Qoraqalpog‘istonlik jurnalistlar Samarqand davlat universitetida
Samarqand davlat universitetiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Apparati axborot bo‘limi boshlig‘i Azamat Ajimuratov boshchiligidagi bir qator jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari tashrif buyurdi.
Bundan asosiy maqsad maxsus kvota asosida talabalikka qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik yoshlar holidan xabar olish, ularning o‘qish, yashash, dam olish, sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdir.
Mehmonlar Samarqand davlat universiteti o‘quv xonalari, kutubxona, laboratoriya, oranjeriya, yotoqxona, maʼruzalar zali, Biokimyo instituti kampusi, zoologiya muzeyida bo‘lishdi. Biologiya, kimyo, biotexnologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan bir qator talabalar bilan muloqot qilishdi. Ularning fikr-mulohazalarini tinglashdi. Qoraqalpog‘istonlik yoshlarga o‘qish va izlanishlarda omad tilashdi.
Qoraqalpog‘istonlik OAV xodimlari SamDU dagi sharoit va imkoniyatlarga yuqori baho berishdi. Bu dargohda bugun mamlakatimizning barcha hududlaridan talabalar tahsil olmoqda. Shuningdek, xorijdan kelib o‘qiyotganlar ham bor. Maqsad o‘qish va bilim olish. Kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishish...
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.