Ilm, inson, imkon...

Samarqand davlat universiteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri, dotsent, filologiya fanlari doktori Isroil Sulaymonov “Boburnoma” asari ustida olib borgan tadqiqotlari natijasida o‘z dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fan doktorligi ilmiy darajasini qo‘lga kiritdi. Ilmiy rahbari Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinov.
Isroil Sulaymonov 2 monografiya, 4 o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanma muallifi. Xorij va respublika nashrlarida 100 ga yaqin ilmiy maqolalari chop etilgan.
Jahon va o‘zbek adabiyotining nodir namunasi bo‘lgan “Boburnoma” ilm-fanning ko‘plab sohalari haqida maʼlumot beruvchi qomusiy manba sifatida ham ahamiyatli hisoblanadi. “Boburnoma”ning bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilinishi, chet el olimlarining u bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari ham asarning qanchalik noyob manba ekanidan dalolat beradi.
Isroil Sulaymonov o‘z tadqiqotlarida “Boburnoma” asaridagi shaxsning zohiri va botinida sodir bo‘ladigan g‘oliblik va mag‘lublik ruhiy holatlarining badiiy tasvirini batafsil ochib bergan. Boburning davrga, tarixiy shaxslarga obyektiv baho bera olgan ekspert sifatidagi faoliyati, mavzu mohiyatining bir shaxs taqdirida sodir bo‘lish holati yoritilgan.
Xususan, davr hukmdorlari ruhiyatidagi g‘oliblik va mag‘lublik holatining “Boburnoma”dagi tasvirining aniq va asosli misollar orqali tahlili dissertatsiyaning eng kulminatsion nuqtasidir.
- Bobur shaxsi hayotning past-u balandini totib ko‘rgan insonlar uchun juda ham yaqin, - deydi Isroil Sulaymonov. - U hayoti davomida duch kelgan ko‘plab qiyinchilik va sinovlarga mustahkam iroda bilan bardosh berdi. Boburni men talabalarimizga ko‘pincha o‘rnak sifatida ko‘rsataman. Undagi azm-u shijoat, aql, tafakkur, ijodkorlik kayfiyati meni doim qiziqtirib kelgan. Boburning shohligi shoirligidan, shoirligi shohligidan ustun. Bizning asosiy maqsadimiz ushbu bobokalonimizning o‘lmas merosini yoshlarimizga sidqidildan o‘rgatish, Bobur kabi vatanini sevuvchi, unga muhabbat qo‘ygan yosh avlodni tarbiyalashdir.
Shuningdek, “Boburnoma”da shaxs botini va zohiridagi ikki nuqta: g‘oliblik va mag‘lublik ruhiyati teran tahlillar orqali ochib berilgan. Sertahlika bir davrda shaxsning ruhiy holati, turli og‘ir damlarda o‘zini tuta bilishi yoki aksincha, harakatini boshqara olmasligi hollari tarixiy faktlar orqali tahlil etilgan. “Boburnoma”da ko‘p sonli tarixiy shaxslar tasvirining berilishi, ularning ruhiy holati, o‘zgaruvchan va beqaror siyosiy muhitda tez tag‘yir topib, bir ruhiy mag‘lublik holatidan ikkinchi - g‘oliblik holatiga qaytishi va bir zumda yana mag‘lublikning achchiq alamini tortishga majbur bo‘lishi kabi masalalar yoritilgan.
Otabek Saʼdullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.