaning Berlin texnika universiteti bilan hamkorlikda o’tkazilmoqda.
E. Kim, Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti professori:
- Samarqand tarix va zamonaviylikni o’zida mujaasam etgan ulug’vor shahar. Samarqandga ilk bor kelishim. Menga shahringiz juda yoqdi. Samarqand davlat universiteti bugungi konferensiyaga juda yaxshi tayyorgarlik ko’rgan. Anjumanga kelishdan oldin SamDU faoliyati bilan qiziqdim. Ayniqsa, universitet talabalarning Koreyada o’qishi, bir qator koreyalik tadqiqotchilar Samarqand davlat universitetida ilmiy ishlar qilishi meni quvontirdi. Bugun juda qiziq mavzulardagi ma’ruzalarni eshityapmiz. Bu sohaga oid ilm-fanning yanada rivojlanishida muhim qadamdir.
Varvara Romanova, Rossiya Fanlar akademiyasi professori:
- Mazkur konferensiyani Samarqand davlat universitetida o’tkazish an’anaga aylandi. O’tgan yil ham xuddi shu vaqtda marosimga ishtirok etish uchun kelgan edim. Bu yilgi tayyorgarlik ham a’lo darajada. Dolzarb muammolarga yechim bo’ladigan ma’ruzalarni eshityapmiz. Bu ayniqsa yosh tadqiqotchilar uchun juda muhim. Dunyo tan olgan mexanik olimlar bugun Samarqand davlat universitetiga yig’ildi. Tadqiqotchilar mazkur tadbirdan foydalanib o’zlari uchun kerak bo’lgan mavzuni va xorijdan ilmiy rahbar tanlashlari imkoniga ega bo’lishdi.
Anjuman 4 sho’baga bo’lingan holda 26-sentabrgacha o’z ishini davom ettiradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.