Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Buning uchun yil davomida turli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash borasida ilmiy asoslangan innovatsion texnologiyalar yaratilishi maqsadga muvofiq.

    Qovunning ozuqaviylik ahamiyati nihoyatda katta bo‘lib, inson salomatligiga kuchli ta’sir etuvchi ajoyib tansiq mahsulot hisoblanadi.

    O‘zbekiston qovunlari o‘zining shirinligi, betakror mazasi, hidi, uzoq muddat saqlanishi bilan butun dunyoga mashhur.

    Hozirgi kunda poliz mahsulotlariga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda. Zotan, poliz ekinlari mahsuloti bo‘lgan qovunda inson salomatligi uchun bir qancha foydali xususiyatlar mavjud.

    Iste’molga to‘liq yetilib pishgan shirin, yoqimli mazali, xushbo‘y hidli, sershira mevasi ishlatiladi. Uni yangi uzilgan, quritilgan – qoqi, ba’zan ziravorlab sirkalangan (odatda to‘liq pishmagan mevani) holida ham iste’mol qilinadi. Mevasidan murabbo, jem, kompot pishiriladi, shuningdek shira, qovun asali va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Qovun muhim ahamiyatli, to‘yimli va shifobaxsh oziqadir.

    Xalq tabobatida qadimdan qovun turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llanib kelinadi. Undan o‘z vaqtida Ibn Sino ham ko‘p foydalangan. Meva etini bod, o‘pka sili, podagra kasalliklarini davolashda ishlatishga tavsiya etgan. Qovun qabziyat hollarda va bavosil kasalligida surgi hamda yo‘tal va yallig‘lanishga qarshi, siydik haydovchi, organizmdan gijjalarni tushiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Qovunni yumshoq eti hamda uning shirasi chanqoqni yaxshi qondiradi va nerv (asab)ni tinchlantiradi.

    O‘zbekistonda hozirgi vaqtda qovunning 160 dan ortiq navlari tarqalgan bo‘lib, ular bir-biridan tezpisharligi, hosildorligi, kasalliklarga va boshqa noqulay sharoitlarga bardoshliligi, ta’mi, saqlanuvchanligi, tashiluvchanligi, qayta ishlash va quritishga yaroqliligi kabilar bo‘yicha farqlanadi. Qovun navlari mevasining qanddorligi 10,4-14,9%gacha bo‘ladi.

    Qovun mevasi juda sershira bo‘lib (92%gacha suv saqlaydi), tarkibida 4,5-20% qandlar (saxaroza, glyukoza, fruktoza va boshqa qandlar), organik (olma, limon) kislotalar, vitamin S, V1, V2, RR, R va Ye, karotin, pantaten va foliy kislotalar, pektin, xushbo‘y va boshqa moddalar bor. Qovunni yeyiladigan yumshoq qismida ko‘p miqdorda temir, kaliy va boshqa element tuzlari bo‘ladi. Urug‘i ham biologik faol moddalar (25%dan ortiq yog‘, qandlar, oqsil va boshqa birikmalar)ga boy.

    Qovundagi suv miqdori inson organizmi uchun kerak bo‘ladigan suv balansini to‘liq qondirish xususiyatiga egaligi ham fanda va kundalik hayotda o‘z isbotini topgan. Shuning uchun ham qovunni parhez mahsulotlari qatoriga kirgizish mumkin.

    Qovun urug‘i qaynatmasi, yeydigan yumshoq qismi va meva shirasi siydik haydovchi vosita sifatida buyrak va siydik yo‘llari, o‘t haydovchi sifatida jigar, o‘t qopi va yo‘llari kasalligida ishlatishga tavsiya etiladi. Bu kasalliklarda qovunni foydasi katta.

    Qovunda yengil hazm bo‘ladigan qandlar ko‘p saqlanadi. Shuning uchun to‘lishish (semirish)ga moyil bo‘lgan va qand (diabet) kasalligi bilan og‘riydigan bemorlarga iste’mol qilish to‘g‘ri kelmaydi. Aks holda bemorning ahvoli og‘irlashadi. Shuningdek taomlarga allergiyasi bor shaxslar ham qovun iste’mol qilishdan o‘zini saqlashi lozim.

    Bundan tashqari, qovun tarkibida mavjud bo‘lgan yuqori miqdordagi karotinoidlar saraton kasalligi rivojlanishining oldini olish va to‘xtalishga yordam beradi. Qovun tarkibidagi adenozin antikoagulyanti qon parchalanishini faollashtirib, yurak va qon tomir kasalliklari, ya’ni insultning oldini oladi. Kaliy moddasi ham yurak va qon tomir faoliyati tizimini yaxshilab, gipertoniya kasalligi kelib chiqishini to‘xtatadi.

 

Vohid Lapasov,

Samarqand davlat universiteti talabasi,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi.