Iste’dodli shoira, yosh yozuvchi, adabiyot olamiga “Dilxat”, “Sunbula” kabi asarlari bilan kirib kelgan, kitobxonlar nazdida “tizginsiz tug‘yonlar kuychisi” Tillaniso Eshboyeva  “Qalb va qalam” loyihasining navbatdagi mehmoni.

    -Ijodingizda nima yangiliklar, adabiyot ixlosmandlariga qanday yangi asar tuhfa qilish niyatingiz bor?

    -Hozir ilmiy ishim himoyasiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bandman. Qolaversa, shu kunlarda “Qon” nomli she’riy kitobim nashrdan chiqish arafasida. O‘tgan oy har ikki yilda bir marta bo‘ladigan Venesiya adabiyot va san’at festivalida ijtirok etdim. Ushbu festival butun dunyo san’at va adabiyot vakillarining festivali hisoblanadi. Iyul oyida navbatdagi ijodiy safar bilan Germaniyaga boraman. “Documenta fifteen” xalqaro san’at festivalida O‘rta Osiyodan vakil sifatida tanlab olingan rejissyor va rassom Saodat Ismoilova tashkil qilgan “Davra” klubi a’zolari bilan birgalikda ishtirok etamiz. Qanday vaziyat bo‘lmasin oxirgi vaqtlar bo‘sh vaqtimni ijod va ilmiy ishimga qaratishga harakat qilyapman.

    -Har bir ijodkorning o‘z qalam charxi bo‘ladi, deyishadi. Sizning qalamingizni nima charxlagan?

    -Qalamni charxlaydigan charx aynan birgina narsa bo‘lmaydi. Masalan mehnat desam faqat ishlash bilan yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Doimiy o‘qish desam, faqat mutolaa bilan ham kuchli yozuvchi bo‘lib qolmaysiz. O‘qisangiz, mehnat qilsangizu, hayotni anglamasangiz, yuragingiz hayotning olovida pishmagan bo‘lsa unda ham yaxshi asar yozib bo‘lmaydi.  Ijodkor qalami mehnat, o‘qish-izlanish, hayot tajribasi va yurakda his qilingan qalb og‘riqlari bilan charxlanadi. 

    -Sizning uslubingizda dard, og‘riq, tushkunlik, qaysidir ma’noda isyon bor. Nega bunday?

    -Agar isyon bo‘lsa bu zo‘r-ku. Aslida ijodning o‘zi - isyon, demak. Asarlarimda isyonni ko‘rganingiz men uchun juda katta baho. Yozuvchi qalbida isyon bo‘lmas ekan u hech narsa yozolmaydi. Ijodkor bo‘lib, so‘z aytib chiqishning o‘zi qaysidir ma’noda isyon. Ijodning asl mohiyatida ham mana shu omil yotadi.

    Tushkunlik va og‘riq masalasiga kelsak, har bir insonning hayotni anglash yo‘sini bo‘ladi. Kimdir hayotni shodlik va baxt bilan anglaydi, kimdir og‘riq, dard bilan. Men dunyoni og‘riq shaklida anglayman. Ehtimol shu sabab bo‘lishi mumkin.

    -Hayotda ham shunday tushkun insonmisiz?

    -Qaysidir ma’noda tushkun yashashim bor. Ammo bu degani hayotimda og‘ir dard,  ruhiy qiynoq bor degani emas, unda biror katta muammo yoki murakkablik ko‘rmaysiz. Ammo yolg‘iz qolganimda ruhimda bir isyon ko‘tariladi. Ochiqroq aytadigan bo‘lsam, o‘zimni o‘zim “yeyish”ni boshlayman. Bu holatda, azob va og‘riqlarni yengishda eng yaxshi chora – yozish. Qarashlarim va hayot haqiqatlari bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolganda menda tushkunlik kayfiyati shakllanadi. 

    -Yozuvchi sifatida kimlarni o‘qiysiz?

    -Oxirgi paytda Joysni o‘qidim. O‘zbek adabiyotidan Shukur Xolmirzaev, Murod Muhammad Do‘st, Nazar Eshonqul, Xurshid Do‘stmuhammad  kabi yozuvchilarni ko‘p o‘qiganman. Shuningdek, yosh ijodkorlarni kuzatishni ham yoqtiraman. Ayni paytda tadqiqotim yuzasidan dunyo falsafasini o‘rganishga to‘g‘ri kelyapti. Shuning uchun ko‘proq jahon adabiyotining postmodernizm namunalarini o‘qiyapman.

