Samarqand davlat universiteti rektori Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidentligiga saylandi…
“Oltoy – Osiyo” V xalqaro ta’lim forumi doirasida Rossiyada Osiyo universitetlari Assotsiatsiyasining Kongressi o‘tkazildi. Anjumanda assotsiatsiyaga kiruvchi 8 davlatdan (O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Armaniston ) 72 ta universitetning rektor va prorektorlari, jami 112 delegat ishtirok etdi.
Ushbu forumda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov onlayn ishtirok etdi. Shuningdek, SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov maʼruzasi bilan qatnashdi.
Uchrashuvda 2020-2022-yillardagi ishlarni sarhisob qilish, assotsiatsiyaning yangi aʼzolarini qabul qilish va tasdiqlash, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti va vitse-prezidentlarini saylash va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov Osiyo universitetlari Assotsiatsiyasining prezidenti etib saylandi. Assotsiatsiyaga prezidentlik lavozimining muddati ikki yil bo‘lib, 2022-2024-yillarni o‘z ichiga oladi…
Rustam Xolmurodov anjuman qatnashchilarini ish rejasi bilan tanishtirdi. Unda Osiyo mamlakatlarida assotsiatsiyani institutsionalizatsiya qilish va universitetlarning ishga jalb qilinishini kuchaytirish, assotsiatsiyaga yangi ishtirokchilarni kiritish hamda hamkorlik geografiyasini kengaytirish, qo‘shma o‘quv dasturlarini taqdim etish, tadbirlar ro‘yxatini tasdiqlash masalalari ko‘rsatilgan.
Osiyo universitetlari Assotsiatsiyasining prezidenti, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov IT texnologiyalar, agrobiotexnologiyalar sohasini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish, mintaqalardan kelib chiqib, ekologik muammolarni bartaraf etish yuzasidan Osiyo universitetlari Assotsiatsiyasi tarkibidagi universitetlar o‘rtasida ilmiy guruhlar tuzish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish va ilmiy maʼlumotlar almashish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish yuzasidan takliflarni ilgari surdi.
Bu g‘oyalar nafaqat taʼlim sifatini yaxshilash, balki zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, yuqoridagi 72 universitet o‘zaro hamkorlikni doimiy yo‘lga qo‘yish imkoniyatini beradi.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.