Bugungi yoshlar

Dunyoni ilm-fan qutqazadi...
Yoshlik intilish, izlanish, kelajak orzulari, mehr, muhabbat...Vatanni sevish, yangilikka, yaxshilikka yondoshish. Jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat. Nafaqat o‘z mamlakatini balki, butun dunyoni o‘zgartirishga, uyg‘otishga talpinish. Yoshlik uchun faqat rag‘bat, qo‘llab-quvvatlash, eʼtibor va g‘amxo‘rlik zarur, kerak. O‘zbekiston yoshlar mamlakati. O‘zbekiston Prezidenti yoshlarning bosh homiysi. Bugun O‘zbekistonda yoshlar qadrlanmoqda. Ularning g‘oyalari, kelajak maqsad va rejalariga qanot bag‘ishlanmoqda.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 10 nafar talabasi Prezident va davlat stipendiyalari sohibi bo‘lishdi.
- Dunyoni go‘zallik qutqazgan bo‘lishi mumkin, lekin mening nazarimda dunyoni faqat ilm-fan, faqat maʼrifat, faqat maʼnaviyat qutqazadi. 2017-yil Samarqand viloyatida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritganman, - deydi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti 3-kurs talabasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Mohigul Abruyeva. – Shundan boshlab kitob o‘qish hayotimning bosh maqsadiga aylandi. Hozirgi kunda “Alisher Navoiy va jadid adabiyoti” mavzusida ilmiy ish olib boryapman. Tadqiqotimda jadidchilik harakatining paydo bo‘lish sabablari va harakatning shu davr adabiyotiga chuqur taʼsiri, jadidchilikning bosh g‘oyasi, yaʼni xalqni maʼrifatli qilish istagi aks etgan. O‘sha davr adabiyotida ilmsizlik millat uchun fojia ekanligi alam va iztirob bilan tasvirlangan. Jadidchilik harakati vakillari ilgari surgan qarashlar bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb va ahamiyatlidir. Ilmiy rahbarim Samarqand davlat universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Badia Muhiddinova. Ilmiy izlanishlarim yuzasidan o‘ndan ortiq xalqaro va Respublika jurnallarida maqolalarim chop etilgan. Xususan, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Germaniya kabi davlatlardagi konferensiyalarda ishtirok etdim. 2021 yilda “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” Respublika ilmiy-amaliy anjumanida qatnashib, “Eng yaxshi ilmiy asoslangan maqola” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining “Zakovat” klubi aʼzosiman. Rus va ingliz tillarida erkin muloqot qila olaman.
- 2022 yil 15 fevral... Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun quvonchli va esda qolarli kun bo‘ldi. Uch nafar talabamiz Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi, - dotsent Badia Muhiddinova. – Shulardan biri mening shogirdim Mohigul Abruyeva. Men Mohigulni uch yildan buyon bilaman. Nafaqat aql-zakovati, balki odobi, xulqi bilan ham alohida ajralib turadi. Hamma vaqt berilgan topshiriqlarni masʼuliyat bilan bajaradi, harakat qiladi, izlanadi. Men Mohigul bilan faxrlanaman. Kelajakda olim bo‘lishiga ishonaman. Bugun Yangi O‘zbekistonimizda maʼrifatli, vatanparvar, fidoyi, zukko yoshlar kamolga yetmoqda…
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.