    -Yaratilgan har bir badiiy asarda muallifning ko‘nglidan kechayotganlar aks etadi. “Sunbula” orqali aytmoqchi bo‘lganlaringiz?

    -Buni ko‘proq o‘quvchilar baholashi kerak.

    -Sizni shoira sifatida tanishlarini hohlaysizmi yoki yozuvchi?

    -Avval shoira, keyin yozuvchi. Chunki ijodimni she’rlar yozish bilan boshlaganman. Ilk she’rimni 1-sinfda o‘qib yurganimda yozgandim. Birinchi she’rim quyosh haqida edi.

    -“Sunbula”ga bildirilgan munosabatlar qanday bo‘ldi, tanqidlar ham bo‘ldimi?  

    -“Sunbula” ko‘p tanqidga uchradi. Ammo munosib ravishda bildirilgan tanqidga duch kelmadim. Asar e’tiqodi noma’lum inson tomonidan yozilgan degan qarashlar ham bo‘ldi. Umuman, bildirilgan fikrlarga munosabatim hech qachon salbiy bo‘lmagan. Men tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilaman.

    -Hayotda nimadan qo‘rqasiz?

    -Istagan narsamga erisha olmay qolishga bo‘lgan qo‘rquv bilan yashab o‘tishdan qo‘rqaman.

    -Bugungi adabiy jarayon haqida fikrlaringiz?

    -Bugungi adabiy jarayon evrilishlar davrida. Asar yozish va uni kitobxonga taqdim qilish jarayonida faqat ikki tomon bor: ijodkor va o‘quvchi. Ijtimoiy-siyosiy muhit bu jarayonga aralashmaydi. Demak ijodkor bu borada erkin. Endi kitobxonlarni o‘z ortidan ergashtirib keta olishi faqat va faqat ijodkorning o‘ziga bog‘liq. Ammo yaratilgan badiiy asarga adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan bildirila yotgan muhokama va tanqidlar kamayib boryapti. Ijodkorning darajasi uni o‘qiydigan kitobxonlar auditoriyasining katta-kichikligi, yozgan asarining odamlarga qay darajada ma’qul kelishi bilan o‘lchanyapti. Bugungi adabiyot uchun ijtimoiy tarmoqlar eng zo‘r minbarga aylangan. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytaman, hozir yozuvchi shoirlardan ko‘ra shou-biznes vakillarining auditoriyasi katta. Holbuki, bundan  30-40 yillar avval aksincha bo‘lgan.

    -Bunga sabab  qaysidir ma’noda o‘quvchilarning o‘zi emasmi?

    -Ehtimol, shundaydir. Ammo ijodkorlar ham jamiyatga yutilib ketmasdan, odamlarning daqiqa sayin o‘zgarib turadigan fikrlarini boshqarib turuvchi shaxs bo‘lishlari kerak.

    -Har qanday erishilgan muvaffaqiyat ortida qandaydir qurbonlik yotadi, deyishadi. Hozirgi darajangizga yetib kelguncha nimalarni qurbon qilgansiz?

    -Hayot sizdan  nimanidir tortib olsa, evaziga anglash va ulg‘ayish baxtini beradi. Yoshlikda har bir qizga xos olam-olam orzular bilan katta hayotga qadam qo‘yganman. Bugun nimaniki anglab yetgan bo‘lsam, unga nisbatan o‘n-o‘n besh yil avvalgi tasavvurimni, kichkina qiz qarashlarini, kezi kelganda orzularini qurbon  qilganman.

    -O‘tgan umringizni so‘zlarda tasvirlash kerak bo‘lsa qanday janrdagi asar yaralgan bo‘lardi?

    -Hozircha novella bo‘la qolsin.

    -Shu o‘rinda an’anaviy savolga o‘tsak: Yurtimizning har bir viloyatida o‘ziga xos adabiy muhit mavjud. Siz Samarqand adabiy muhiti haqida nimalar deya olasiz?

     -Samarqand davlat universitetiga ancha yillar avval “Samarqand she’r oqshomlari” mushoirasi doirasida o‘tkazilgan bir tadbirga borgan edim. Bu xotiralar hayotimdagi eng chiroyli, sokin va samimiy xotira sifatida qolgan. Samarqandning o‘zgacha ruhi bor. Bu shahar o‘zbek adabiyotiga Xurshid Davron, Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Guljamol Asqarova, Oydinniso, Feruza Xayrullaeva, kabi ijodkorlarni bergan. Samarqand adabiy muhiti shuning uchun ham bugungi o‘zbek adabiyotining muhim qismi hisoblanadi.

 

Suhbatdosh Iroda BEKMURODOVA

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.