BMT ma’lumotlari bo‘yicha, insonning normal hayot faoliyati uchun bir kecha kunduzda 20 litrdan ortiqroq, sanitariya tizimlarida ishlatish uchun yana 50 litr suv kerak. Hozir dunyoda 1,1 mlrd kishi bir kunda 5 litrga yaqin suvdan foydalanadi, xolos. Yevropa davlatlarida esa har bir kishi bir kunda 200 litr, AQSHda 400 litr suvni ishlatishi fakt sifatida keltirilgan. Bu me’yordan ancha ortiq degani. 2025-yilga kelib, dunyo bo‘yicha 3 milliard aholida suv tanqisligi kuzatilishi hisoblab chiqilgan. Bu vaqtga kelib, ularga bir kishi ishlatadigan suvning minimum miqdoriga nisbatan kam suv to‘g‘ri keladi. Hozir dunyoda 261 ta daryo havzasida davlatlar joylashgan. Bu hudud dunyo daryo havzalarining 80 foizini, yer yuzining esa 45,3 foizini egallaydi. Unda dunyoning 40 foiz aholisi istiqomat qiladi.

    Aholi sonining ko‘payishi bilan issiq iqlimli hududlarda cho‘llanish jarayoni kuchayib bormoqda. Ayni vaqtda cho‘llanish dunyo miqyosida 100-200 million aholining yashash tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yaqin o‘n yil ichida 50 milliondan ortiq aholini o‘z yashash joylarini tashlab ketishga majbur qildi. Undan keladigan iqtisodiy zarar esa 42 milliard AQSH dollari miqdorida baholanmoqda. Global iqlim o’zgarishi bu jarayonni o’zgartirib yuborishi ham mumkin.

    Bundan tashqari, hozirgi vaqtda dunyo aholisini cho’llanish bilan bir qatorda, chuchuk suvning yetishmasligi muammosi ham o’ylantirmoqda.

    20 ga yaqin daryo havzalaridagi 50 dan ortiq davlatlarda suvdan foydalanish, uni to‘g‘ri taqsimlash bo‘yicha davlat rahbarlari darajasida keskin munozaralar mavjud. Masalan, aholisi 70 milliondan ortiq bo‘lgan Misr davlatining iqtisodiyoti to‘liq Nil daryosiga bog‘liq. Ushbu daryoning deltasi Misrda joylashgan bo’lishiga qaramay, unga 90 foiz suv daryoning yuqori qismida joylashgan Sudan, Habashiston va Uganda davlatlari hududidan keladi. 1959-yilgi bitimga asosan, Misr davlati har yili 55,5 milliard m3,  Sudan 18,5 milliard m3 suv olishi belgilangan.  Habashiston bu kvotaga norozilik bildirib suv taqsimotini qayta ko‘rib chiqishini talab qilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi o‘tgan asrning 70-80 yillarida Amudaryo va Sirdaryodan har yili 74,1 km3 suv olgan, shuning 28,4 km3 Amudaryoga, 10,9 km3 Sirdaryoga, 19,2 km3 ichki kichik daryolarga, 12,6 km3 yer osti va kollektor suvlariga to‘g‘ri kelgan. Hozir O‘zbekiston olayotgan suvi 1980-yillardagi miqdorning 79 foizini tashkil qiladi.

    Qurg‘oqchilik yillarida Amudaryo va Sirdaryodan suv olish hajmi 8-10 km3 ga kamayadi va sug‘orishda 49,0 km3  miqdorigacha suvdan foydalanamiz. Suv tanqisligi tufayli qurg‘oqchilik yillarida dehqonchilik hosildorligi ancha kamayadi.

    O‘zbekiston ichki daryolarining o‘rtacha ko‘p yillik suv resurslari 11,5 km3 bo‘lib, bu respublika suv ehtiyoji umumiy miqdorining 18 foizini tashkil qiladi.

    Sirdaryo O‘zbekiston hududida eng uzun daryo bo‘lib (2800 km), havza maydoni 345 ming km2, suv resurslari esa o‘rtacha 21,6 km3. Sirdaryoning 45 foiz suvi Norin daryosidan, 16 foizi Qoradaryodan va 39 foizi o‘ng va chap irmoqlardan keladigan kichik daryo va soy suvlariga to‘g‘ri keladi.

    Sirdaryoning Norin irmog‘ida Qirg‘iziston Respublikasi hududida To‘xtagul suv ombori qurilgan. Uning to‘liq suv sig‘imi 19,5 km3 . U suv sig‘imi bo‘yicha O‘rta Osiyoda Ili daryosidagi Qapchig‘oy suv omboridan (Qozog‘iston) keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Sobiq Ittifoq davrida qurilgan bu suv omborining vazifasi Farg‘ona vodiysi, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi hamda Qozog‘iston hududidagi sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlash, doimo zahirada ortiqcha suvni saqlash va qurg‘oqchi yillarda ushbu zahiradagi suvlarni sug‘orishga berishdan iborat edi.

    Sirdaryodagi katta hajmdagi toza chuchuk suvdan sug‘orishda foydalanish maqsadida Qozog‘iston davlati Chordara suv ombori quyi qismida suv hajmi 3,0 km3li Ko‘ksaroy suv ombori qurilishini tugatish arafasida. 2006 yildan hozirga qadar Chordara suv omboridan Arnasoy botig‘idagi suv havzalariga kam miqdorda suv tushmoqda. Shu sababli ham Aydar ko‘liga Sirdaryo suvi deyarli tushmayapti. Natijada Aydar ko‘li suv sathi keyingi 6 yil ichida 1,5-2,0 metr pasaygan.

    Amudaryo O‘rta Osiyodagi eng sersuv daryo bo‘lib, uzunligi 2540 km, maydoni 309 ming km2. Uning 74 foiz suvi Tojikistonda, 13,9 foizi Afg‘oniston va Eronda, 8,5 foizi O‘zbekistonda shakllanadi .

    Hozirgi paytda Amudaryoning Vaxsh irmog‘ida Norak GESI va suv ombori mavjud. Norak suv omborining suv sig‘imi 10,5 km3 bo‘lib, suv miqdori bo‘yicha To‘xtagul suv omboridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Norak suv omborining energetik rejimga o‘tishi O‘zbekistondagi suv ta’minotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Suv kam bo‘lgan qurg‘oqchil yillarda Amudaryodan keladigan suv 5,0-6,0 km3 kamayadi. O‘zbekiston va Turkmaniston Respublikalaridagi bir necha million gektar sug‘oriladigan yerlarda suv yetishmasligini keltirib chiqarishi mumkin. Agarda Rog‘un suv ombori ishga tushirilsa, uning suv sig‘imi Norak suv omboridan ham katta bo‘lib 12,4 km3 ni tashkil qiladi. Ushbu suv omborlari hisobiga vegetatsiya davrida suv kamayishi 22,2 foizgacha, qurg‘oqchilik yillarida esa 30-40 foizga yetadi. Vaxsh daryosida Norak va Rog‘un GES laridan tashqari Sangto‘da, 1-2 ta GES larini qurish va Norin daryosidagi suv omborlari suv sig‘imini 25 km3 ga yetkazish loyihalari bor. Shu bilan birga Amudaryoning eng katta irmog‘i hisoblangan Pandj daryosida Rushan, Dashtijum, Yuqori Amudaryo va boshqa GES lar va suv omborlarini qurib 39,0 km3 suvni to‘plash va ulardan elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari bor.

