Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti xorijiy til va adabiyot yo’nalishidagi 313-guruhning 8 nafar talabasi ingliz tili bo’yicha B2 milliy sertifikatlariga ega bo’ldi. Ahamiyatli tomoni shundaki, talabalar repititorga qatnab emas, darsda olgan bilimlari evaziga bu natijani qo’lga kiritishgan.

    - Ikki yildan buyon ushbu guruhga dars o’tmoqdaman. Talabalar harakatchan, ilm olishga ishtiyoqi baland, - deydi SamDU ingliz tili kafedrasi katta o’qituvchisi Komila Mahkamova. – Birinchi yili dars rejasiga qarab haftasiga 3, ikkinchi yili esa 1marta “Asosiy o’rganiladigan til” fanidan 4 asosiy ko’nikma ustida ishladik. Talabalarning grammatik qoidalarni bilishi juda yaxshi, ammo gapirish, yozish va tinglab tushunishi nisbatan pastroq, ya’ni A2 darajada edi. Ko’proq kommunikativ metoddan foydalandik. Shuningdek, IELTS materiallari ustida ishladik. Guruhimiz 15 kishidan iborat, o’quvchilarning 10 nafari imtihon topshirdi. Shundan 8 tasi B2 milliy sertifikatga ega bo’ldi.  Talabalar bilan yanada yaxshiroq ishlashga va 100 foiz C1 natijani qo’lga kiritishga harakat qilamiz…

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.