Samarqand davlat universitetida “Vatan himoyasi muqaddas burch” mavzusida tasviriy san’at ko‘rgazmasi o’tkazildi…
14-yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetida “Vatan himoyasi muqaddas burch” mavzusida tasviriy san’at ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda san’atshunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi Jamoliddin Rahmatov o‘zining 100 dan ortiq san’at asarlari bilan qatnashdi.
Ijodkorning asarlari o‘ziga xosligi, jozibadorligi, alohida yo‘nalishga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
- Jamoliddin Rahmatov har jabhada o‘rnak olsa arziydigan ustoz, - deydi Samarqand davlat universiteti san’atshunoslik kafedrasi mudiri Nigina Mullajonova. - Ijodkorning hayot va ilmiy faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bir necha yillar Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilgan. O‘z kasbiga sadoqat bilan qaraydigan, vatanparvar inson. Shu bilan birgalikda serqirra ijodkor, mohir rassom, mahoratli o‘qituvchi. Shu kunga qadar mingga yaqin ijod namunalari yaratgan. Musavvir Jamoliddin Rahmatovdan Samarqand davlat universitetida rassomchilik yo‘nalishinining rivojlanishi uchun bir qator ijodiy yangiliklar kutib qolamiz.
- Bugungi onlayn san’at ko‘rgazmamizda Jamoliddin Rahmatovning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishdim, suhbat qurdim, o‘zaro fikr almashdik, - deydi san’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Sharif Oydinov. – Ijodkor, asosan, grafika yo‘nalishida o‘zining ishlarini davom ettirmoqda. Mumtoz klassik adabiyoti namunalaridan, xususan o‘zining kompozitsiyasidan kelib chiqqan holda Alisher Navoiy asarlari syujeti ustida ko‘plab ijod namunalari yaratgan. Bu shaxsning aynan shu turdagi asarlarni yaratishi, qaysidir ma’noda adabiyotdan, Navoiy va uning durdonalaridan boxabarligi tahsinga sazovor. Uning ijodiy ishlarini nafaqat respublika, balki xalqaro miqiyosdagi anjuman va ko‘rgazmalarda kutib qolamiz. Shu bilan birgalikda, ijodkorga kelgusi ishlarida muvaffaqiyat va zafarlar tilab qolamiz…
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.