    Amudaryo suvidan maksimal darajada foydalanish qo‘shni Afg‘oniston davlati rejasida ham bor. Amudaryoning chap qirg‘og‘i bo‘ylab bir necha yuz kilometr masofada chegaradosh Afg‘oniston hududidan Qunduz va bir nechta mayda daryolar o‘z suvini Amudaryoga quyadi. Qunduz daryosining suvi Amudaryo yillik suv hajmining 8 foizini tashkil qiladi. Sobiq Ittifoq davrida 1958-yilda imzolangan bitimga asosan, Afg‘oniston davlati Panj va Qunduz daryolari va boshqa ba’zi irmoq suvlaridan har yili 9 km3 gacha hajmdagi suvdan foydalanish mumkinligi ko‘rsatilgan. 9 km3 suv Amudaryo yillik suv oqimining 10 foizini tashkil qiladi. Hozir Afg‘oniston davlati hammasi bo‘lib yiliga Amudaryoning       2 km3 suvidan foydalanmoqda.

    Yuqorida keltirilgan faktlardan shu narsalar aniq ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda suv muammosi yildan-yilga kuchayib borishi mumkin. Biz Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari bilan o‘zaro kelishilgan kvotadagi suvni olganimizda ham yangi yerlarni sug‘orish uchun o‘zlashtira olmaymiz, chunki ular hozirgi sug‘orilayotgan 4 million 220 ming gektor yerlarni sug‘orishga va xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini ta’minlashga sarflanadi.

    Kelajakda Respublikamizda suv ta’minotini yaxshilash, mavjud suv resurslarini oqilona va tejamkor foydalanish, ilmiy asoslangan yangi texnologiyalar bazasida tashkil qilinishi kerak. Birinchi navbatda, hozirgi sug‘orish tizimi modernizatsiya qilinib, suvni yo‘qotish holatlarini keskin kamaytirish yo‘llarini amalga oshirish zarur. Mutaxassislar ma’lumotlari bo‘yicha suv manbalaridan kanallar, ariqlar orqali sug‘orish dalasiga qadar yetib borgancha suvning 25 foizdan 40 foizgacha yo‘qotiladi .

    Bu yo‘qotish kanal, ariqlarda yerga singish (filtratsiya), bug‘lanish, oqib ketish va boshqa yo‘llar bilan ro‘y beradi. Sug‘oriladigan ekin dalalaridan zovurlar, kollektorlar orqali katta miqdordagi suv chiqariladi. Ularning miqdori yiliga 28,0-33,0 km3 ni tashkil etadi. Bu sug‘orishda ishlatilayotgan suvning yarmidan ko‘proqdir. Ushbu kollektorlar orqali chiqadigan oqova suvlar tufayli daryolar deltalari atroflarida yuzlab katta-kichik ko‘llar hosil bo‘ldi. Ushbu kollektorlar orqali chiqariladigan suvlarning sho‘rligi 4 g/l dan 12 g/l gacha bo‘lib ular sug‘orishga yaroqsiz hisoblanadi. Lekin, ushbu katta miqdordagi suvlarning tuzlarini kamaytirish, ya’ni chuchuklashtirish texnologiyasini ishlab chiqish eng katta muammo hisoblanadi. Agarda sho‘r oqova suvlarni chuchuklashtirish texnologiyasi keltirilsa yoki ishlab chiqilsa, ushbu suvlardan sug‘orishda foydalanish bilan yana 2 million gektar yerlarni o‘zlashtirish istiqbollari ochiladi.

    Hozir ro‘y berayotgan global iqlim o‘zgarishlari muzliklarning ko‘proq erishiga, oqibatda muzliklardan doimiy qorlardan boshlanadigan daryolar suvlarining kelajakda ancha kamayishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrlar ko’plab uchramoqda. Suvdan foydalanishda ushbu jarayonni inobatga olib, iqlim o‘zgarishiga moslashish yo‘llarini hozirdan ko‘rishimiz kerak.

    Transchegaraviy daryolar suvlaridan foydalanishning asosiy yechimi-xalqaro huquqiy normalarga rioya qilish, qo‘shni davlatlarning manfaatlarini inobatga olgan holda o‘zaro kelishuv bitimlariga asoslangan bo‘lishi lozim.

 

Elmurod Ulug’murodov,

Samarqand davlat universiteti doktoranti.

Ilmiy rahbari – geografiya fanlari doktori, professor Ali Abdulqosimov.