​Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti magistri Shimoliy Afg’onistonda istiqomat qiladigan o’zbeklarning tarixi, bugungi kundagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot tarzi, urf-odatlari haqida ilmiy tadqiqot olib bordi. Quyida u bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

    Hozirgi Afg'oniston diyorida yashab kelayotgan o'zbeklarning bu hududga qanday joylashib qolganligi, ularning kelib chiqish ildizlari, tarixini o'rganish to‘la nihoyasiga yetkazilmagan. Shundan bo‘lsa kerak ba’zi manbalarda hatto bu yerda yashayotgan o‘zbeklarga nisbatan diaspora (o’z vatanidan tashqarida yashovchi etnik guruh) atamasi ham ishlatiladi. Lekin hozirgi Afg'onistondagi o‘zbeklarning shakllanish tarixiga ilmiy jihatdan yondashadigan bo‘lsak, ularni diaspora emas yaxlit bir millat o‘laroq evolutsion jarayonlarni bosqichma-bosqich boshidan o‘tkazib bir millat bo‘lib vujudga kelganligini bilib olamiz.

    Afg'oniston shimolida yashab kelayotgan turkiy qabilalarning paydo bo'lish tarixi va o‘zbeklarning millat sifatida shakllanish bosqichlarini ilmiy jihatdan asoslab beramiz. Afg'onistonda Turkiy qabilalarning paydo bo‘lish tarixini V asrning ikkinchi yarmi ya’ni Eftallar va Xioniylar davlatining paydo bo'lishi bilan bog'laydilar. Eftal qabilalari Afg'oniston hududlarini bosib olgach bu yerga ko‘plab turkiy qavmlar Sirdaryo va Orol bo‘ylaridan ko‘chib kelib, o‘rnashib qolishdi. Bu qabilalar  keyinchalik Turk xoqonligi davrida ancha o‘troq hayotga moslashib bu yerda turkiy ulusning siyosiy nufuzi yanada oshdi.

    VII asr oxiri va VIII asr boshlarida islom dininig Butun Xuroson hududlariga keng yoyilishi, turli dinlarga e’tiqod qilib kelgan turkiy qabilalarning yagona din bayrog'i ostida birlashishlariga zamin yaratdi.

    XIII asr birinchi yarmda Mo'g'ullar bosqini davrida turkiy xalqlarning etnik qiyofasi yanada murakkab shakl kasb etib bordi. Mo'g'ullar qo'shini safida ko'plab turkiy qabilalar ham mavjud edi. Natijada mo'g'ul qabilalari bu yerda turkiy xalqlar tarkibiga singib ketishdi. Bu jarayon o'z navbatida Turkiy xalqlarning tarkibida yangi etnonimlar paydo bo'lishiga olib keldi.

    Qadim Afg'on diyori Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashganligi, xilma-xil madaniyatlar vujudga kelishi, rivojlanishi uchun beshik vazifasini bajardi. Afg'onistonda yashab kelayotgan o'zbeklarning bu hududda yaxlit o'zbek millati bo'lib shakllanish davri xuddi Movarounnahrda bo'lgani kabi IX-XII asrlarga borib taqaladi. Afg'oniston shimolidagi o'zbeklarning ham etnogenizi nihoyatda boy bo'lib asrlar davomida turli qabila va urug'larning bu hududga ko'chib kelishi hamda bir-biri bilan o‘zora yaqinlashib, aralashib ketishi millatning shakllanishida muhim rol o‘ynagan.

    XVI asrgacha Afg'onistonda yashagan o'zbeklarning aksari qarluq va o'g'uz oilasiga mansub urug'lardan iborat bo'lib, ular o'zlarini umumiy nom bilan turkiylar deb atashgan bo'lsa, Shayboniylar davriga kelib ko'plab o'zbeklarning qipchoq urug'i oilasiga mansub qabilalari ko'chib kelishdi. XVI asrdan boshlab Amudaryoning janubida yashayotgan aksar qabilalar o'zlariga o'zbek degan yaxlit nomni qabul qilishdi.

    XIX asrgacha Afg'oniston shimolida yashovchi o'zbeklar va tojiklar Buxoro amirligi tarkibida bo'lgan. Asrning 50-yillariga kelib, Angliya va Buxoro hukmdori amir Nasrulla o‘rtasida munosabatlar sovuqlashdi. Natijada Angliya o‘sha vaqtdagi Afg'oniston amiri Do'st Muhammadxonni Buxoroga qarshi urushga gij-gijladi va harbiy yordam ko‘rsatdi. Angliyani harbiy qo‘lloviga ega bo‘lgan Do‘st Muhammadxon  Amudaryo janubidagi o'zbek viloyatlarini birin-ketin bosib oldi. Edilikda bu hududlarga nisbatan Afg'on Turkistoni yoki janubiy Turkiston atamasi ishlatila boshlandi.  Do'st Muhammadxon yangi egallangan hududlarda davlat vakili etib o'g'li Afzalxonni tayinladi. Inglizlarni bu hududlarni bosib olishdan ko'zlagan asosiy maqsadi O'rta Osiyoni zabt etishga kirishgan Rossiyani Amudaryodan janubdagi yerlarga ko'z olaytirishini oldini olishdan iborat edi.

