“Hayot shaxmatga o‘xshaydi. Oqibatlarini bilmay turib harakat qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak...”

Samarqand davlat universiteti talabasi, Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchisi Marjona Malikova bilan suhbat
-Nega aynan shaxmatni tanlagansiz?
-Shaxmat bilan 9 yoshimdan buyon shug‘ullanib kelaman. Kichkinaligimda ota-onam birga shaxmat o‘ynardi. Ularning dona surishlarini tomosha qilib o‘tirarkanman, bu oq-u qora kataklar menga allaqanday sirli va mo‘jizali tuyilardi. Keyin maktabga chiqdim. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurganimda maktabimizda shaxmat to‘garagi ochildi. Ustozimning tavsiyasi bilan shaxmatga qatnay boshladim.
-Eng birinchi g‘alabangiz yodingizdami?
-9 yoshimda viloyat chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Shu ilk g‘alabam bo‘lgan.
-Muvaffaqiyatingizning siri nimada?
-Yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi.
-Mag‘lubiyatni qanday qabul qilasiz?
-Mag‘lubiyat avvalo o‘yin tugaganini bildiradi. Ya’ni, siz mag‘lub bo‘ldingizmi, endi ushbu o‘yin ishtirokchisi bo‘lolmaysiz. Qayd etib o‘tish kerakki, har bir o‘yin bir marta bo‘ladi. Ehtimol yana o‘ynashingiz mumkin, lekin oldingi vaziyatda, oldingi holatda o‘ynolmaysiz. Shuning uchun mag‘lubiyatga birdan ko‘nikishim qiyin.
-O‘zbekiston terma jamoasiga qachon qabul qilingansiz?
-Terma jamoaga 2021 yilda kirganman. Ayollar o‘rtasida Oliy ligada ishtirok etib, kuchli oltitalik qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘ldim. Shundan keyin O‘zbekiston tyerma jamoasi a’zoligiga qabul qilindim. Ungacha ham 2019 yilda Osiyo chempionatida rapid yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edim. Shundan keyin menga xohlagan oliy ta’lim muassasasiga imtihonsiz o‘qishga kirish imtiyozi berildi. Men Samarqand davlat universitetini tanladim. Sababi, Samarqand mening ona shahrim. Qolaversa, mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari, fan va davlat arboblari ushbu universitetdan yetishib chiqqan. Samarqand davlat universitetining mamlakatimiz taraqqiyoti uchun foydali kadrlar tayyorlashda hissasi katta. Men unda kelajagimni ko‘ra olaman. Kelusida magistraturani ham shu yerda davom ettirmoqchiman.
-Jahon chempionatidagi ishtirokingiz haqida ham aytib o‘tsangiz.
-Oliy ligada o‘rin olgan 5 o‘rin sohiblari jahon chempionatiga tanlab olingan. Men ushbu musobaqada to‘rtinchi o‘rinni olgan edim. Shundan keyin olimpiadaga tayyorgarlik boshlandi. Kuchli va puxta tayyorgarlikdan so‘ng Chennayga yo‘l oldik. Ilk bor ganalik o‘yinchi bilan o‘ynadim va g‘olib bo‘ldim. Undan keyin Amerika jamoasi bilan o‘ynadik. Bu gal g‘alabani boy berdim. Dominikan Ryespublikasi jamoasiga qarshi dona surganimda g‘oliblik menga nasib qildi. Umumiy hisobda qizlar jamoasi 11 turdan 7 tasida g‘olib bo‘ldik.
-Sport siz uchun nima?
-Shaxmat men uchun ikkinchi hayot.
-Sportni tark etish haqida o‘ylagan vaqtingiz bo‘lganmi, agar bo‘lsa nega?
-Bo‘lgan. Zerikish, men bilan shug‘ullanadigan dugonalarimning yo‘qligi sabab bir yilcha shaxmat bilan shug‘ullanmadim. Ammo hayotimda nimadir kamday tuyilaverdi. Keyin shaxmatsiz yashashim mumkin emasligini anglab yetdim va shaxmatga qaytdim.
-Sport sizga avvalo nima berdi?
-Oila, do‘stlar va shu paytgacha nimaga erishgan bo‘lsam shularning eng yaxshisini berdi. Terma jamoadagi har bir ishtirokchi bilan bir oila vakili kabimiz.
-Bugungi O‘zbekistonda shaxmat sporti qay darajada rivojlanyapti deb o‘ylaysiz?
-Maktablarda alohida shaxmat darslari qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi. Bolalar boshlang‘ich sinflardan boshlab shaxmat bilan shug‘ullanishlari kerak. Shaxmat – aql mashqi, bolalarda mantiqiy fikrlashni va dunyoqarashni rivojlantirishda eng yaxshi vosita.
-Kelajakdagi rejalaringiz?
-Hozirda 5-15 sentyabr kunlari Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan Gʻarbiy Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapman. Jahon grossmeysterligi unvonini olish asosiy maqsadim. Kelajakda agar professional shaxmatdan ketsam, faoliyatimni trener sifatida davom ettirishim ham mumkin.
-Qaysi rangdagi dona bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rasiz?
-Oq rang bilan o‘ynash yoqadi. Jahon chempionatida ko‘proq qora rangga tushib qoldim. Shuning uchun mag‘lubiyatni shundan ko‘rgan vaqtim ham bo‘ldi.
-Hayotni shaxmat deb olsak, qaysi figura bo‘lishni xohlardingiz?
- Hayot shaxmatga o‘xshaydi. Oqibatlarini bilmay turib harkat qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Agar hayotni shaxmat deb olsak, men ot figurasi bo‘lishni xohlardim. Chunki, u boshqa donalarga nisbatan o‘zgacha harakat qiladi. Uning yurishini hech bir dona takrorlay olmaydi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi