Imkoniyati cheklangan shaxslar va ularning psixologiyasi
BMT ma’lumotlariga ko‘ra taxminan 450 mln. insonda psixik va jismoniy rivojlanishda buzilishlar mavjudligi aniqlangan. Bu yer yuzidagi aholining 1/10 qismini tashkil qiladi.
Bundaylar qatoriga: eshitish sezgisida buzilishlari mavjud insonlar (kar, zaif eshituvchi, orttirilgan kar insonlar); nutqida og‘ir buzilishlar mavjud insonlar (logopatlar); intellektual rivojlanishida og‘ir buzilishlar mavjud insonlar (aqli zaif insonlar); psixik rivojlanishida kompleksli buzilishlar kuzatiluvchilar (ko‘r hamda kar-soqov insonlar, ko‘r hamda aqli zaif insonlar va boshqalar); tayanch apparat tizimida kasalliklari mavjud; psixopat xulqli insonlar kiradi. Bundan tashqari shunday qatlami borki, ular o’rta ta’lim, maktabgacha ta’lim muassasalariga boradilar. Salbiy ijtimoiy omillar va ayniqsa shaxslararo munosabatlar ta’sirida diskomfort holatini boshdan kechiradilar, ushbu holat ularning ulg‘ayishi bilan oshib boradi. Keyinchalik psixojarohatlovchi ta’sirga ega bo‘ladi. Shunga muvofiq, bunday insonlarga jamiyatda moslashishi uchun alohida yordam kerak bo‘ladi.
Xalqaro ijtimoiy zaiflik va cheklangan hayot faoliyati hamda buzilishlar nomenkulaturasiga muvofiq “hayot faoliyatining cheklanganligi tushunchasi ostida berilgan yosh davri uchun normal hisoblangan faoliyatni bajarish, yoki uni bajarish usullarini amalga oshirishdagi har qanday cheklanganlik tushuniladi”.
Hayot faoliyatining cheklanganlik darajasi aynan shu tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan “og‘irlik shkalasi” orqali miqdoriy ko‘rsatkichlarda aniqlanadi. Turg‘un funksional buzilishlarga ega bolalarning aksariyati bu nogiron insonlardir.
Imkoniyati cheklangan (nogiron) - bu shaxsiy ehtiyojlarini va ijtimoiy hayot yetishmovchiliklarini qisman yoki to‘liq o‘zi mustaqil ta’minlay olmaydigan istalgan shaxs. Nogironlik qabul qilingan tasnifnomaga ko‘ra organizmdagi domiy buzilishlarga olib keluvchi, hayot faoliyatining cheklanishiga sabab bo‘luvchi, alohida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj tug‘diruvchi ijtimoiy zaiflik sifatida talqin etiladi.
Bunday ijtimoiy yordam yo‘nalishlaridan biri zamonaviy jamiyatda tobora katta ahamiyat kasb etuvchi ijtimoiy reabilitasiya hisoblanadi.
Imkoniyati cheklanganlarni ijtimoiy reabilitasiyalash ijtimoiy yordamning murakkab zamonaviy va muhim tizimlaridan biridir.
Unining asosiy vazifasi - maxsus tashkil etilgan suhbat vositasida shaxsning ijtimoiy statusini tiklash, uning ijtimoiy munosabatlarda ishtirokini ta’minlashdir.
Imkoniyati cheklangan insonlarning asosiy muammosi quyidagilarda:
Olam bilan aloqaning buzilganligi;
Kattalar va tengdoshlari bilan aloqaning qashshoqligi;
Tabiat bilan muloqotning cheklanganligi;
Bir qator madaniy qadriyatlaming yetishib bo‘lmasligi muammosi;
Elementar ta’limni ololmaslik. Bu muammo faqatgina sub’yektiv bo‘lmay, balki ijtimoiy-siyosiy hamdir;
Qobilyat va iste’dodni namoyon qilishni chegaralanganligi. Nogiron bola tengdoshi kabi qobiliyatli iste’dodli bo‘lishi mumkin, biroq o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish, aniqlash va ular orqali jamiyatga foyda keltirishi uchun unga imkoniyatlarning teng emasligi to‘sqinlik qiladi.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, imkoniyati cheklangan insonlarning psixologik holatida quyidagi emotsional hodisalar kuzatiladi:
1. Tengdoshlari va yaqinlari bilan muloqotning o‘tkir yetishmasligi hissi;
2. Kasallikning rivojlanishi natijasida, yoki tanani mayib qiluvchi davolash usuli ta’sirida o‘zining “Jismoniy meni”ni qabul qilishdagi qiyinchilikni (bola davolash ta’sirida semiradi, sochi to‘kilib ketadi, tez o‘sadi, buning ta’sirida bola dorilarni iste’mol qilishdan bosh tortishi mumkin) paydo bo‘lishi;
3. Ijtimoiy qarovsizlik, zaiflik, jamiyat tomonidan voz kechish hissining paydo bo‘lishi;
4. Qo‘rquvlar (ko‘pincha, parodaksal xarakterga ega bo‘ladi: ular bolaning hozirgi paytdagi aktual holati bilan bog‘liq va qisman kelajakda namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi);
5. Oldinda kutayotgan operatsiya bilan bog‘liq qo‘rquv;
6. Kasallikning residivi oldida qo‘rquv;
7. Yolg‘izlik hissi, ammo ayni paytda bola u uchun ahamiyatli bo‘lgan insonlar bilan uchrashishdan ham qo‘rqishi mumkin;
8. 4-5 yoshdan boshlab his etiladigan o‘limdan qo‘rqish hissi (yetti yoshli bola: atrofimda bolalar o‘lmoqda, men ham tez orada o‘lishim mumkin, buni bilaman, men o‘limdan qo‘rqaman);
Imkoniyati cheklangan ayollar bilan ijtimoiy reabilitasion ishlarni olib borishda mana shu xususiyatlami inobatga olgan holda faoliyat ko‘rsatish kerak…
Umida Bo’tayeva
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri