Moychechak - asablaringiz uchun quvvat

Dorivor moychechak meditsinada keng qoʻllaniladigan eng muhim dorivor oʻsimliklardan biridir. Farmatsevtikada moychechak gullari keng qoʻllaniladi va turli-tuman dori vositalari olinadi. Shu bilan birga dorivor moychechak xalq tabobatida juda koʻpchilik kasalliklarni davolashda keng ishlatiladi. Shuning uchun moychechak farmatsevtika, meditsina va xalq tabobatini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga dorivor moychechak eksportbop ekin hisoblanadi. Bu esa respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shuning uchun dorivor moychechakni tuproq iqlim sharoitiga boʻlgan talabini aniqlash, uni yetishtirish areallarini toʻg‘ri belgilab olishda hamda yuqori va sifatli hosilga erishishda dolzarb hisoblanadi.
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti magistri Nafisa Yusupova dorivor moychechakning xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari tuproqshunoslik v agrotexnologiyalar kafedrasi dotsenti To‘lqin Ortiqov. Tadqiqotchi olib borgan ilmiy izlanishlari davomida moychechakning dorivorlik xususiyatlari va qo‘llash istiqbollarini o‘rganmoqda.
– Dorivor moychechak mo‘tadil iqlim oʻsimligi boʻlib, soya joylarni xush koʻrmaydi, - deydi Nafisa Yusupova. - Tabiat va ishlab chiqarishda faqat urugʻi bilan koʻpayadi. Dorivor moychechak tuproq unumdorligiga yuqori talab qoʻymaydi, u mexanik tarkibi yengil boʻlgan qumloq tuproqlarda ham, ogʻir qumoq va loy mexanik tarkibli tuproqlarda ham muvaffaqiyat bilan oʻstiriladi. Shu bilan birga nam va oziq elementlar yetishmagan sharoitlarda gullash jadalligi, toʻpgul soni va massasi kamayadi, urugʻining yetilish jarayoni tezlashadi. Urugʻ uchun ekilgan dorivor moychechak almashlab ekishdan tashqarida yetishtiriladi. Chunki pishgan urugʻlarni katta qismi tuproqqa tushib keyingi yili begona oʻt sifatida unib chiqadi. Umuman olganda xom ashyo va urugʻ uchun yetishtiriladigan dorivor moychechak oʻstirish texnologiyasi, jumladan tuproqni tayyorlash, ekin va oʻsimliklarni parvarishlash oʻxshash boʻladi. Dorivor moychechak koʻpchilik dorivor oʻsimliklar kabi qator orasiga ishlov beriladigan ekin sifatida yetishtiriladi. Bu qator orasini yumshatishni mexanizatsiyalashtirishga imkon beradi va begona oʻtlarga qarshi kurashishni osonlashtiradi. Adabiyotlarda shunday ma’lumotlar borki ekish meʼyori oshirilganda yoki kamaytirilganda urugʻlik dalalarda yoppasiga va tor qatorlab ekish usuli qoʻllanilganda urugʻ hosili ortgan.
Dorivor moychechak lalmi yerlarda ham yaxshi oʻsishi mumkin.Buning uchun yillik yogʻin miqdori 600 mm dan yuqori boʻlishi kerak. Dorivor moychechak yorug‘sevar oʻsimlik. Normal oʻsishi va rivojlanishi uchun unga yuqori jadallikdagi yoritilganlikdagi uzun kun kerak boʻladi. Oʻsuv davrida eng optimal havo harorati, ayniqsa gullash davrida 19-20 °C ni tashkil etadi. Dorivor moychechak dunyoda eng koʻp va keng ishlatiladigan dorivor oʻsimlik hisoblanadi. Dorivor moychechakni eng fitoterapevtik foydali organi toʻpguli hisoblanadi. Ularning dorivor taʼsiri efir moylarini tarkibi va miqdori bilan oʻlchanadi.
Shunday qilib, dorivor moychechak Oʻzbekiston tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan, uning oʻsishi, rivojlanishi va hosil toʻplashini normal kechishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Hatto Oʻzbekistonning shoʻrlangan tuproqlarida, xususan shoʻrtob tuproqlarida ham dorivor moychechakni muvaffaqiyat bilan yetishtirish mumkin.
Moychechak tomoq yallig‘lanishi va shamollashda, surunkali gepatit, gastrit, oshqozon yarasi, buyrak va teri kasalliklarida foydali. Moychechak damlamasi asabni tinchlantirib, organizmni tetiklashtiradi. Uyqu oldidan ichilgan moychechak damlamasi uyqungizning osuda bo‘lishini ta’minlaydi.
Yoz kelishi bilan ko‘pchilikni qiynaydigan tovon yorilishi muammosida moychechak nihoyatda samarali. Buning uchun moychechak eritmasi va dengiz tuzi solingan suvda oyoqlar 15-20 daqiqa davomida ushlab turilsa, kaft va tovon terisi nafislashadi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.