Yaxshi murabbiy, tinimsiz mehnat, to’g’ri harakat, ishonch, jasorat va eng asosiysi kuchli iroda bu sportchining asosiy qurolidir…

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi, og’ir atletika bo’yicha yoshlar hamda o’smirlar o’rtasidagi Jahon va Osiyo chempionati g’olibi Hojiakbar Olimov bilan suhbat…
- Sportga qanday kirib kelgansiz va og’ir atletikani tanlashingizga sabab nima?
- Bolaligimdan sportga bo’lgan qiziqish yuqori bo’lgan. Sportchilarga doim havas bilan qaraganman. 8 yoshligimda buvim zalga qo’limdan yetaklab olib kirgan. Dastlab bir yil muay tay sporti bilan shug’ullanganman. Ma’lum bir sababga ko’ra bu zal faoliyatini yakunladi. Keyinchalik do’stlarim bilan havaskor sifatida trenajor zallariga qatnay boshladim. Tosh ko’tarib, kim o’zarga poyga o’ynardik. Eng qizig’i, bu bo’yicha bizda murabbiy ham bo’lmagan. Zalda bizdan yoshi katta akalarimiz o’zlaricha turli xil usullarni o’rgatishardi. Shunday qilib og’ir atletikaga mehr qo’ya boshlaganman.
Kelajagimni shu sportda ko’ra olganim uchun ilk marta Elmurod Erkayev murabbiyligi qo’l ostida astoydil shug’ullanishga harakat qildim.
- Ilk g’alabangizni eslay olasizmi va u sizda qanday taassurot qoldirgan?
- Albatta, chamasi 10 yoshlarda edim. O’zbekiston chempionatida bronza medal sohibi bo’lganman. Bunda 38 kg. vazn toifasida ishtirok etib, 30 kg. dast ko’tarish, 45 kg. esa siltab ko’tarish mashqini bajarganman. Shunda ich-ichimdan ushbu sportni tanlaganimga yana bir karra quvonganman. Lekin mendan ko’ra buvijonim ko’proq quvongan, uchinchi o’rinni olganimni eshitib, quvonch ko’z yoshlarini tiyolmagan. Bu men uchun juda katta g’alaba bo’lgan. Shu g‘alabadan so‘ng maktabda sinfdoshlarim, ustozlarim menga havas bilan qarashni boshlagan. Undan keyin musobaqalarimiz davomiy bo’lib, viloyat, respublika chempionatlarda ishtirok etib, doim medal bilan qaytishga harakat qilardim.
- O’zbekiston terma jamoasi a’zosiz. Unga qabul qilish shartlari qanday va qachon qabul qilingansiz?
- O’zbekiston terma jamoasiga 2017-yil a’zo bo’lganman. Haqiqatdan ham O’zbekiston terma jamoasiga hammani ham qabul qilishmaydi. Buning uchun o’ziga yarasha qo’yiladigan talablar bor. Shu talablardan kelib chiqib, ya’ni bir necha marta O’zbekiston chempionatida g’olibligim va sport ustasi maqomiga ega ekanligim sabab qabul qilinganman.
- Sportdagi eng katta g’alabangiz nima? Jahon va Osiyo chempionatidagi ishtirokingiz haqida aytib bersangiz?
- Yuqorida ta’kidlaganimdek, ilk musobaqam men uchun eng katta g’alaba bo’lgan, ya’ni O’zbekiston chempionatida uchinchi o’rinni qo’lga kiritganligim. Chunki, bu musobaqa keyingi faoliyatim uchun katta yo’l ochib bergan. O’z oldimga katta maqsadlarimni qo’yishga sabab bo’lgan va meni yanada kuchliroq bo’lishga undagan.
Undan tashqari 2019-yilda Shimoliy Koreyada Osiyo chempionatida 67 kg. vazn toifasida ishtirok etib, dast ko’tarishda 125 kg., siltab ko’tarishda 154 kg. natijani qayd etib, bronza medaliga sazovor bo’lganman. 2020-yil Toshkentda Jahon chempionatida 81 kg. vazn toifasida qatnashib, 150 kg. dast ko’tarish, 180 kg., siltab ko’tarish mashqlarini bajarib, bronza medaliga ega bo’ldim. 2021-yilda esa poytaxtimizda o’tkazilgan Osiyo o’yinlarida kumush medalni qo’lga kiritganman. Joriy yilda Gretsiyaning Iraklon shahrida o’tkazilgan Jahon chemionatida 89 kg. vazn toifasida siltab ko’tarish mashqlarida 188 kg. natijani qayd etib, kumush medalni g’alabalarim safiga qo’shib qo’ydim. Undan tashqari yaqinda Toshkentda o’tkazilgan Osiyo o’yinlarida oltin va ikkita kumush medal sohibiman…
- Chempionatlarda necha kg. gacha bo’lgan toshni ko’targansiz?
