Samarqand davlat universitetida "Nazariy fizika va yangi texnologiyalar" mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda...
Nufuzli anjumanda AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Ispaniya kabi davlatlardan 50 ga yaqin olimlar maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjuman Samarqand davlat universiteti, Moskva fizika va texnologiya instituti hamda Rossiya Kvant markazi hamkorligida tashkil etilgan.
Konferensiyaning o‘tkazilishidan asosiy maqsad nazariy fizika va yangi texnologiyalar sohasida olib borilayotgan yangi ishlar bilan yaqindan tanishish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini yaxshilashdir.
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov anjuman ishtirokchilarini tabrikladi.
Anvar Zohidov, AQSH ning Texas universiteti Nanotexnologiyalar instituti direktori o‘rinbosari, Samarqand davlat universiteti Kvant markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi:
- Konfernesiyaning maqsadlaridan biri nazariy fizika va yangi texnologiya bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini muhokama qilish va kelajakdagi rejalarni tuzishdan iborat. Anjuman Samarqand davlat universitetida o‘tkazilishining ham bir qator sabablari bor. Birinchidan, Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti qoshida Kvant markazi mavjud. Mazkur markazdagi tadqiqotlar bevosita hozirgi texnologiyaning rivojlanishida asosiy omil hisoblanadi. Ikkinchidan, Samarqand davlat universiteti xalqaro reytinglarda nufuzli o‘ringa ega, professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati yuqori. Uchinchidan, SamDU shu kabi xalqaro anjumanlarni o‘tkazish uchun boy moddiy texnik bazaga ega va qulay geografik nuqtada joylashgan.
Aleksey Kavokin, Rossiyaning Nazariy fizika instituti direktori:
- Bugungi xalqaro konferensiya nazariy va eksperimental fizik olimlarni Samarqand davlat universitetida jamladi. O‘rta asrlarda Samarqand astronomiya va tibbiyot markazi bo‘lgan. Hozirgi kunda u zamonaviy ilm-fan va texnologiya markaziga aylandi. Samarqand davlat universiteti esa jahon bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar olib borayotgan asosiy oliy taʼlim muassasidir. Buni Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan SamDU Kvant markazi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Bugungi anjumanda yuroqi salohiyatga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqot institutlarining olimlari ishtirok etmoqda. Ularning olib borayotgan tadqiqotlari jahon ilm-fanidagi dolzarb muammolarning yechimiga qaratilgan.
Xalqaro konferensiya 4 oktyabrgacha davom etadi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.