    Barakzay sulolasi davrida Afg‘oniston inglizlar ko'magi va madadida sekin-asta kuchayib, hududlarini shimolga tomon kengaytirib bordi. U payti Amudaryoning janubiy sohilida Buxoro amirligiga qisman bo‘ysunuvchi Balx, Qunduz, Shibirg‘on, Maymana singari qator bekliklar mavjud edi. Amir Do‘stmuhammadxon Barakzay, asosan, o‘zbeklar istiqomat qiluvchi yangi bo‘ysundirilgan shimoliy bekliklarni yagona Turkiston viloyatiga birlashtirdi hamda bu yerga pushtunlarni ko‘chirish siyosatini boshlab berdi.

    Shunday qilib hozirgi Afg'oniston hududlari XIX asrda sun’iy ravishda yangi hududlarni bo'ysindirish evaziga vujudga keldi.

    Afg'onistonda polietnik davlat sifatida 20 dan ortiq millat vakillari istiqomat qilishadi. O'zbeklar Afg'oniston hududidagi uchinchi eng yirik millat hisoblanadi. Asosan, mamlakatning shimolidagi Turkiston va Qatag'on mintaqalari joylashgan 8 viloyat aholisini aksarini o'zbeklar tashkil etadi. XX asrning 70-yillarida Afg'oniston aholisi 16 millionni tashkil etgan bo'lsa shundan 2 millionini o'zbeklar tashkil etgan. Hozirgi kunda Afg'oniston aholisi umumiy soni 30 milliondan oshiqni tashkil etadi, shundan o'zbek millatiga mansub afg'oniston fuqarolarining umumiy soni to'g'risida ma’lumotlarning ba’zilarida 3-5 million deb berilsa, ba’zilarida 7-8 million deb beriladi. Afg'onistondagi o'zbeklarning soni haqida aniq ma’lumotlarning yo'qligiga asosiy sabab o‘tgan 40 yildan buyon bu yerda aholini ro‘yxatdan o’tkazish amalga oshirilmaganligidir. Bundan tashqari urush afg'on xalqini tinimsiz bir joydan ikkinchi joyga ko'chishga majbur bo'lishi bilan bog'liq.

    Afg'oniston diyori ko'p millatli bo'lsa-da, o'zbeklar o'zining milliyligini juda yaxshi saqlab qolgan deyish mumkin. Hatto O'zbekistondagi millatdoshlariga nisbatan ham milliy qadriyatlar asl holicha rivojlanib kelmoqda, deb bemalol aytishimiz mumkin. Bu hududda o‘tkaziladigan bayramlar, sayllar, to‘y va boshqa marosimlarda milliylikka katta e’tibor beriladi.

    Ayniqsa, xalq og'zaki ijodi namunalari o'zbek tilining jozibador va xilma-xil shevalarini o'zida zo'r mahorat bilan mujassam etgan:

Bu dunyoning vazfasi joq,

Zavqi minan safasi joq,

Mama xava- mamang vo'tti

Enisiman atasi joq.

Vo dunyodan bir ton kepti –

Jengi menin jag'asi joq,

Aytyappan bu termini

Birin gapning xatosi joq.

    Yuqorida keltirilgan xalq termasi namunasi o'zbeklarning “j” lovchi shevasida so'zlashadigan qabilalari orasida paydo bo'lgan bo’lsa-da, unda qarluq shevasini ham ko‘rishimiz mumkin. Demak bu yerda yashovchi turli o‘zbek urug‘lari o‘rtasida o‘zaro munosabatlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Endi bu termaga e’tibor bering:

Qoshingning qorasiga,

Xol bo'lay orasiga.

Qanday qilib chidayin,

Kuyganing nolasiga.

    Bu to'rtlik esa umuman boshqacha qarluq “Y”lovchi shevada aytilgan. Shundan ham bilishimiz mumkinki, Afg'onistonda yashovchi o'zbek millatdoshlari xilma-xil shevalarda so'zlashadilar, hatto ba’zi shevalarda fors tilining ta’sirini sezish mumkin. Masalan:

Safedi gardening doim nazarsan,

Mening xoli dilimdan bexabarsan.

