Bog‘dorchilikka va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida meva va uzum mahsulotlarini yetishtirishda, turli kasalliklar va zararkunandalar hosildorlikka sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa shaftoli navdalarida uchraydigan zamburug‘li kasalliklardan biri shaftoli barg bujmayishidir. Qishloq xoʻjaligining barcha sohalarini, shu jumladan mevachilik va uzumchilikni jadal rivojlantirish, tuproq unumdorligini koʻtarish, meva va uzum hosildorligini oshirish, xalqimizni meva va uzum mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻla qondirishiga qaratilishi zarur. Bu boradagi asosiy vazifalardan biri mevali bogʻlarni kasalliklardan himoya qilishdir. Mevali bogʻlardan rejadagi hosilni olishda yuksak agrotexnika va samarali kimyoviy kurash choralarini qoʻllash muhim ahamiyat kasb etadi. Himoya chora tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazmaslik esa olimlarimizning kuzatuvlariga koʻra, 30-40% gacha, ayrim yillarda 70% gacha hosil yoʻqolishiga olib keladi. Respublikamizning shaftoli bogʻlarida shaftoli barg bujmayishi kasalligi keng tarqalgan boʻlib, mevachilikka katta zarar yetkazmoqda. Keyingi yillarda shaftoli bogʻlarda ushbu kasallikning koʻpayishga asosiy sabab ob-havo sharoitining oʻzgarishi, eski bogʻlarning rekonstruksiya qilinmaganligi, oʻz vaqtida agrotexnik va kimyoviy kurash choralari qoʻllanilmasligidir.

    Yurtimizda shaftolining asosan 6 turdagi navlari tarqalgan. Bular: Jaydari shaftoli, Farg‘ona shaftolisi (anjir shaftoli), David shaftolisi, Mir shaftoli va Mongol shaftolisi. Shaftoli navlari 2 guruhga bo‘linadi: ya’ni mevasi tukli va mevasi silliq (luchchak) shaftoli. Har bir tup shaftoli daraxtidan 100-150 kg gacha hosil olish mumkin. Shaftolining vatani Xitoy hisoblanadi. Markaziy Osiyoga shaftoli Xitoydan keltirilgan. Shaftoli daraxtining balandligi 7-8 metrgacha bo‘lib, gullari oq yoki pushti rang bo‘ladi. Eng katta mevasining og‘irligi 600 g gacha, chiroyli, juda mazali, ozuqaviy moddalarga boy hisoblanadi. Shaftoli tez o‘sadigan, issiqsevar o‘simlik bo‘lib, ko‘chatlari ekilgandan so‘ng 2 yildan keyin meva bera boshlaydi. Hosildorlik davri 18-20 yil hisoblanadi. Danagidan payvandlash orqali ko‘paytiriladi. Shaftoli, olxo‘ri, achchiq bodom, payvantag sifatida ham foydalaniladi.

    Shaftolilarda kuzatiladigan barg bujmayishi zamburug‘ kasalligi bo‘lib, shaftoli, olxo‘ri va ba’zida gilos novdalari, barglari va mevalarini zararlaydi. Kasallik daraxtlarda fotosintez jarayonini buzib daraxtni rivojlanishdan to‘xtatadi. Kasallik natijasida daraxtning rivojlanish surati sekinlashadi va zararlangan daraxtlarga qishki sovuq haroratlar yanada qattiqroq zarar yetkazishi mumkin. Agar kasallik bir necha yil davomida qaytarilsa, daraxtlarga juda qattiq zarar yetishi mumkin. Kasallik natijasida hosilning 40-50% miqdori kamayib ketishi mumkin. Kasallik asosan daraxt gullab bo‘lgandan keyin barg chiqara boshlaganda yosh barglarni zararlaydi. Barg bujmayish kasalligi sporalari daraxt shoxi po‘stloqlarining yoriq joylarida, barglarda va daraxtning boshqa qismlarida qishlaydi. Bahorning nam va salqin ob-havo sharoitlarida yangi unib kelayotgan novda va barglar kasallanishi mumkin. Kasallik harorat 18-250C bo‘lganda jadal rivojlanadi , 250C dan yuqori haroratda rivojlana olmaydi. Yangi unib chiqqan barglar qizg‘ish yoki sarg‘ish tus oladi va barglar qing‘irqiyshiq bo‘lib, shakli buzila boshlaydi.

    Kasallikka qarshi kurashning eng qulay davri kuzda barglarning to‘kilish paytiga to‘g‘ri keladi. Unga qarshi Bordo suyuqligi (3% mis sulfati + 3% ohak/gips) samarali hisoblanadi. Qishda yog‘ingarchilik ko‘p ro‘y bergan hollarda, aralashma yuvilib ketishi bilan uni takroran sepish kerak.

    Bahor kelishi bilan, kurtak ochilishidan oldin Bordo sepishni yana takrorlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bog‘ga yaqin joylarda kasallangan daraxtlar mavjud bo‘lsa, daraxtlar kasallanmasligi uchun ularni kesib tashlash va yo‘qotish kerak.  Kasallangan novdalarni qattiq butalash, bog‘dagi kesilgan shoxlardan tozalash zarur hisoblanadi. Shaftoli bog‘larida barg bujmayishi kasalligiga qarshi Ramzes 3kg/ga, kapitoks 1-1,5kg/ga, entoxlorid 85% 3kg/ga,aramis 800 g/ga, preparatlarini qo‘llash tavsiya qilinadi. Xulosa qilib shuni aytish joizki danak mevali bog‘larda uchraydigan kasalliklarga qarshi muntazam ravishda kurash choralarini olib borish kerak. Kimyoviy kurash olib borayotgan paytda sarf me‘yoriga e‘tiborli bo‘lish talab etiladi. Bundan tashqari agrotexnik tadbirlarni vaqtida amalga oshirish kasallikni yana qayta avj olib rivojlanishini oldini olishda yaxshi samara beradi.

 

Go‘zal Saloyeva,

Samarqand davlat universiteti

Agrobiotexnologiya va oziq-ovqat

xavfsizligi fakulteti magistri.