Bugungi yoshlar

Inson organizmidagi kasalliklar
oziq-ovqat isteʼmoliga bog‘liq(mi?)
Samarqand davlat universiteti va Yaponiyaning Kogakuin universiteti doktoranti Behzod Xudoyqulov “Biologik faol moddalarda molekulyar klasterlarning paydo bo‘lish mexanizmi va ularning tebranish spektrlarida namoyon bo‘lishi” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda.
Behzod Xudayqulovga Yaponiyaning Kogakuin universiteti professori Hiromitsu Takaba hamda Samarqand davlat universiteti optika kafedrasi mudiri, professor Abduvohid Jumaboyev ilmiy rahbarlik qilmoqda.
- Tadqiqotim inson organizmida vujudga keladigan turli kasalliklarning ildizi bilan bog‘liq, - deydi Behzod Xudoyqulov. - Hozirgi vaqtda turli yangilik va o‘zgarishlar bilan bir qatorda ayrim muammolar ham kelib chiqmoqda. Bu – insonlarda turli xil yangi ko‘rinishdagi kasalliklar bo‘lib, ularning aksariyati oziq-ovqat isteʼmoli tufayli vujudga keladi. Inson hayoti uchun muhim bo‘lgan ozuqa bu oqsillar bo‘lib, ular energiyaning asosiy qismini tashkil etadi. Oqsil tarkibidagi biologik obyektlar esa uning shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Biz ana shu oqsillar tarkibidagi biologik obyektlar va inson tanasidagi suv hamda boshqa faol moddalar bilan taʼsirlashuv jarayonini tadqiq etmoqdamiz. Ushbu izlanishlarimiz natijasida yuzaga keladigan turli xil kasallik va muammolarni bartaraf etishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, tadqiqot davomida vodorod va stiking bog‘lanish orqali turli klasterlar hosil bo‘lish nazariyasini yaratish asosiy vazifamizdir.
Behzod Xudoyqulov mazkur tadqiqotlari doirasida 30 dan ortiq xalqaro va Scopus bazasidagi ilmiy jurnallarda maqolalar chop ettirgan. Shuningdek, 2 o‘quv-uslubiy qo‘llanma muallifi. U ingliz tilidan xalqaro IELTS va yapon tilidan NAT sertifikatlariga ega. Mazkur tadqiqot ilmiy jamoatchilik tomonidan diqqat bilan kuzatib kelinmoqda. Zero, ushbu tadqiqotlar natijasida ko‘plab kasalliklarning oldi olinishi, insonlarning sog‘lom turmush kechirishi uchun zarur ilmiy manbalar yaratilishi kutilmoqda.
Otabek Saʼdullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.