Samarqand davlat universiteti noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi Erali Buvrayev hozirda “3d-guruh metallarining vitaminlar va aminokislotalar bilan aralash ligandli kompleks birikmalari sintezi” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.

    Yurtimizda qishloq xo’jaligiga alohida e’tibor qaratilayotgan shu kunlarda parrandachilik va kichik qoramollarni intensiv boqish texnologiyasi eng dolzarb va muhim yo’nalishlardan biridir. Ayniqsa, ularning to’laqonli oziqlanishi, uning ratsionida ozuqa bilan birga minerallar, vitaminlar va boshqa biologik faol qo’shimchalarning bo’lishi - bu hosildorlik garoviga, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga ham xizmat qiladi.

    Shuningdek, tadqiqotchi o’zining bu ilmiy ishini tuxum qo’yuvchi tovuqlar, broyler jo’jalar, hali sutdan ajratilmagan buzoqlarda vitamin va aminokislotalar misolida sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

    Xalqaro hamjamiyatga nazar solinsa, so’nggi yillarda bunday tajribalar xorijda ko’plab o’tkazilgan va amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda. 

    Ushbu 3d, ya’ni biometallar (mis, rux, kobalt, nikel) organizmda muhim faollik namoyon qiluvchi metall ionlari bo’lib, ularni biologik faol bo’lgan komponentlar – aminokislotalar hamda vitaminlar bilan aralashtirilsa, uning biologik faolligi kuchayganligi, yangi ta’sir samaradorligiga ega bo’lganligi to’g’risida ilmiy ma’lumotlar mavjud.

    - Butun dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan turli aminokislotalar va biometallar hosil qilgan aralashmasining biologik ta'siri tadqiq etilganda uning mikroblarga qarshi, bakteriyalarga aks ta'siri, shuningdek, hayvonlarning mahsuldorligini oshirish faolligini namoyon etishi aniqlangan, - deydi tadqiqotchi Erali Buvrayev. - Biz hozirgacha biometallar va aminokislotalar ishtirokida 48 ta kompleks birikmalarni sintez qilib ulgurdik. O'ylaymanki, yaqin orada ilmiy ishimizni yakunlab, parranda va chorva mollarini intensiv boqishning yangi uslubini amaliyotga joriy etamiz. Bunda ushbu uy hayvonlarining ozuqasi uchun sarflanayotgan harajatlar miqdori ham sezilarli arzonlashishi kutilmoqda. Buning uchun universitetimizda barcha sharoitlar yetarli. Biz faqatgina ayrim moddalarning sintezlanish jarayonini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz.

    Tadqiqotchimizning mazkur ish yuzasidan xorijiy jurnallarda 10 dan ortiq, respublika jurnallarida esa 25 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilib, olimlar va jamoatchilik vakillari e'tibor markazida bo'lib kelmoqda.

Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan surat.