- Dast ko’tarishda Gretsiyaning Iraklon shridagi Jahon chempionatda 149 kg.ni, siltab ko’tarishda esa yaqinda Toshkentda bo’lib o’tgan Osiyo chempionatida 192 kg. natijani qayd etganman. Bu mening musobaqalarimdagi eng yuqori natijalarim.
- Mashg’ulot jarayonidagi shaxsiy rekordingiz qancha?
- Mashg’ulotlarda dast ko’tarishda 155 kg., siltab ko’tarishda esa 195 kg. natijani qayd etganman.
- Ko’rinib turibdiki, mashg’ulot bilan chempionatdagi rekordlaringiz o’rtasida biroz farq bor, buni qanday izohlaysiz?
- Mashg‘ulotda qancha qiyin bo‘lsa, jangda shuncha oson bo‘ladi degan naqlni o’z shiorimga aylantirganman. Har bir chempionat oldidan tayyorgarlik jarayonlari bo’ladi. Sportchi bilan jarohatlar doim hamroh bo’lar ekan. Mashg’ulotlarda kun sayin qiyinchilik, turli xil jarohatlarga duch kelasiz. Ba’zida musobaqalarda jarohatlar bilan chiqishga to’g’ri keladi. Shu sababdan mashg’ulotdagi hisoblar bilan musobaqadagi natijalarda farq bo’lishi tabiiy. Keyin musobaqalarda vaziyatdan kelib chiqishga harakat qilamiz, ko’p holatda katta tavakkal qilinadi.
- Aynan nega Samarqand davlat universitetida o’qishni tanlagansiz va sizning bu dargoh haqidagi tassurotlaringiz qanday?
- Samarqand davlat universitetida o’qish mening orzuyim edi. Albatta, men bunga erishdim. 2020-yilda talabalik baxtiga muyassar bo’ldim. SamDU ni Markaziy Osiyo va butun Osiyoning eng ulug‘, eng qadimiy ilm-ma’rifat dargohi deb bilaman. Bu yerdagi muhit juda yaxshi. Nazariy va amaliy bilimlardan tashqari, insoniylik ilmini ham o’rganmoqdaman. Yoshlarga berilayotgan e’tibor, yaratilgan sharoitlar meni doim xursand qilgan. Musobaqalarga chiqqanimizda doim bizni qo’llab-quvvatlab kelishadi. Qaysidir ma’noda men bundan motivatsiya olaman. Buning uchun SamDU rekroti, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovga minnatdorchilik bildiraman. Samarqand davlat universiteti men uchun juda qadrli va bu yerda ta’lim olayotganimdan g’ururlanaman, faxrlanaman.
- Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Buyuk maqsad sari ulkan rejalarni amalga oshirishni niyat qilganman. Jahon chempionatida mutloq g’oliblikni qo’lga kiritmoqchiman. 2028-yilda AQSH ning Los-Anjeles shahrida o’tkaziladigan Olimpiada o’yinlarida chempion akalarim, Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo’rayevlar kabi ishtirok etib, yurtimiz sharafini yuksaklarga ko’tarmoqchiman. Shuningdek, jahon va olimpiada rekordini yangilash niyatim bor.
- Siz uchun sport qachongacha davom etadi?
- Sport hayotimga aylangan, o’zimni sportsiz tasavvur qilolmayman. Qachondir sportdagi faoliyatim tugashi mumkin, lekin men uchun sport tugamaydi. Men doim sport bilan birga yashashda davom etaman.
- Hayotda siz uchun nima qadrli?
- Hayotda yurtimiz, oilam tinchligi va ularning baxtli yashashi men uchun eng qadrlisidir.
- Bo’lajak chempionlarga tavsiyalaringiz?
- Hayotda maqsad bilan yashash kerak, sportda turli xil qiyinchilik, to’siqlar uchrab turadi. Bularni yengish yarim maqsadga erishishdir. Yaxshi murabbiy, tinimsiz mehnat, to’g’ri harakat, ishonch, jasorat va eng asosiysi kuchli iroda bu sportchining asosiy qurolidir. Mana shularga ega bo’lgan sportchi haqiqiy chempiondir.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Behruz SHAMSIDDINOV suhbatlashdi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.