Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti talabasi Maftuna Bozorqulova Janubiy Koreyaning Sunchunhyang universitetida ta’lim oladi. Talaba 2 yil avval Koreya Respublikasi tomonidan ajratilgan ta’lim grantini qo‘lga kiritib, Sunchunhyang universitetining koreys filologiya fakultetida o‘qishni davom ettirish uchun ketgan. Biz Maftunaning bugungi ilmiy faoliyati va Koreya ta’lim tizimidagi o‘ziga xos jihatlar bilan qiziqdik.

    – 2021-yil Koreya Respublikasi tomonidan ajratilgan ta’lim grantini qo‘lga kiritdim va Sunchunhyang universitetining koreys filologiya fakultetini tanladim, - deydi Maftuna Bozorqulova. - Koreya talabalari juda intiluvchan va tirishqoq. Universitet ta’lim shakli ham yurtimizdagidan tubdan farq qiladi. Bu yerda grant asosida o‘qishga kirish degani talaba 4 yil davomida grantda o‘qiydi degani emas. Ya’ni talaba har semestrda olgan baholarining o‘rtacha qiymati yuqori bo‘ladigan bo‘lsagina keyingi semestrda o‘qishni grantda davom ettiradi. Agar fanlarni past bahoga o‘zlashtirgan bo‘lsa to‘lov shartnoma asosida o‘qiydi. Xuddi shunigdek, to‘lov shartnoma asosida o‘qishga kirgan talaba fanlarni yaxshi o‘zlashtirish hisobiga grantga o‘tishi mumkin. Universitetda grant asosida o‘qiyotgan talaba uchun har oy 300 ming vondan 500 ming vongacha stipendiya tayinlanadi. Bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi. Yana bir o‘ziga xos jihati, Koreya universitetlarida yil davomida o‘qitiladigan fanlarni talabaning o‘zi tanlaydi. O‘quv yili boshida talabalar har bir o‘qituvchining darsiga kirib ko‘rishadi va o‘zlariga qiziq va ma’qul bo‘lgan fanlarni tanlab olishadi. Bir juftlik dars 50 daqiqa davom etadi. Dars davomida yo‘qlama, konspekt degan narsalar mutlaqo yo‘q. Talaba o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriqni internet orqali o‘z shaxsiy kabinetiga joylaydi, o‘qituvchilar uni tekshirib, baholab boradi. Shuningdek, koreys tili bo‘yicha xalqaro sertifikat (TOPIK)ga ega bo‘lgan talabalar turli grantlarda ishtirok etishlari, qo‘shimcha stipendiyalarga tayinlanishlari mumkin. Eng asosiysi, talabalarning ishlashi uchun ham alohida imkoniyatlar yaratilgan. Koreyada talabalar dars vaqtlarini o‘z kunlik rejalariga moslashtirgan holda belgilashlari ham mumkin.  

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova yozib oldi.