Xalqimizda “Tovuq – yetti xazinaning biri” degan naql bor. Darhaqiqat, tovuqlar ro‘zg‘oringizni tuxum va go‘sht bilan ta’minlab turadigan xazinadir. Uni yaxshi sharoitda parvarishlay olsangiz, xonadoningiz budjetiga yaxshigina daromad olib kelishi mumkin. Bu borada sizga zamonaviy ilm-fan yutuqlari orqali joriy etilayotgan yangi texnologiya va usullardan xabardorlik yordam beradi. Quyida ushbu parranda haqida ayrim qiziqarli faktlarni keltiramiz:

    – Tovuqlar o‘rtacha 14 km/soat tezlikda yugura oladi. Taqqoslash uchun, jismonan sog‘lom odamning yugurish tezligi - soatiga 12-15 km/soatni tashkil etadi.

    – Dunyodagi jami tovuqlar soni odamlardan ko‘p. Ma’lumot uchun, 2020-yilda sayyoramizda 20 milliard tovuq va 8 milliardga yaqin odam bo‘lgan.

    – Ayrim olimlarning fikricha, tovuqlar odamlarni taniy olish qobiliyatiga ega, ya’ni tovuq o‘z egasining ba’zi xususiyatlari: yuzi, qomati va boshqalar bo‘yicha tanishga qodir.

   – Tovuqlar ranglarni odamlarga qaraganda yaxshiroq ajrata oladi.

    – Yosh tovuqlarning tuxumi qari tovuqlarnikiga qaraganda foydali va mazali bo‘ladi.

    – Tovuqni ko‘pchilik sodda va fahmi past parranda sifatida biladi. Ularning miyasi boshqa jonivirlarnikiga qaraganda sodda tuzilishga ega bo’lsa ham, 100 ga yaqin odamlar chehrasini eslab qolishga qodir. Qolaversa, tovuq o‘z egasini 10 metr naridan turib ham taniy oladi.

    – Tovuqlarda o‘zaro muloqot qilish qobiliyati juda yaxshi shakllangan. Ular bir-biri bilan turli ovoz va qichqiriqlar bilan “gaplasha” oladi. Yana bir qiziqarli holat shundaki, ona tovuq hali tuxumdan chiqmagan jo‘jalari bilan ham har xil signallar orqali muloqot qiladi.

 

Go‘zal Normurodova
Samarqand davlat universiteti
Biologiya fakulteti magistri