Samarqand davlat univeristeti filologiya fakulteti magistranti Mahliyo Jakbarova “Tahliliy o‘qish interfaol ta’limning asosi sifatida” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Tadqiqotchining mazkur mavzu yuzasidan 10 ga yaqin maqolalari Polsha, Rossiya, Qozog‘iston hamda respublikamizdagi nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan. Ilmiy rahbari o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, professor Ibodulla Mirzayev.

    Mahliyo Jakbarova bir qator metodik tavsiyalar, 3 ta uslubiy qo‘llanma muallifi. STEAM yondashuv va xalqaro baholash dasturi bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-seminar va mahorat darslarida ishtirok etgan 2019-yilda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Erishgan yutuqlari va munosib pedagoglik xizmati inobatga olinib, 2020-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. “Saida Zunnunova she’riyati tahlili” mavzusidagi dars ishlanmasi Xalq ta’limi vazirligi tavsiyasi bilan respublika bo‘ylab ommalashtirilgan. Shuningdek, “Yil ayoli” ko‘rik tanlovining 3-o‘rin sohibasi.

    – Filologik ta’limda boshqa fanlardan farqli ravishda tahliliy o‘qish – matnni izohli va etimologik lug‘atlar orqali ifodali o‘qish, til va adabiy tahlil asosida o‘rganish muhim bosqich hisoblanadi, - deydi Mahliyo Jakbarova. - “Tahliliy o‘qish” fanining mohiyati shundaki, oliy ta’lim muassasalarining filologiya fakultetlarida talabalar bir mashg‘ulot davomida ham til ham adabiyotni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. “Tahliliy o‘qish” fanini umumiy o‘rta ta’lim tizimiga ham joriy qilish ona tili va adabiyot ta’limining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Bo‘lajak filolog kadrlar ham til ham adabiyot haqida mukammal va yaxlit bilimga ega bo‘lishi zarur, chunki oliy ta’lim muassasasini tugatib maktab yoki umuman, ta’lim muassasasiga qadam qo‘ygan mutaxassis ona tili va adabiyot fanlaridan baravar dars beradi.  

    Sodda tarzda aytganda, tahliliy o‘qish interfaol til va adabiyotni qo‘shib o‘qitish, o‘quvchida ham, o‘qituvchida ham chuqur filologik bilimni shakllantirish,  matnni lug‘atlar asosida batafsil o‘rganish kabilar bilan izohlanadi. Mazkur usul orqali o‘rganuvchiga tilning ifoda imkoniyatlari yorqin namoyon bo‘ladi. Tilga doir avval olgan bilim va ko‘nikmalarini qo‘llab ko‘rish imkoniyati vujudga keladi. Badiiy matnlar tahlilga tortilganda til va adabiyotning mushtarakligi yuzaga chiqadi. Muntazam ravishda matnlar tahlili bilan shug‘ullangan talaba yoki o‘quvchining so‘z boyligi oshib, og‘zaki va yozma nutqi ravonlashadi. “Tahliliy o‘qish” mashg‘ulotlari ko‘proq amaliy dars shaklida bo‘lishi bo‘lg‘usi o‘qituvchi yoki tadqiqotchida zarur nutqiy kompetensiyani rivojlantira oladi.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan surat.