Mening xoli dilim olamga mashhur,

Ilojing bo'lmasa boshingdan oshir.

    Yuqorida keltirilgan to'rtlikka e’tibor qilsangiz Alisher Navoiy, Bobur ijodi yo'nalishini his qilasiz. Umuman olganda Afg'on o'zbeklari so'zlashuv shevalari bir-biridan farq qilsa-da, ammo urf-odat marosimlari bir xildir va ular hammasi o'zlarini yagona o'zbek millati sifatida bilishadi va bundan faxrlanishadi.

    Afg'on o'zbeklarining tilida juda ko'plab shevalar mavjud bo'lib ularni yaxlit birlashtirib turuvchi adabiy til muhiti mavjud emas. Buning uchun Afg'onistonda o'zbek yozma adabiyoti va o'zbek tilidagi OAV foaliyati izchil yo'lga qo'yilishi kerak bo'ladi. Shu maqsadlarni amalga oshirish uchun markazi Kobulda bo'lgan Turkiy tilli yoshlarni quvvatlovchi “Oydin” uyushmasi tashkil etilgan. Uyushmaning asosiy maqsadi Turkiy tilli yoshlar orasida madaniyat va ma’rifatni targ'ib qilish va ularga ta’lim olishlarida imkoniyat yaratishdan iboratdir. Uyushmani asosan Turkiya davlati va ko'ngilli homiylar moddiy tarafdan qo'llab-quvvatlaydi. Shimol tarafdagi Toxor, Mozori Sharif, Saripul, Andxo'y, Maymana viloyatlarida uyushmaning bo'limlari faoliyat yuritmoqda. Uyushmaning shiori

    O'lkadoshlar bir bo'linglar, yaxshi bunyod aylaylik,

Urushda o‘lgan kishilar ruhini shod aylayik.

Kim, bukun o'lka tushubdur, boshqa asrning ichiga

Barcha naslim birlashing, o'lkamni ozod aylaylik.

    O'zbeklar Afg'onistonning tarixi, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va siyosatida muhim rol o'ynashdi. Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasidan tashqarida faqatgina Afg'oniston Islom Respublikasida o'zbek tili rasmiy davlat tili hisoblanadi. Afg‘oniston Konstitutsiyasining 1-bobidagi 4- va 16-moddalarida ko‘rsatilgan talablarga binoan, Afg‘onistonning Shimoliy vilioyatlarida O‘zbek tili, rasmiy til sifatida etirof etiladi. Shundan so'ng Universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limlari tashkil qilindi, muallim tayyorlash muassasalari ishga tushdi, o‘zbek tilida ta'lim beruvchi maktablar ochila boshlandi, o‘zbek tilida telekanallar tashkil qilindi, bir nechta radio va gazetalar ham ish boshladi.

    Hozirgi kunda o'zbek tilida “Yulduz”, “Ezgu Tuyg'u” gazetalari va “Oydin” jurnali nashr etib kelinmoda. Bundan tashqari “Oyna”, “Botir” telestudiolari ham faoliyat yuritmoqda.

    Afg'onistonda o'zbek tilida ta’lim olish uchun, asosan, mamlakatning shimoliy qismida o'zbek tilida faoliyat yuritadigan maktablar mavjud. Lekin mamlakatda o'zbek tilida ta’lim olish bir qancha qiyinchiliklarni ham keltirib chiqarmoqda, chunki oliy ta’lim asosan Pushtun va fors tillarida olib boriladi. Davlat ishlari ham shu ikki tilda yuritiladi. Yana bir asosiy muommo esa o'zbek tilida ta’lim olish uchun adabiyotlarning yetarli emasligidir. Shunday bo'lsa-da, bir qancha oliy ta’lim muassasalarida o'zbek tilida kafedralar mavjud. Oxirgi 10 yil ichida Afg‘onistonda millionlarcha yoshlar o‘zbek tilida ta'lim-tarbiya oldi. Shu kungacha minglarcha yoshlar o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlarida o‘qib, oliy ma'lumotli bo‘ldi. Afg‘onistonlik o‘zbek yoshlari chet ellarning nufuzli universitetlarida ham ta'lim ola boshlashdi. Hozirgi kunda aynan mana shu yoshlar Afg‘oniston ta'lim tizimining faol ishtirokchilariga aylanmoqda.

    Afg‘oniston maktablarida va boshqa ta'lim muassasalarida bolalarni o‘qitish uchun kerakli bo‘lgan o‘zbekcha darsliklar, ko‘pchilik hollarda, aynan, O‘zbekistonda nashr qilingan kitoblardan foydalanib tayyorlangan. Sababi o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatiga tegishli ilmiy asarlar asosan O‘zbekistonda nashr qilingan. Hattoki hozirgi Afg‘oniston hududida bir zamonlar yashab ijod qilgan shoir va ulamolarimiz bo‘lmish Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz yozgan asarlar ham O‘zbekistonda nashr qilingan kitoblar asosida Afg‘onistonlik mutaxassislar tomonidan arab imlosiga o‘girilib, o‘zbek tilida o‘qishni istagan muxlislarga taqdim etilgan.

