“Korrupsiyaning farovon kelajagimizga xavfi”…
Samarqand davlat universitetida shu mavzuda davra suhbati o’tkazildi. Tadbirda “Korrupsiyasiz kelajak” tashkiloti vakili Mo’min Shukurov, Samarqand shahar prokurorining yordamchisi Jafar Sharopov va Samarqand IIB xodimi, podpolkovnik Murodullo Kattaqulovlar ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Seminar ochiq muloqot shaklda o’tib, talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shuningdek, ta’lim tizimida shaffoflikni ta’minlash uchun keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
- Korrupsiya ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to’g’anoq bo’ladi. Aynan shu illat sababli ko’plab davlatlarning inqiroziga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum, - deydi Samarqand shahar prokurori yordamchisi Jafar Sharopov. - Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlilik va investitsiya muhitini yaratib bo’lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog’i rivojlanmaydi…
Tadbir davomida korrupsiyaning oqibati nimalarga olib kelishi hayotiy misollar bilan keltirildi.
Shuningdek, Samarqand davlat universitetida o’tkazilgan “Biz korrupsiyani birgalikda yengamiz” mavzusidagi insholar tanlovi g’oliblari taqdirlandi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.