1894-yilda Belgiyada ishlab chiqarilgan “Acier universel” markali qurol qoldig‘i topildi…
Jahongir O‘roqboyev Payariq tumani “Katta Sayidov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Sohib ota” qabristoni atrofida mol boqib yurgan vaqtida zax ariq ichida yotgan temir bo‘lagiga ko‘zi tushib qoladi. Jahongir tarix va arxeologiya mutaxassisligida tahsil olayotganimni bilgani bois, topilgan ashyoni menga olib kelib ko‘rsatdi. Ikkovimiz bamaslahat topilmani Samarqand davlat universiteti Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga topshirdik.
Aniqlik kiritish maqsadida u muzey xodimlari tomonidan ro‘yxatga olindi. Topilmani zang va chirindi qoplamasidan tozalash uchun mutaxassislarga topshirildi. Aniqlanishicha u 1894-yilda Belgiyada ishlab chiqarilgan, “Acier universel” markali qurol qoldig‘i ekan. O‘qotar qurol Belgiyaning Seran shahridagi “Kokerilya” zavodida ishlab chiqarilgan. Ma’lumki, Fransiya va Angliya davlatlari Afg‘oniston hududi orqali o‘zbek milliy ozodlik harakati yo’lboshchilarini zamonaviy miltiqlar bilan ta’minlab turgan. Yana bir tomoni o‘sha payt Chor Rossiyasi ham Belgiyadan sotib olgan qurollarni 100 rubldan sotishni yo‘lga qo‘ygan edi. Qarshi harakatlar natijasida o‘qotar qurollar qo‘lga kiritilgan bo‘lishi ham mumkin.
XIX asrning oxirlarida Belgiyadagi qurol-yarog‘ zavodida o‘n ming dona ov quroli tayyorlangan. 1900-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Butunjahon ko‘rgazmasida zavod oltin medal bilan taqdirlangan. Ov qurolining qo‘ndoq qismi yog‘och materialidan yasalganligi sababli yer ostida chirindiga aylangan. Uning stvoli yupqa metaldan bo‘lganligi tufayli bizgacha yetib kelmagan, faqatgina qalin po‘latdan yasalgan mexanizm qismi saqlanib qolgan. Qurol qaysi yo‘l bilan “Sohib ota” qabristoni hududiga kelib qolganligi bizga noma’lum. Ammo ayrim ilmiy farazlarga ko‘ra bu joy o‘rnida avval shahar bo‘lgan. Bu yerdan sopol buyumlar qoldiqlari, metaldan yasalgan sak qabilalariga tegishli o‘q-yoyning uchi, o‘rta asrlarga oid loydan tayyorlab olovda pishirilgan bo‘lagi topilgan. Sobiq ittifoq davrida bu yerdan odamlarni ko‘chirib, o‘ziga to‘q dehqonlardan yerlarini tortib olib, paxta maydonlariga aylantirgani tarixdan ma’lum.
Hamza Ishquvvatov,
SamDU tarix fakulteti magistranti.