    Lekin tabiiy va aniq fanlar, axborot texnologiyalarida o'zbekcha adabiyotlar juda kam. Afg'onistondagi o'zbek yoshlarini o'z tillarida ta’lim olishlari uchun O'zbekiston hukumati tomonidan maxsus loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida 2017-yilda Afg'oniston fuqarolarini o'qitish uchun maxsus markaz ochilgan. Markazda ta’lim olish xarajatlari to'liq O'zbekiston Respublikasi hisobidan qoplanmoqda. Bu yerda o'zbek tili va adabiyoti yo'nalishidan tashqari  pedagogika, Axborot texnologiyalari, tibbiyot, aniq fanlar yo'nalishida malakali kadrlar tayyorlanmoqda. Hozirgi kungacha markazni bitirgan minglab  millatdoshlarimiz  o'z yurtlarida jamiyatning turli sohalarida samarali faoliyat yuritishmoqda.

    Sobiq sovet davrida bizdan janubda joylashgan davlatlar bilan deyarli aloqalar o‘rnatilmadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mavjud aloqalar ham cheklab qo‘yildi. Bu narsa albatta o‘zining salbiy xususiyatini ko‘rsatdi. Qarindoshlik aloqalari uzildi. Chunki 70 yildan oshiqroq sovetlar davrida aloqalarga qo‘yilgan sun’iy to‘siqlar oqibatida qarindosh bo‘lganlar bir-biri bilan aloqani yo‘qotishdi. Oqibatda XX asr mobaynida butun dunyoda millatlar o‘rtasida integratsiya jarayonlari kuchaygan vaqtda, bizda Afg’onistondagi millatdoshlarimiz bilan o‘rtamizdagi munosabatlar biroz uzoqlashdi. Xolbuki raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekiston hududidan tashqarida yashayotgan eng ko‘p o‘zbek millatiga mansub aholi aynan Afg’on diyorida yashashmoqda.

    Mustaqillik yillariga kelib O‘zbekistonda milliy o‘zlikni anglash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Qo‘shni davlatlar bilan yaqin munosabatlar o‘rnatildi va mavjud aloqalar rirojlantirildi. Ammo Afg‘oniston hududida davom etayotgan doimiy urushlar bu yerda yashayotgan o‘zbeklar bilan aloqani har doim ham yuqori darajada rivojlanib borishiga yo‘l qo‘ymadi. To‘g‘ri, ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy aloqalar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, hozirgi kunda Afg’oniston o‘zi import qilayotgan mahsulotlarining eng katta qismi, aynan, O‘zbekiston hududidan o‘tkazilib borilishi fikrimizning isboti bo‘ladi. Lekin, oddiy odamlar o‘rtasida madaniy aloqalar o‘zora bir-birini bilish va mansublik tushunchasi hali yaxshi rivojlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, hozirgi Afg’oniston hududiga o‘zbek mediasi juda yaxshi kirib borgan: o‘zbek kinosi, musiqasi va telekanallarini Afg’onistonda juda yaxshi ko‘rishadi. Afg’onistonda siyosiy inqirozlarga qaramasdan ijtimoiy-iqtisodiy hayot tiklanib bormoqda. Afg’on xalqi ham turmush darajasini rivojlantirsh uchun birinchi navbatda tinchlikka erishish muhim omil ekanligini juda yaxshi anglab yetishdi.

    Afg’oniston o‘z temir yo‘llariga ega bo‘lish tashabbusini ham O‘zbekiston faol ravishda qo‘llab-quvvatlamoqda. Termizdan Mozori-Sharif va undan Kobul va Pokistongacha boradigan temir yo‘l qurish loyihasining ham asosiy donorlaridan biri O‘zbekistondir. Yaqinda Mozori-Sharif xalqaro aeroporti ham O‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan qayta ta’mirlanib ishga tushirib berildi. Umuman olganda, O‘zbekiston yaqin yillarda Afg’onistonga juda ko‘plab loyihalar doirasida yordam berib kelmoqda. Buning o‘ziga yarasha bir qancha sabablari bor, bosh maqsad Afg‘onistonda to‘la tinchlikka erishish va Markaziy Osiyo-Afg‘oniston integratsiya jarayonlarini tezlashtirish.

 

Oybek Azimov,

Samarqand davlat universiteti

tarix fakulteti magistri.