Ortiqcha vazn muammosidan “ortiqcha” hosilgacha: yoxud javdar o‘simligi haqida bilasizmi?

“- Yurtimizga javdar asosan xorijdan olib kelinadi. Holbuki, uni yurtimizda ham bemalol yetishtirsa bo‘ladi. Qolaversa, bu tashqi importdan anchayin arzonga tushadi”...
“- Tibbiyotda javdar o‘simligidan har xil onkologik kasalliklar, artrit, arteroz, suyak yallig‘lanishi, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, bronxial astma, teri kasalliklari, qalqonsimon bez kasalliklariga qarshi preparatlar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Qolaversa, javdar unidan tayyorlangan mahsulotlar ortiqcha vazn muammosi bilan aziyat chekayotgan bemorlar uchun foydali...”
Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistranti Marhabo Maxramova “Bir yillik javdarning ayrim fiziologik ko‘rsatkichlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Shu kungacha uning mazkur mavzu yuzasidan 10 ga yaqin maqolalari xalqaro va respublika nashrlarida chop etilgan. Marhabo tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha respublika olimpiadasi sovrindori. Uning asosiy ilmiy faoliyati javdar o‘simligining fiziologik xususiyatlarini o‘rganishga qaratilgan.
– Javdarning vatani Kichik Osiyo, Markaziy Amerika, Eron, Kavkaz, Janubiy Afrika mamlakatlari hisoblansa-da, asosan Yevropa mamlakatlarida ko‘p ekilmoqda, - deydi Marhabo Maxramova, - G‘arb mamlakatlar javdar donini eksport qilish bo‘yicha jahonda yetakchi mamlakatlar qatorida turadi. Ayni vaqtda javdarning yalpi hosildorligini oshirish va uning yangi navlarini yaratish bo‘yicha qilinayotgan izlanishlarga ilmiy jamoatchilik tomonidan katta e’tibor berilmoqda. Hozirda ilmiy rahbarim, o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi dotsenti Sirojiddin O‘roqov bilan birgalikda Jomboy tumani “Ulug‘ baraka” fermer xo‘jaligi hududida 20 sotix yer maydonida javdarning Vaxsh-116 va Shalola navlarini ekib, tajriba olib bormoqdamiz. Tajribalarda javdar urug‘larining unuvchanligi, o‘sish davomiyligi, suv almashinuvi xususiyatlari, fotosintetik faoliyati, transpiratsiya jadalligi, suv saqlash qobiliyati hamda mahsuldorlik ko‘rsatkichlari rivojlanish fazalari bo‘yicha o‘rganilyapti. Shuningdek, javdarning kasallik va zararkunandalarga chidamli, sifatli hamda serhosil navlarini yaratish ham tadqiqot maqsadlaridan biridir.
Hammaga ma’lum, o‘zbek xalqi “nonsevar” millat. Bizning bozorlarda bug‘doy noni bilan bir qatorda boshqa turdagi non mahsulotlariga talab hamisha yuqori bo‘lib kelgan. Yurtimizga javdar asosan xorijdan olib kelinadi. Holbuki, uni yurtimizda ham bemalol yetishtirsa bo‘ladi. Qolaversa, bu tashqi importdan anchayin arzonga tushadi.
Javdar bug‘doydan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan qishloq xo‘jaligi ekini bo‘lib, oziq-ovqat sanoatida va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, uning shifobaxshlik xususiyatlari ham yuqori. Javdar doni tarkibida qon aylanishini yaxshilovchi A va PP vitaminlari, makro va mikroelementlar, aminokislotalar, oqsillar, uglevodlar, organik kislotalar va mineral tuzlar uchraydi. Bu moddalar odam organizmida to‘qimalar o‘sishi va qayta tiklanishini ta’minlaydi. Tibbiyotda javdar o‘simligidan har xil onkologik kasalliklar, artrit, arteroz, suyak yallig‘lanishi, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, bronxial astma, teri kasalliklari, qalqonsimon bez kasalliklariga qarshi preparatlar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Qolaversa, javdar unidan tayyorlangan mahsulotlar ortiqcha vazn muammosi bilan aziyat chekayotgan bemorlar uchun foydali. Sababi, javdar uni tarkibida bug‘doy uniga qaraganda lipidlar kam uchraydi. U kalsiyga boy, suyak to‘qimalarining mustahkamlanishi hamda asab tizimining normal ishlashini ta’minlaydi. Mahsulot tarkibida temir va magniyning mavjudligi qon tarkibini normallashtiradi. Javdarning tarkibida ko‘p uchrovchi tiamin moddasi oziq-ovqatlarning faol parchalanishiga yordam beradi, ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi. Qondagi xolesterin miqdorini mo‘tadillashtiradi. Bu esa o‘z-o‘zidan ortiqcha vazn muammosini bartaraf etishga yordam beradi.
Jahon qishloq xo‘jaligi tajribasida tuproq unumdorligini oshirish uchun javdar o‘simligidan siderat ya’ni “yashil o‘g‘it” sifatida foydalaniladi. Dehqonchilikda tuproq hosildorligini oshirish uchun ekiladigan ekma oʻsimliklarga nisbatan “yashil o‘g‘it” termini qo‘llaniladi. Agronomiyada javdardan “yashil o‘g‘it” sifatida keng foydalaniladi. Bunda avvaliga, hosili yig‘ib olingan ekin dalalariga javdar ekiladi. Keyin esa bahorda asosiy ekin ekilishidan oldin tuproqqa qo‘shib haydab yuboriladi. O‘sib kelayotgan yosh javdar poyalari tuproq tarkibiga singib, uning fizik xossalarini yaxshilaydi, tarkibini organik modda va azotga boyitadi hamda tuproq unumdorligini oshiradi. Bu shubhasiz, hosil miqdorining keskin ortishiga yordam beradi. Ko‘rinadiki, javdar o‘simligi samaradorlik jihatdan oziq-ovqat sanoati va tibbiyot sohalari bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligi uchun ham “koni foyda” o‘simlikdir.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.